Jahon | 21:07 / 27.03.2025
14290
9 daqiqa o‘qiladi

Belgorod oblastidagi janglar va evakuatsiya: nimalar bo‘lmoqda?

Foto: Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari Belgorod oblastiga bostirib kirganidan bir hafta o‘tgach, u yerda harbiy harakatlar kuchaymoqda, tomonlar qo‘shimcha kuchlarni jalb qilmoqda. Rossiya mudofaa vazirligi avvalroq Ukrainaning barcha hujumlari qaytarilgani haqida bayonot bergandi, biroq rossiyalik harbiy blogerlar va mahalliy rasmiylar vaziyatni murakkab deb baholagan. Belgorod oblasti rahbarining aytishicha, hududida janglar ketayotgan Krasnoyarujskiy rayonining deyarli barcha aholisi evakuatsiya qilingan.

Rossiya-Ukraina frontining ushbu yangi uchastkasida nimalar sodir bo‘layotgani haqida – BBC sharhida.

Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi odatda hujum amaliyotlari qanday kechayotganini juda kam izohlaydi, Belgorod oblasti bilan bog‘liq vaziyatda esa umuman izoh bermayapti.

Rossiya mudofaa vazirligi ham Belgorod oblasti hududidagi vaziyatni kam yoritmoqda. 18 mart kuni Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya mudofaasini yorib o‘tishga birinchi urinishlari haqida ma’lum bo‘lgach, harbiy rahbariyat barcha hujumlar qaytarilgani, davlat chegarasini kesib o‘tishga yo‘l qo‘yilmagani haqida bayonot bergandi.

«Belgorod yo‘nalishida „Sever“ qo‘shinlari guruhi bo‘linmalari tomonidan Sumi oblastining Ugroyedi, Miropole va Krasnopole aholi punktlari hududlarida Ukraina qurolli kuchlarining ikkita mexanizatsiyalashgan brigadasi, hujum polki va hududiy mudofaa kuchlari brigadasining jonli kuch va texnikasi to‘plangan joylarga zarba berildi», – deyiladi vazirlikning 25 mart kungi hisobotida.

Avvalgi ma’lumot bilan solishtirganda, bu xabarda Ukrainaning bitta aholi punkti nomi tushib qolgan va Ukraina tomoni yo‘qotishlari haqidagi ma’lumotlar boshqacha edi.

Evakuatsiya

Shu bilan bir vaqtda rossiyalik harbiy blogerlar Belgorod oblastidagi murakkab vaziyat haqida xabar bermoqda, mahalliy OAV allaqachon ikkita hudud – Krasnoyarujskiy va Rakityanskiy rayonlari shiddatli o‘qqa tutilgani haqida yozmoqda, internetda infratuzilma inshootlari vayron bo‘lgani aks etgan tasvirlar paydo bo‘lgan.

Region rahbari Vyacheslav Gladkov 23 mart kuni Belgorod oblastining Krasnoyarujskiy rayonida yashovchi ayolining aksar qismi – «amalda barchasi» evakuatsiya qilinganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, evakuatsiya Rakityanskiy rayoni aholisining ham bir qismini qamrab olgan. Gladkov xavfsiz joylarga olib ketilganlarning jami soniga aniqlik kiritmagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil boshida Krasnoyarujskiy rayonida 13,8 ming kishi yashagan.

Demidovka uchun janglar

Belgorod oblasti g‘arbidagi og‘ir janglar haqida turli harbiy manbalar alohida tafsilotlarsiz xabar bergan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari chegara hududdagi Demidovka va Popovka qishloqlarining bir qismini egallab olishga muvaffaq bo‘lgan – bu manzillar chegaradan mos ravishda uch va bir kilometr masofada joylashgan.

«Belgorod yo‘nalishida Demidovka hududida to‘qnashuvlar davom etmoqda. Ukraina bo‘linmalari Popovka posyolkasi va RF qurolli kuchlarining chegara ortidagi tayanch punktlariga yorib o‘tishga uringan, bu esa uchastkada bosim saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi. Vaziyat ob-havo sharoiti tufayli murakkablashgan – so‘nggi kunlarda har ikki tomonning uchuvchisiz uchish apparatlari faolligi pasaydi.

«Ayni paytda Ukraina qurolli kuchlari zaxiralarni Krasnoyarujskiy rayoni yo‘nalishiga o‘tkazmoqda, bu hujum zonalarini kengaytirishga urinish ehtimolidan dalolat beradi», – deb yozadi Military Analitics telegram-kanali.

«Belgorod oblasti. Demidovkada janglar ketyapti. Dushman nazorat zonasini kengaytirishga urinishdan to‘xtamayapti», – deya tasdiqlaydi Z-bloger WarGonzo.

