«Koykalar yetishmayapti». Ukrainaga bostirib kirgan rossiyalik harbiylar orasida silga chalinganlar kasalxonalarni to‘ldirdi
Shifokorlarning aytishicha, ilgari harbiy gospital deyarli bo‘sh bo‘lgan, har qavatda eng ko‘pi bilan 10 nafar bemor yotgan. Endi esa kasalxonaga yotish uchun navbatlar paydo bo‘lgan, joy yetishmayapti.

Foto: TASS
Ukrainadagi urush Rossiyada iqtisodiy va ijtimoiy falokatlarni yuzaga kelitirishdan tashqari, epidemiologik vaziyatni ham sezilarli darajada yomonlashtirmoqda. Gap koronavirus emas, balki hukumat tomonidan «unutib qo‘yilgan» sil haqida ketmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, RF ushbu kasallikka chalinish holati bo‘yicha Yevropa davlatlari orasida yetakchi hisoblanadi.
Qayd etilishicha, rossiyaliklar orasida infeksiyaga chalinish holatlarining sezilarli darajada oshishiga Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilar hissa qo‘shmoqda — ular harbiylar uchun mo‘ljallangan sil kasalliklari gospitalini to‘ldirib yuborgan.
Gap Moskva yaqinida joylashgan Burdenko nomidagi harbiy gospitalning 12-filiali haqida ketmoqda. Nashr suhbatdoshlaridan biri, ilgari FSINda ishlagan va 2022 yilda safarbarlikka jalb shaxs frontda kasallik qaytalangach, ushbu sil dispanseriga tushganini aytgan. U bu yerda to‘rt oy davolangan. Ta’kidlanishicha, o‘sha vaqtda kasalxonada «sil kasalligiga chalingan mingga yaqin harbiy» davolangan. «U yer to‘lib ketgan edi, shuning uchun qat’iy tartib o‘rnatilgan. Kimki spirtli ichimlik iste’mol qilishni boshlasa, shunchaki haydab chiqarishardi», — deydi suhbatdosh. Unga ko‘ra, muassasani har kuni bir necha kishi tark etgan — hatto kasallikning ochiq shakliga chalinganlar ham.
Erkakning so‘zlariga ko‘ra, frontdagi sil epidemiyasi u yerga mahbuslar kelganidan keyin boshlangan: «Koloniyalarda sil kasalligi juda keng tarqalgan, har uchinchi mahbus unga chalingan. Ular ommaviy ravishda urushga kelganida esa… Shifokorlarning aytishicha, ilgari gospital deyarli bo‘sh bo‘lgan, har qavatda eng ko‘pi bilan 10 nafar bemor yotgan. Endi esa kasalxonaga yotish uchun navbatlar paydo bo‘lgan, joy yetishmayapti».
O‘zini bemorlardan birining turmush o‘rtog‘i sifatida tanishtirib, muassasa bilan bog‘langan jurnalistga ham gospitalda joylar to‘lganini tasdiqlashgan.
Rossiyaning turli hududlariga urushga yuborilgan yana bir necha nafar harbiy xizmatchi to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tmaganliklarini bildirgan. Ulardan ba’zilari ilgari sil kasalligini boshidan kechirgan bo‘lsa, boshqalari esa okoplardagi namlik, sovuq va kasallangan askarlar bilan birga bo‘lish natijasida silga chalingan.
Huquq faoli Artem Kliganing ta’kidlashicha, hozirda Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish faqat ochiq shakldagi sil kasalligiga chalinganlarga taqiqlangan. «Agar sil davolangan deb hisoblansa yoki tibbiy komissiya bu haqda bilmasa, shuningdek, odamning o‘zi bu ma’lumotni yashirsa, u bemalol armiyaga olinishi mumkin», — deydi u. Sil bilan kasallanganlarning huquqlarini himoya qiluvchi jamoat tashkiloti rahbarining so‘zlariga ko‘ra, agar urushdan kasallangan askarlar potensial sulhdan so‘ng ommaviy ravishda uyga qaytsa, «fuqarolik» hayotida sil kasalligining tarqalishi kuchayadi. Chunki armiya tark etilganida yetarlicha sanitariya nazorati ta’minlanmaydi va ular o‘z yaqinlarini ham kasallikka chalinish xavfi ostida qoldiradi.
JSST hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda Rossiya silga chalinishning yangi holatlari bo‘yicha Yevropa davlatlari orasida yetakchiga aylangan — 55 mingdan ortiq odamda ushbu kasallik qayd etilgan.
Mavzuga oid

22:16 / 29.03.2025
Rossiyada qarovsiz qolgan o‘zbekistonlik bolalar vatanga qaytarildi

11:03 / 29.03.2025
SSJ-100 halokati: Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi mas’uliyatni ekipajga yukladi

09:30 / 29.03.2025
Vens Daniya hukumatini Grenlandiyani Rossiyadan «yetarli himoya qilmayotgani» uchun tanqid qildi

08:30 / 29.03.2025