O‘zbekiston | 18:32 / 26.03.2025
6803
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda gaz qazib olish va elektr energiyasi ishlab chiqarish qisqardi

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda gaz qazib olish 4,2 foizga, neft qazib olish 12 foizga, benzin ishlab chiqarish 21 foizga, dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish esa 39 foizga kamaydi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish ham qisqargan.

Statistika qo‘mitasi 2025 yilning yanvar-fevral oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha hisobotni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki ikki oyida gaz qazib olish hajmi 7,37 mlrd kub metrni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan qariyb 329 mln kub metrga yoki 4,2 foizga, 2023 yilning mos davriga nisbatan esa 781 mln kubga qisqargan.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga, 2024 yilda esa 46,71 mlrddan 44,59 mlrd kub yoki 4,5 foizga qisqargandi.

2018-2024 yillar oralig‘ida tabiiy gaz qazib olish dinamikasi quyidagicha bo‘lgan:

  • 2018 yil – 61,59 mlrd kub metr;
  • 2019 yil – 60,71 mlrd kub metr;
  • 2020 yil – 49,77 mlrd kub metr;
  • 2021 yil – 53,8 mlrd kub metr;
  • 2022 yil – 51,67 mlrd kub metr;
  • 2023 yil – 46,71 mlrd kub metr;
  • 2024 yil – 44,59 mlrd kub metr.

 Hisobot davrida neft qazib olish 118 ming tonnadan 105 ming tonnaga (-12 foiz), gaz kondensati ishlab chiqarish 214,7 ming tonnadan 192,6 ming tonnaga qisqargan.

Shuningdek, dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 123 ming tonnadan 74 ming tonnaga (-39 foiz), benzin ishlab chiqarish 241 ming tonnadan 189 mln ming tonnaga (-21 foiz) kamaygan. Ko‘mir qazib olish esa 659 ming tonnadan 733 ming tonnaga yoki 11 foizga oshgan.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish ham qisqargan. Xususan, 2024 yilning yanvar-fevral oylarida 14,56 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 14,06 mlrd kWh’ni tashkil etgan. Umumiy ishlab chiqarish kamayishiga yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmi 17 foizga kamaygani ta’sir o‘tkazgan.

O‘z navbatida, hisobot davrida O‘zbekistonda 55 ming 552 dona mashina ishlab chiqarilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 193 donaga ko‘p.

Mavzuga oid