Urushni tiklagan Netanyahu, Putinga gapi o‘tmayotgan Tramp va qamoqqa olingan Imomo‘g‘li - geosiyosiy hafta tahlili
Isroil Trampning ruxsati bilan sulhni to‘xtatib, G‘azodagi qirg‘inini qaytadan boshladi. Putinga yana qo‘ng‘iroq qilgan Amerika prezidenti urushni 100 kunda tugatolmasligi aniq bo‘ldi. Imomali Rahmon Moskvaga bordi, RF Tojikistonda ham AES qurmoqchi. O‘zbekiston esa AES qurilishiga Fransiya kompaniyalarini ham jalb etish niyatida. Turkiyada muxolifat liderining qamalishi ortidan namoyishlar boshlandi. Joriy hafta mavzulari muhokamasi – Kun.uz’ning jonli efirdagi «Geosiyosat» dasturida.
G‘azodagi sulh nega doimiy tinchlik kelishuvigacha bormadi?
— Siyosatshunos Shavkat Ikromov: G‘azoda tinchlik sulhi imzolanayotgan vaqtda bu uch bosqichli sulh sifatida ko‘rilgan edi. Ushbu birinchi bosqichi imzolanganda juda ko‘p mavhumliklar mavjud edi. Xalqaro kuzatuvchilar, ekspertlar bu sulhning keyingi bosqichga o‘tish ehtimoli juda past ekanligini aytishgandi. Tinchlik doimiy bo‘lmaydi va keyingi bosqichda yana konflikt qayta bosh ko‘tarishi mumkin degan xulosalar berildi. Afsuski, bu prognozlar o‘zining ijobatini topdi, tinchlik barqaror bo‘lmadi.
Bu yerda avvalboshdan tinchlik shartnomasi juda zaif edi. Ushbu zaiflik va o‘rtadagi uzilishlar sabab yana G‘azoda Isroilning ommaviy ravishdagi qirg‘ini davom etdi.
Umuman olganda, Isroil bilan Falastin o‘rtasidagi tarixni kuzatadigan bo‘lsak, odatda Ramazon oylarida Isroil tomonidan hujumlar har doim avjiga chiqadi. Ramazonning so‘nggi kunlarida bu hujumlar yanada shiddat bilan amalga oshiriladi. O‘tgan yili ham, bundan oldingi yillarda ham bu narsaning biz guvohi bo‘lganmiz.
Hozirgi vaqtga kelib, nega yana urush harakatlari boshlandi, tomonlar nima xohlayapti degan savolga quyidagicha javob berish mumkin: Birinchidan, 2022 yil oktyabrdan beri aytishimiz mumkinki, Isroil hozir eng yaxshi vaziyatda turibdi. Chunki Tramp ma’muriyati Isroilga hech qanday cheklovlar haqida gapirmayapti. Bayden ma’muriyati esa, harholda, Isroilni ma’lum bir cheklovlarga rioya qilishni, tinch aholiga nisbatan o‘q otishni qisqartirish yoki tinch aholi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ma’lum bir bosim o‘tkazardi. Vaqti-vaqti bilan jiddiy choralar ko‘rib, qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatib turardi. Lekin hozir Isroilda bunday cheklovlar yo‘q.
Ikkinchidan, Isroilning o‘zidagi ichki vaziyat ham hozir nisbatan barqarorlashgan. Barqarorlashganini shunda ko‘rishimiz mumkinki, o‘ta o‘ng kuchlar, ya’ni Binyamin Netanyahu atrofida turgan va G‘azoda sulh imzolangandan keyin undan uzoqlashgan, kelishuvdan norozi bo‘lgan xavfsizlik vaziri kabilar hozir yana qaytib kelib, uning atrofida birlashgan.
Netanyahu ham, Isroil urush hukumati ham hozir har doimgidan ko‘ra kuchliroq. Ular hujum qilish imkoniyatiga ega va ular avvalgi motivlarni yana qaytarishni boshlagan, ya’ni «Hamas shartnoma shartlarini buzdi», «asirlarni oxiriga qadar qaytarmadi» va boshqa shartlarni ham bajarmadi, degan vajlarni aytyapti.
Lekin bunga xalqaro hamjamiyat, xususan Tramp ham biroz shubha bilan qaradi, ya’ni ko‘rinishdan Hamas asirlarni qaytarishga amal qilgandek, buni amalga oshirmagan bo‘lsa-da, lekin hozirgi bunday ommaviy qirg‘in uchun sabab bo‘ladigan holat yo‘q deb hisoblanyapti.
Xalqaro vaziyat ham hozir Isroil foydasiga ishlayapti. Negaki, Tramp ma’muriyati Falastinni tashqarida qo‘llab-quvvatlayotgan, xususan, AQShdagi Falastin tarafdorlari namoyishlariga imkon bergan universitetlarni moliyaviy yordamni cheklab qo‘yish bilan ogohlantirdi va universitetlar kerakli choralarni ko‘rishni boshladi.
