Sport | 11:51 / 26.03.2025
27251
10 daqiqa o‘qiladi

Argentina Braziliyaga 4 ta gol urdi. Messi va jamoa titulni himoya qiladi

Muddatidan oldin yo‘llanmaga ega chiqqan amaldagi chempionlar Rafinyani o‘yindan oldingi so‘zlari uchun mulzam qilishdi.

Foto: Reuters

Janubiy Amerikada JCh-2026 saralashi doirasida 14-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, uning yakunlariga ko‘ra Argentina yakuniy bosqichga yo‘llanmani kafolatladi va chempionlikni himoya qiladigan bo‘ldi.

Turli darajadagi jamoalar

Argentina — Braziliya 4:1
Gollar:
Alvares (4), Fernandes (12), Mak Allister (37), Simeone (71) — Kunya (26). 
Argentina — Martines, Molina, Romero, Otamendi, Talyafiko (Medina, 76), Paredes (Palasios, 82), Fernandes, Mak Allister (Pas, 76), Almada (Simeone, 68), de Paul, Alvares (Korrea, 82). 
Braziliya — Bento, Uesli, Markinos, Murillo (Ortiz, 46), Arana, Joelinton (Gomes, 46), Andre (Ederson, 84), Rafinya, Rodrigo (Endrik, 46), Vinisius, Kunya (Savinio, 69). 
Ogohlantirishlar: Murillo (28), Rafinya (40), Talyafiko (40), Almada (41), Otamendi (70), Andre (71), De Paul (75), Ortiz (79), Endrik (87), Fernandes (90+1).

Janubiy Amerikada Argentina va Braziliya o‘yinlari uzoq vaqt davomida Messi va Neymar dueli sifatida taqdim etilgan. Ushbu serial cho‘qqisi – 2021 yilgi Amerika Kubogi finali bo‘lgandi. Bu Leoning milliy jamoasi bilan dastlabki chempionligi bo‘lgandi va o‘shanda u eski qadrdonini bag‘riga bosib yupatgandi.

Bu safar ularning ikkisi ham salomatligidagi muammolar tufayli maydonga tusha olishmasdi. Natijada o‘yin ayni vaqtda Ispaniyada «Barselona» va «Atletiko» safida yorqin mavsum o‘tkazayotgan Rafinya va Hulian Alvares qarama-qarshiligiga aylanishi kutilgandi. Qolaversa, braziliyalik vinger o‘yindan oldin Romarioga bergan intervyusi vaqtida olovga moy sepib, argentinaliklar manziliga yomon so‘zlar aytdi. «Shubha yo‘q, biz Argentina bilan hisob-kitob qilmoqchimiz. Ularga gol uramanmi? Ha. Jin ursin ularni», dedi u afsonaviy futbolchining so‘zlarini ma’qullagan holda.

Natijada ijtimoiy tarmoqlar argentinalik futbolchilarning unga e’tirozli javoblari bilan to‘ldi. Otamendi «tili uzun» Rafinyaning yuziga tirsagi bilan zarba bergani aks etgan foto mamlakatda kun fotosiga aylandi. Natijada Boliviya va Urugvay o‘rtasidagi durang tufayli Argentina maydonga tushmasidan mundial yo‘llanmasiga ega chiqqan bo‘lsa-da, Braziliyaga qarshi o‘yinga katta shasht bilan tushdi. Rafinya yirtqichni uyg‘otib yuborgandi.

Mezbonlar o‘z muxlislari hayqiriqlari ostida ilk daqiqadan katta kuch bilan oldinga tashlanishdi va ashaddiy raqibning ko‘zini ochirishmadi. Braziliya kuchli pressing tufayli o‘z jarima maydoni atrofidayoq to‘p oldirib qo‘ya boshladi, diskvalifikatsiyaga uchragan Gabriel Magalyans yo‘qligi tufayli himoya chizig‘ida katta bo‘shliqlar yuzaga keldi. Pragmatik va tizimli «Nottingem»da yaxshi mavsum o‘tkazayotgan 22 yoshli Murillo milliy jamoada ishonchni oqlamadi va avvaliga Alvaresga tezkor gol sovg‘a qildi, keyin esa Enso Fernandesga uzatilgan to‘pni to‘sa olmadi. Bundan tashqari, yarimhimoya markazi ham Jyersonning jarohati va Bruno Gimarayeshning ortiqcha sariq kartochkasi tufayli ham sifatni yo‘qotgandi.

