Jahon | 00:46 / 27.03.2025
8982
4 daqiqa o‘qiladi

The Atlantic Tramp jamoasining Yamanga hujumni muhokama qilgan chatiga oid yangi skrinshotlarni e’lon qildi

Yozishmalardan ko‘rish mumkinki, Pentagon rahbari qiruvchi samolyotlar husiylarga qarshi missiya boshlaganidan 31 daqiqa oldin ular uchib ketgani haqida yozgan. Mayk Uols bo‘lsa, nishonlar yakson qilingani bo‘yicha batafsil ma’lumot bergan.

Foto: Getty Images

AQSh hukumatining yuqori martabali amaldorlari Yamandagi husiylarga zarbalar berilishidan oldin Signal messenjerida hujumni muhokama qilganiga oid yangi skrinshotlar e’lon qilindi. The Atlantic bosh muharriri Jyeffri Goldberg ushbu chatga tasodifan qo‘shilib qolgan edi.

E’lon qilingan yangi skrinshotlarga ko‘ra, Pentagon rahbari Pit Xegset Amerikaning F-18 qiruvchi samolyotlari missiya boshlanishidan 31 daqiqa hamda rejalashtirilgan nishon yakson qilinishidan ikki soat oldin havoga ko‘tarilgani haqida xabar yuborgan.

Keyinroq milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uols chatda hujum natijalari haqida batafsil ma’lumot bergan. «Birinchi nishon — ularning raketalar bo‘yicha bosh mutaxassisi — u o‘zining sevgilisi yashaydigan binoga kirganini aniqladik va u qulab tushdi», — deyiladi skrinshotda.

Foto: The Atlantic
Foto: The Atlantic
Foto: The Atlantic
Foto: The Atlantic

O‘z navbatida Xegset quyidagi mazmundagi xabarni yuborgan: «Ajoyib ish, bo‘ldi. Bugun kechqurun yana bir nechta zarba, ertaga to‘liq hisobot bo‘ladi. Hozircha hammasi reja bo‘yicha, nishonlarga aniq zarbalar berilmoqda va hozircha hammasi yaxshi».

The Atlantic’ning qayd etishicha, Goldbergning ushbu chatga nima sababdan qo‘shilib qolgani hanuz noma’lumligicha qolmoqda.

Goldberg 24 mart kuni tasodifan AQShning husiylarga qarshi operatsiyaga oid rejalari muhokama qilingan chatga qo‘shilib qolganini ma’lum qilgandi. Chatda 18 kishi bo‘lgan, ular orasida Uols, Xegset, davlat kotibi Marko Rubio, vitse-prezident Jyey Di Vens va Oq uyning boshqa vakillari ham bor. Pentagon rahbari ushbu chat orqali harbiy rejalar yuborilganini rad etdi. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi, biroq Goldbergni tanimasligini va uning raqami ham o‘zida bo‘lmaganini ta’kidladi. AQSh prezidenti Donald Tramp Uols bundan xulosa chiqarganini ma’lum qildi.

The Guardian nashrining yozishicha, AQShdagi milliy xavfsizlik va razvedka sharhlovchilari, ekspertlar davlat maxfiy harbiy rejalarining bunday tijoriy chatlarda muhokama qilinishini jiddiy tanqid ostiga olmoqda. Ularning nazdida bu operatsion xavfsizlikning misli ko‘rilmagan buzilishi. Harbiy operatsiyalar Signal orqali muhokama qilingani Shpionaj to‘g‘risidagi qonunga va davlat hujjatlarini saqlash tartibiga ham zid bo‘lishi mumkin. Chunki rasmiylar faqat himoyalangan, maxsus davlat kanallari orqali muloqot qilishi shart edi.

O‘z navbatida Kongressdagi demokratlar The Atlantic nashri bosh muharririga Yamanga zarba berishni muhokama qilgan yuqori lavozimli rasmiylar bo‘lgan chatga kirish imkoni taqdim etilgani tufayli messenjerlar orqali maxfiy ma’lumotlar uzatganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etishni taklif qildi.

Mavzuga oid