Shuningdek, Yevropada ham falastinliklar haqida gapirayotganlar kamaymoqda, chunki ularning asosiy e’tibori Rossiyadan kelayotgan xavfga qaratilgan.
Hamasning o‘zida ham bo‘linish, boshboshdoqlik kuzatilmoqda. Unga tashqaridan yordam bo‘lmayapti, Eron proksi urushlardan o‘zini tiymoqda, «Hizbulloh»ning o‘zi esa juda zaif ahvolda.
Isroil tomoni berayotgan ma’lumotlarda Hamasning 20 mingga yaqin askari yo‘q qilingani aytiladi.
Shu tufayli, afsuski, G‘azo hozirda himoyasiz holatda. G‘azoda tinch aholi uylariga qaytishi ham to‘xtab qoldi.
— Sulh uzaytirilishiga asosiy to‘siq nima deb o‘ylaysiz?
— Tramp ma’muriyati Rossiya bilan kelishamiz, Ukrainadagi urushni tugatamiz deb boshlagandi faoliyatini. G‘azo bilan ham shunday bo‘ldi. Sulh tuzilganida ko‘pchilik ekspertlar bu vaqtinchalik tinchlantirib turish uchun siyosiy ritorikaga o‘xshash narsa ekani, chunki shartlar ikki tomonni ham qoniqtirmasligini aytishgandi.
Netanyahuning o‘zini, uning urushga munosabatini tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, uning avvalboshdan bo‘lgan motivi garovdagilarni ozod qilish edi. Mana, asirlarning katta qismi qaytarib berildi. Lekin endi shunday xulosa qilishimiz mumkinki, Binyamin Netanyahuning bu motivi yolg‘on bo‘lgan, u hech qachon garovdagilar uchun urushmagan, uning maqsadi G‘azo yorlarini o‘zlashtirish bo‘lgan. Bugunga kelib u bu haqda ochiq gapirishni boshladi. Falastin tomoniga ham, xalqaro hamjamiyatga ham signallar beryaptiki, G‘azoning ma’lum qismi Isroilga qo‘shib olinadi, ungacha esa har qanday shartnomalar yolg‘on bo‘lib chiqadi va shunday urushlar davom etaveradi.
— AQSh-Yevropa munosabatlari sovuqlashayotgan fonda Bryusselning Anqara tomon mo‘ljal olishi, lekin Yevroittifoqqa Turkiyani rasmiy a’zo sifatida qabul qilolmaslik sabablari nimada?
— Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov: Agar Turkiya Yevropa Ittifoqiga qo‘shiladigan bo‘lsa, G‘arb sivilizatsiyasi to‘liq o‘zgarib ketishi mumkin. Yevropa Ittifoqida bir qancha muhim davlat organlari bor. Shulardan bittasi Yevropa parlamenti.
Yevropa parlamentidagi deputatlik o‘rinlari aholi soniga qarab beriladi. Hozir eng katta fraksiya bu Germaniya fraksiyasi, chunki Germaniyada 83 million aholi bor. Ikkinchi katta fraksiya bu Fransiya. Agar Turkiya tashkilotga kiradigan bo‘lsa, eng katta fraksiya Turkiyaga to‘g‘ri keladi, chunki Turkiyaning rasmiy aholisi 85 milliondan oshadi, bu Germaniyanikidan ko‘p degani. Bu birinchisi. Ya’ni Turkiya fraksiyasi Yevroparlamentdagi eng kattasi bo‘lib qoladi.
Ikkinchisi, shu fraksiya ichkarisidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi. Bu islomiy partiya. Ya’ni demokratik qadriyatlar bilan islomiy qadriyatlar uyg‘unlashgan. Xuddi Germaniyadagi XDS kabi. Erdo‘g‘anning mafkurasi shunday, lekin u radikal islomchi emas, u liberal o‘yin qoidalarini qabul qilgan islomchi.
Turkiyada Erdo‘g‘an hokimiyatga kelgach, diniy qatlamga erkinlik berdi, lekin agnostiklarning erkinligini olib qo‘ya olmaydi, istasa ham, u yerda ozmi-ko‘pmi hokimiyat bo‘linishi bor.
Agar Turkiya Yevroittifoqqa kiradigan bo‘lsa, uning fraksiyasining yarmi islomiy partiya bo‘ladi. Bu esa Yevropadagi ichki siyosatni ham o‘zgartiradi.
- Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid

15:43
Turkiyada Erdo‘g‘an erasi va Imomo‘g‘li omili – siyosatshunoslar nigohida

10:25 / 21.03.2025
“Bu kutilayotgan hibs edi” - tahlilchilar Imomo‘g‘lining qo‘lga olinishi haqida

23:34 / 19.03.2025
Tramp va Putin muloqoti: bayonotlarga qarab, qanday xulosalar qilish mumkin?

14:37 / 15.03.2025