Braziliya saralash turnirlarida 12-daqiqagacha ikki gol o‘tkazib yuborishi hali kuzatilmagandi. Eng yaqin natija 2005 yilda, Argentina maydonidagi o‘yinda qayd etilgan, o‘shanda 18-daqiqa ichida Krespo va Rikelme gol urishgandi. Bo‘lim o‘rtalarida Mateus Kunya Romeroning qo‘pol xatosidan keyin to‘pga ega chiqib, uzoq masofadan Martinesni dog‘da qoldirdi va milliy jamoa safidagi ilk golini nishonladi, ammo bo‘lim davomida Mak Allister ikki gol farqini tikladi.

G‘alaba qozonishga, albatta gol urishga va argentinaliklar bilan yana nimadir qilishga va’da bergan Rafinya esa hech narsa qila olmadi. Uning jarima zarbasidan keyin to‘p to‘singa borganida ham Emiliano Martines vaziyatni to‘liq nazorat qilib turgandi. Hujum chizig‘idagi «Real» futbolchilari, Vinisius, Rodrigo va ikkinchi bo‘limda uning o‘rniga tushgan Endrik ham vaziyatga ta’sir ko‘rsata olishmadi.

Ikkinchi bo‘limda Juliano Simeone Braziliya mudofaasidagi ayanchli holatdan foydalanib, milliy jamoa safidagi ilk golini urdi va raqibni uzil-kesil taslim etdi. Bu o‘yin hozirda ushbu jamoalar o‘rtasida katta farq mavjudligini ko‘rsatib qo‘ydi. Pentakampionlar turnir o‘yinlarida 2014 yilgi jahon chempionati yarimfinalida Germaniyaga qarshi o‘tgan o‘yindan (1:7) buyon yirik hisobda yutqazmagandi. Argentina hozir shunchaki boshqa darajadagi jamoa. Xoh Messi maydonda bo‘lsin, xoh usiz.

Endi u oltinchi bor jahon chempionatida ishtirok etishi mumkin va bu rekord natija hisoblanadi. Agar Portugaliya turnirga yo‘llanma olsa, Krishtianu Ronalduda uning natijasini takrorlash imkoniyati bo‘ladi.

Ensisoning shedevri va Rondonning muhim goli

Kolumbiya — Paragvay 2:2
Gollar
: Dias (1), Duran (13) — Alonso (45+4), Ensiso (62). 
Kolumbiya — Vargas, Munos, Kuesta, Lukumi, Moxika, Rios, Lerma, Arias (Mina, 62), Rodriges (Kampaz, 62), Dias, Duran. 
Paragvay — Fernandes, Kaseres (Velaskes, 46), Balbuena, Alderete, Alonso, Galarza (Vilyasanti, 73), Gomes (Romero, 90+4), Kubas, Almiron, Avalos (Sanabria, 62), Ensiso (Sosa, 73). 
Ogohlantirishlar: Galarza (50), Dias (81), Fernandes (85), Velaskes (86), Kampaz (90), Kubas (90+3). 

Tarkib jihatdan kuchliroq ko‘rinishda bo‘lgan va o‘z maydonida o‘ynagan Kolumbiya birinchi hujumdayoq Luis Dias hisobni ochdi va saralash sikli to‘purarlari poygasida Messiga yetib oldi (6 ta gol), ko‘p o‘tmay Duranni golli pas bilan ta’minladi.

Ammo o‘n uchinchi daqiqaga kelib 2 gol farqi bilan oldinga chiqib olganiga qaramay, kolumbiyaliklar yaqqol ustunlikka erisha olmadi. Paragvayliklar golli vaziyatlar yaratish borasida birinchi bo‘limda ham mezbonlardan qolishmadi, ammo Almiron o‘ta qulay imkoniyatlarni ko‘kka sovurdi. Faqat birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda qizil-oqlar haqli golni urishdi, mezbonlar darvozaboni burchakdan oshirilgan to‘pga chiqishda xato qildi va olis ustun oldida bo‘sh turgan himoyachi Alonso uni jazoladi.

