Jahon | 19:35 / 25.03.2025
2800
6 daqiqa o‘qiladi

Tramp ma’muriyatidagilar maxfiy harbiy ma’lumotlar sizib ketishiga yo‘l qo‘yib berdi

Donald Tramp ma’muriyati o‘ta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Prezident jamoasidagi asosiy arboblar AQShning Yamanga zarbalarini muhokama qilarkan, Signal tijoriy messenjerida maxfiy chat ochib, unga tasodifan The Atlantic nashri muharririni ham qo‘shib qo‘yishdi. Natijada AQShning Yamandagi husiylarga qarshi operatsiyasi maxfiy rejasi sms tarzida muharrirga ham jo‘natildi. Bu haqida qator Amerika va G‘arb nashrlari xabar qilmoqda. Oqibatda esa harbiy ma’lumotlar sizib ketishiga yo‘l qo‘yilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Tramp komandasining asosiy a’zolari – vitse-prezident J.D. Vens, mudofaa vaziri Pit Hegset, davlat kotibi Marko Rubio hamda milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard, Trampning maslahatchisi Stiven Miller, prezident vakili Stiv Uitkoff va jami 18 kishi Yamanga zarba berilishidan oldin maxfiy rejani muhokama qilarkan, bu muloqotda jiddiy xato bilan jurnalist ham ishtirok etdi.

The Atlantic nashri muharriri Jyeffri Goldberg 14 mart kuni Signal messenjeridagi «Houthi PC small group» nomli guruhga qo‘shilgan. Bu guruhni prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts yaratgani taxmin qilinmoqda. Chatda Yamanga zarba vaqti va ketma-ketligi, qo‘llanadigan qurol turlari, ehtimoliy siyosiy oqibatlar, Yevropaning reaksiyasi, operatsiyani kechiktirish tarafdorlari va qarshi fikrlar bayon qilingan.

15 mart kuni soat 11:44 da Pit Hegset hujumning batafsil rejasini guruhga yuboradi. Oradan ikki soat ham o‘tmasdan — 13:45 da Yaman poytaxti Sanoda kuchli portlashlar kuzatiladi. Bu esa chatdagi yozishmalarning haqiqiyligini tasdiqlaydi.

Operatsiya yakunlanganidan so‘ng guruhda tabriklar almashilgan, hujum natijalari muhokama qilingan, husiychilar yetakchilaridan biri nobud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi va zarbaning savdo aloqalariga ta’siri ko‘rib chiqilgan.

Jurnalist ushbu voqealardan so‘ng guruhni tark etgan va undan na izoh, na so‘rov olinmagan.

Milliy xavfsizlik kengashi masalaga munosabat bildirarkan, jurnalistning guruhga qo‘shilib qolishi harbiy rejaga zarar keltirmagani aytiladi.

“Bu haqiqiy xabarlashuv zanjiri edi. Jurnalistning qo‘shilishi tasodif bo‘lgan. Lekin bu qanday sodir bo‘lganini biz ko‘rib chiqyapmiz. Yamandagi operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi, harbiylar uchun xavf-xatar yuzaga kelmagan”, -deydi milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Xyuz Brayan.

Muharrir Goldberg o‘z akkauntidan maxfiy materiallarni, mavjud operatsion tafsilotlarni olib tashlaganini bildirdi.

Prezident Donald Tramp bu voqeadan bexabarligini aytdi. Oq uyda bu xususida undan jurnalistlar so‘rarkan, prezident “men bu voqeadan bexabarman. Chunki The Atlantic nashri muxlisi emasman”, degan.

Keyinroq esa Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit mavzuga munosabat bildirarkan, prezident o‘zining milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoasiga, jumladan, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uoltsga ishonch bildirishda davom etayotganini aytdi. The Guardian nashrining yozishicha, AQShdagi milliy xavfsizlik va razvedka sharhlovchilari, ekspertlar davlat maxfiy harbiy rejalarining bunday tijoriy chatlarda muhokama qilinishini jiddiy tanqid ostiga olishmoqda. Ularning nazdida bu operatsion xavfsizlikning misli ko‘rilmagan buzilishi. Harbiy operatsiyalar Signal orqali muhokama qilingani Shpionaj to‘g‘risidagi qonunga va davlat hujjatlarini saqlash tartibiga ham zid bo‘lishi mumkin. Chunki rasmiylar faqat himoyalangan, maxsus davlat kanallari orqali muloqot qilishi shart edi.

Voqeadan xabar topgan Demokratik partiya vakili Pat Rayan muhokamada qatnashgan Tramp ma’muriyati a’zolarini tanib bo‘lmas darajada ahmoqlar deb atadi. Vakillar palatasida respublikachilar bu qanday sodir bo‘lgani yuzasidan eshituv tashkil qilsin, bo‘lmasa buni o‘zim o‘tkazaman, degan Rayan. Milliy xavfsizlik bo‘yicha mavzularni yorituvchi tajribali jurnalist Sheyn Harris esa o‘zining 25 yillik karerasida bunday voqeaga birinchi marta duch kelayotganini yozdi.

Guruhga qo‘shilib qolgan muharrir Goldbergning aytishicha, vitse-prezident J.D. Vens va Pentagon rahbari Hegset Yevropani yomonlab, ittifoqni yomon ko‘rishlarini bemalol yozishgan. Pentagon rahbari Vensga Yevropaga bo‘lgan nafratingizga to‘liq qo‘shilaman, deb aytgan. Yamanga zarbalar boshlanganidan keyin guruhdagilar yaxshi boshlanish deb yozishgan, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts esa zarbalarga “zo‘r-zo‘r” degan stikerni jo‘natgan. Davlat kotibi Marko Rubio esa “good job”, ya’ni yaxshi ish deb yozgan, mudofaa vazirini maqtab qo‘ygan.

The Atlantic’ning yozishicha. guruh ishtirokchilari ma’lumotlarning maxfiyligini bekor qilish huquqiga ega bo‘lsa-da, Signal bunday ma’lumotlarni tarqatish uchun ruxsat etilgan platforma emas. Avtomatik xabar jo‘natish funksiyasining mavjudligi esa davlat arxivlarini saqlash qonunlari buzilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Mavzuga oid