Jahon | 17:08 / 28.03.2025
20783
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga burish g‘oyasini tiklash taklif etildi

G‘oya o‘tgan asrning 20-yillarida tug‘ilgan bo‘lib, Irtish, Ob, Tobol va boshqa daryolar oqimini chuchuk suvga juda muhtoj hududlar – Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistonga qayta taqsimlashdan iborat edi.

Foto: Getty images

Qirg‘iziston Xavfsizlik Kengashi kotibi Marat Imonqulov Sibir daryolarini Markaziy Osiyo mamlakatlariga burish loyihasining dolzarbligini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligini aytdi. U shunday fikrni 27 mart kuni Bishkekda suv diplomatiyasi muammolari muhokama qilingan davra suhbatida bildirdi.

Imonqulov o‘tgan asrning 20-yillarida Sovet Ittifoqida «Sibir daryolarining burilishi» loyihasi muhokama qilinganini esladi. Loyihaning asosiy g‘oyasi Irtish, Ob, Tobol va boshqa daryolar oqimini chuchuk suvga juda muhtoj hududlar – Qozog‘iston, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistonga qayta taqsimlashdan iborat edi.

Imonqulov so‘zlariga ko‘ra, bu chora-tadbirlar Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik ofatning oldini olishga qaratilgan. Loyiha qishloq xo‘jaligi uchun sharoitlarni yaxshilashi, kemalar harakatini tiklashi, baliqchilik uchun yangi shart-sharoitlar yaratishi va iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilgan edi.

«Biroq loyiha qimmatligi, amalga oshirishning murakkabligi va ekspertlar va jamoatchilik tomonidan tanqid qilinganligi sababli amalga oshirilmadi. Shunga qaramay, loyiha atrof-muhit va suv resurslari muammolari bo‘yicha keyingi tadqiqotlar va muhokamalar uchun yangi yo‘nalishlarni ko‘rsatdi. Suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bu g‘oyaning dolzarbligini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lar edi», dedi Imonqulov.

Qirg‘iziston Xavfsizlik Kengashi kotibining qo‘shimcha qilishicha, ortiqcha suvni bir mintaqadan ikkinchi mintaqaga yetkazish zamonaviy quvur tizimlari orqali amalga oshirilishi mumkin, bu esa atrof-muhitga ta’sirni kamaytiradi va yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

Imonqulov Qirg‘iziston ham Orol dengizini saqlab qolishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bishkek Qozog‘istonga suv yetkazib berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarib, uning tanqisligini kamaytirishga yordam bermoqda va shu orqali Orol dengizini avvalgi holatiga qaytarishga ko‘maklashmoqda.

«Agar biz Orol dengizini saqlab qolsak, demak, biz butun mintaqa iqlimini o‘zgartirishimiz, uni muvozanatlashimiz mumkin», dedi u.

Mavzuga oid