«Primorelik chegarachilar otryadi uchun og‘ir komandirovka, afsuski, Belgorod oblastining Krasnoyarujskiy rayonida qurolli bosqinni qaytarish chog‘ida yigitlarda yo‘qotishlar bor», – deb yozgandi bir kun avval «Starshiy pogrannaryada» telegram kanali.

«Ayni vaqtga kelib ularning barchasi evakuatsiya qilindi, yaradorlar orasida og‘ir ahvoldagilar ham bor. Tayanch hududga kiraverish yo‘llari ko‘milib ketgandi, shuning uchun chegarachilarimizga yordamga yetib kelgan 128-brigada yigitlari amalda qo‘llari bilan yo‘llarni tozalab o‘tishgan.

Pozitsiya bo‘ylab dushman tanki ishlayotgani va „Baba Yaga“ doimiy ravishda uchib kelib, snaryad tashlayotgani evakuatsiyani qiyinlashtirdi. Pozitsiya boy berilmadi, aksincha, Rossiya mudofaa vazirligining yetib kelgan bo‘linmalari tomonidan kuchaytirildi», – deyiladi xabarda.

Rossiyalik harbiy blogerlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari nisbatan kichik guruhlar bo‘lib harakat qilmoqda, ular o‘rmonzorlarga kirishga va mustahkamlanishga harakat qilmoqda.

Tashabbusni qo‘lga olishga urinishmi?

Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) ixtiyoridagi geolokatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Belgorod oblastida Popovkadan Prilesyagacha bo‘lgan hududda hujum qilmoqda. Ushbu rus qishloqlari o‘rtasidagi masofa to‘g‘ri chiziq bo‘ylab taxminan 12 kilometrni tashkil qiladi, ammo chegara chizig‘ining egri chiziqlarini hisobga olgan holda to‘qnashuv chizig‘ining uzunligi ancha katta.

ISW xaritasida Ukraina qo‘shinlarining ushbu hudud bo‘ylab, garchi juda kichik chuqurlikda bo‘lsa-da, oldinga siljishi qayd etilgan. Katta ehtimol bilan, aksariyat joylarda gap Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududini egallab olishi haqida emas, balki chegara bo‘ylab har ikki tomon nazoratida bo‘lmaydigan kulrang zonani shakllantirish haqida ketmoqda.

Ukrainaning DeepState tahliliy portali xaritasida Ukraina qurolli kuchlarining oldinga siljishi faqat Popovka va Demidovka hududida qayd etilgan.

«Dushman sanitariya zonasini yaratish uchun Sumida (Basovka va Vladimirovka yaqinida) chegarani yorib o‘tishga harakat qilmoqda. Shunga ko‘ra, Mudofaa kuchlari ham tashabbus dushman tomoniga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun simmetrik harakat qilmoqda», – deb yozadi DeepState.

Ikkinchi darajali yo‘nalish

O‘tgan yil avgust oyida Ukraina qo‘shinlari bostirib kirgan Kursk oblastidan farqli o‘laroq, Ukraina qurolli kuchlarining hozirgi zarba yo‘nalishi istiqbolli ko‘rinmaydi. Kursk oblastida bir vaqtning o‘zida bir nechta yirik aholi punktlari, jumladan, atom elektr stansiyasiga ega Kurchatov shahri, shuningdek, oblast markazining o‘zi potensial tahdid ostida qolgan, bu esa Rossiya qo‘mondonligini zudlik bilan katta zaxiralarni olib o‘tishga majbur qilgandi.

Belgorod oblastining g‘arbiy qismida yirik aholi punktlari yo‘q. Ammo Kursk voqealari Rossiya hukumatiga dushmanning hatto bitta rayon markazini bosib olishi va ushlab turishi qanday muammolar keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlari uchun bu katta tavakkalchilik emas – operatsiya muvaffaqiyatsiz kechgan taqdirda ham, Rossiya bu yo‘nalishda tezkor qarshi hujumga o‘tishi imkoniyati yuqori emas. Chunki chegaraning Ukraina tomonida ochiq maydon va yo‘llar juda kam.

Ukraina qo‘mondonligining rejasi – Rossiya armiyasini ikkinchi darajali yo‘nalishda jang qilishga majburlash bo‘lishi mumkin.

«Darvoqe, dushman qo‘mondonligi allaqachon Belgorod oblastiga „Sever“, „Zapad“ va „Yug“ qo‘shinlari guruhlari tarkibidagi 6, 20 va 3-umumqo‘shin armiyalari kuchlarining bir qismini jalb etdi», – deydi ukrainalik harbiy sharhlovchi Konstantin Mashovets.

U Rossiyaning 6-armiyasi Kupyansk yo‘nalishida, 20-armiyasi Liman, 3-armiyasi Seversk va Kramatorsk yo‘nalishlarida harakat qilayotganini eslatgan.

Mavzuga oid