Paragvayliklar ikkinchi golga ham haqli o‘yin ko‘rsatishdi va ikkinchi bo‘limda bunga erishishdi. Ensiso haqiqiy shedevr gol urdi, ammo bosh hakam faqat monitor qarshisiga borganidan keyingina golni inobatga oldi. Bu vaziyatda Ensiso raqi jarima maydoni burchagi yaqinida to‘pni egalladi va darvozaga parallel ravishda harakatlana boshladi. Tezlanish, pauza, fint va to‘qqizlikni aniq nishonga olish. Gustavo Alfaro bosh murabbiy etib tayinlanganidan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan paragvaylikrlar jahon chempionati sari yana bir qadam tashladi. Ikki gol ustunligini boy bergan va ulardan bir ochko farqini o‘zgartira olmasdan, oltinchi o‘rinda qolgan Kolumbiya ham yo‘llanma uchun yaxshi imkoniyatga ega.

Boliviya — Urugvay 0:0
Boliviya — Viskarra, Medina (Roka, 72), Akin, Morales, Mateus (Paniagua, 46), Villamil, Kuelyar (Chavez, 81), Sagredo (Fernandes, 46), Vaka, Migelito, Abrego (Algaranaz, 62). 
Urugvay — Rochet, Varela (Nandes, 62), Ximenes, Kaseres, Kristian Olivera (Pellistri, 46), Arauxo, Bentankur, Ugarte, Matias Olivera (Pikeres, 56), Agirre (Valverde, 46), Vinas (Nunes, 46). 
Ogohlantirishlar: Ugarte (42), Bentankur (54), Medina (61).

Venesuela — Peru 1:0
Gol:
Rondon (41, penalti). 
Venesuela — Romo, Gonsales, Ferrarerzi, Anxel, Aramburu, Savarino (Mexias, 83), Errera (Kasseres, 78), X.Martines (Rinkon, 78), Soteldo, J.Martines (Segoviya, 52), Rondon (Kadis, 77). 
Peru — Galese, Advinkula, Sambrano, Garses, Lopes, Akino (Ramos, 62), Tapia, Karrillo, Polo (Lapadula, 83), Reyna (Kevedo, 62), Gerrero.
Ogohlantirishlar: Sambrano (13), Akino (19), Gonsales (45), J.Martines (47), Errera (77). 

Kolumbiyaliklarning yettinchi o‘rin bilan oradagi farqi besh ochkoni tashkil etmoqda. Tur arafasida ushbu o‘rinda turgan Boliviya o‘z maydonida Urugvayni yenga olmaganidan keyin qit’alararo o‘tish o‘yinlariga olib o‘tuvchi bu o‘rinni Venesuelaga bo‘shatib berdi. Bu tura peruliklarga qarshi o‘ynagan Venesuela Rondon penaltidan urgan gol evaziga minimal hisobdagi g‘alabani rasmiylashtirdi. U saralash turnirlarida urilgan gollar soni (14) bo‘yicha Radamel Falkao, Xames, Roke Santa Krus va chililik Vargasni ortda qoldirdi.

Shu bilan birga, Rondon Venesuelaga saralash bosqichida 2023 yil oktyabridan buyon ilk g‘alabani taqdim etdi, to‘plangan 15 ochkodan uchdan biri aynan uning aniq zarbalari evaziga qo‘lga kiritilgan.

Chili — Ekvador 0:0
Chili — Kortes, Loyola, Maripan, Dias, Suazo, Vidal (Kabral, 66), Echeverria (Paves, 77), Pizarro (Arangis, 76), Osorio, Kontreras, Vargas (Zampedri, 76). 
Ekvador — Galindes, Ordonez, Pacho, Inkapie, Estupinyan (Torres, 81), Franko, Kaysedo, Pedro, Guagua (Korozo, 60), Plata, Valensiya.
Ogohlantirish: Loyola (85), Plata (86), Ordonez (90+5).

Mavzuga oid