Eron yangi bitim talab qilmoqda. Eskisi qanaqa edi?
Rasmiy Tehron yadro dasturi borasidagi avvalgi bitimni tiklashdan bosh tortdi. Forslar yangi shartlar asosidagi kelishuvni talab qilmoqda. Xo‘sh, 10 yil oldin qabul qilingan, keyin Tramp bekor qilgan ko‘ptomonlama xalqaro shartnomada kim qanday majburiyat olgandi?
Eron AQSh bilan yadroviy kelishuvni qayta tiklashdan bosh tortdi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi Birgalikdagi harakatlar rejasining hozirgi shaklda qayta tiklanishini rad etdi va yangi kelishuv zarurligini ta’kidladi.
Bu bayonot Eron pozitsiyasining tubdan o‘zgarganini ko‘rsatadi. Mamlakat yadroviy imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirgan, xalqaro izolyatsiyaga qaramay iqtisodiy moslashuv yo‘llarini topgan va G‘arb bilan muzokaralarda kuchliroq mavqega ega bo‘lishga urinmoqda.
Arakchi eski kelishuv formulasidan foydalanish mumkinligini aytdi, lekin aynan qanday o‘zgarishlar talab qilinayotganini ochiqlamadi. 2015 yilda imzolangan hujjatda, Eron va G‘arb o‘rtasidagi kelishuv real iqtisodiy manfaatlarga asoslangan edi. Ammo 2020 yildan buyon geosiyosiy vaziyat o‘zgargan.
Eski kelishuv qanday endi?
Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Birgalikdagi harakatlar rejasini 2015 yil 14 iyulda 7 ta davlat – Eron, AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy imzolagan. Kelishuv BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan tasdiqlanib, 2016 yil yanvar oyida kuchga kirgan.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Eronda uranni boyitish darajasi 3,6 foiz bilan cheklangan. Bu yadroviy qurol yaratish uchun yetarli emas, chunki bunga kamida 90 foiz daraja kerak. Uranni boyitish uchun ishlatiladigan sentrifugalar soni 19 mingdan 5 minggacha kamaytirilgan. Fardo, Notanz va Arak yadroviy obektlarida uranni boyitish faoliyati cheklangan yoki to‘xtatilgan. Yadroviy qurol yaratish uchun zarur bo‘lgan plutoniy ishlab chiqarish reaktorini qaytadan ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Kelishuvda BMT va Xalqaro atom energiyasi agentligi Eron yadroviy obektlariga keng qamrovli inspeksiya o‘tkazishi nazarda tutilgan. Har qanday yashirin yadroviy faoliyat aniqlansa, xalqaro jazo choralari qo‘llanishi mumkinligi belgilangan.
Buning evaziga AQSh va Yevropa Ittifoqi Eronning neft eksporti, bank tizimi va boshqa iqtisodiy sohalariga qarshi qo‘llagan sanksiyalarini bosqichma-bosqich olib tashlash majburiyatini olgan. BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan joriy qilingan sanksiyalar ham bekor qilingan. Eron muzlatilgan 100 milliard dollarlik aktivlaridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan.
Kelishuv qanday buzildi?
AQSh prezidenti Donald Tramp 2018 yil 8 may kuni AQSh Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishini e’lon qildi va Eronga qarshi sanksiyalarni qayta tikladi. Tramp bu kelishuvni “dahshatli va bir tomonlama” deb atagan va yangi shartlar asosida yangicha kelishuv bo‘lishi kerakligini aytgan.
Shundan keyin AQSh sanksiyalari tufayli Eron ham kelishuv shartlariga rioya qilishni to‘xtatdi. 2020 yilda AQSh Bag‘dodda general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgach, Eron yadroviy dasturni tezlashtirishga qaror qildi.
Qo‘shma Shtatlarning sobiq prezidenti Jo Bayden 2021 yilda Eron bilan kelishuvni qayta tiklashga harakat qildi, lekin muzokaralar muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Shundan buyon Eron yadroviy dasturini yanada rivojlantirgan va uranni 60 foiz darajagacha boyitishga erishgan bo‘lishi mumkin.
Hozirgi prezident Mas’ud Pizishkiyon AQSh bilan muzokaralar olib borish kerakligini aytmoqda. Eronning oliy diniy rahnamosi Ali Xominaiy esa muzokaralarni rad etdi. Bu Eron ichida muhim strategik qarorlar bo‘yicha yakdillik yo‘qligini ko‘rsatadi.
Bryussel real rol o‘ynay oladimi?
Yevropaning uchta yetakchi davlati – Britaniya, Germaniya va Fransiya – 2015 yildagi kelishuvni saqlab qolishga harakat qilmoqda, lekin hozircha ularning ta’siri cheklangan.
Xominaiyning so‘zlariga ko‘ra, yevropalik siyosatchilar Eronni yadroviy bitim bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganlikda ayblayapti.
“Siz Eron o‘z majburiyatlarini bajarmaganini da’vo qilasiz. Xo‘sh, o‘zingiz bu majburiyatlarni bajardingizmi? Siz birinchi kundan beri harakatsiz holatdasiz”, dedi oliy rahbar. Xominaiy Qo‘shma Shtatlarning o‘zi yadro kelishuvidan chiqib ketgani, Yevropa esa “qandaydir tarzda aybini yuvishga” va’da berganini, lekin hech narsa qilinmaganini ta’kidladi.
Harbiy to‘qnashuv bo‘ladimi?
Sizdirilgan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Eron yadroviy qurolga yaqinlashsa, AQSh yoki Isroil cheklangan nishonlarga harbiy hujumlar uyushtirishi mumkin. 1981 yilda Isroil Iroqning Osirak reaktorini bombardimon qilgani kabi, Eronning Notanz va Fardo yadroviy obektlariga zarba berilishi ehtimoldan xoli emas.
AQSh prezidenti Donald Tramp va uning ma’muriyati Eron bilan yangi kelishuv ehtimolini ochiq qoldirdi, biroq bu jarayon bosim o‘tkazish orqali olib borilishi aniq. Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff AQSh muayyan shart-sharoitlarda Eron bilan harbiy to‘qnashuvga borishi mumkinligini tasdiqladi. Bu esa, avvaldan keskin bo‘lgan geosiyosiy vaziyatni yanada murakkablashtiradi.
Agar Eron 90 foizdan yuqori darajada uranni boyitishga erishsa yoki yadroviy qurol sinovini o‘tkazsa, bu Isroil va AQSh uchun qizil chiziq bo‘lishi mumkin. Lekin unda katta urush ehtimoli o‘rtaga chiqadi.
Mavzuga oid

22:00 / 25.03.2025
AQSh Mehnat vazirligi 38 million dollarlik xorijiy yordamni to‘xtatdi

21:56 / 25.03.2025
AQSh Suriyaga sanksiyalarni yumshatish uchun shartlar qo‘ydi

20:48 / 25.03.2025
AQSh Rossiya va Ukraina bilan Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib oldi – Oq uy

19:35 / 25.03.2025