Jahon | 19:42 / 22.03.2025
6332
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy ham Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborish haqida o‘ylamoqda

Xitoy vakillari Bryusselda norasmiy muzokaralar o‘tkazib, Yevropa davlatlari bu g‘oyaga qanday munosabat bildirishini o‘rgangan. Bryusseldagi diplomatlar fikricha, Xitoyni missiyaga jalb qilish Rossiyaning Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni kiritishga rozi bo‘lish ehtimolini oshirishi mumkin.

Foto: Diego Fedele / Getty Images

Xitoy Kiyev va Moskva o‘rtasida ehtimoliy tinchlik kelishuvini ta’minlash uchun Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish masalasini muhokama qilayotgan G‘arb davlatlari guruhi – «ko‘ngillilar koalitsiyasi»ga («coalition of the willing») qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan bo‘lishi mumkin.

Germaniyadagi Die Welt nashri xabariga ko‘ra, Bryusseldagi xitoylik diplomatlar Yevropa Ittifoqi rasmiylariga XXR harbiylari Ukrainadagi tinchlikparvar kuchlarga qo‘shilishi mumkinmi, degan savol bilan murojaat qilgan. Bu haqda nashrga Yevropa Ittifoqining muhokama bilan tanish bo‘lgan  diplomatlari ma’lum qildi.

Die Welt manbalari ta’kidlashicha, Xitoyning bunday koalitsiyadagi ishtiroki Rossiyani Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni kiritishga rozi bo‘lishga undashi mumkin, chunki avvalroq Moskva o‘t ochishni to‘xtatgan taqdirda Ukrainada har qanday xorijiy qo‘shinlarni joylashtirish taklifini qat’iyan rad etgan edi. «Biroq, har qanday holatda ham bu „nozik“ masala», – deb yozadi nashr.

Ukrainada Xitoy harbiylarini joylashtirish taklifini Vashingtondagilar qo‘llab-quvvatlashi mumkin. The Economist fevral oyida AQSh rasmiylari Ukrainadagi tinchlikparvar kontingentga nafaqat Yevropa, balki uchinchi davlatlar, jumladan, Xitoy va Braziliya harbiylari ham kirishi kerak, deb hisoblashini yozgandi.

Fransiya bilan birgalikda «ko‘ngillilar koalitsiyasi»ni boshqarayotgan Buyuk Britaniya hukumati unda 30 ga yaqin davlat u yoki bu shaklda ishtirok etishini kutmoqda. Oxir-oqibat koalitsiyaga qancha davlat qo‘shilishi va ular qanday vazifalarni bajarishi hali aniq emas. Buyuk Britaniya Ukraina havo hududini qo‘riqlash uchun o‘z qiruvchi samolyotlarini yuborishiga ruxsat bergan.

The Telegraph gazetasi yozishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bir vaqtning o‘zida Yevropa qo‘shinlariga muqobil ravishda Ukrainaga BMT tinchlikparvar kuchlarini yuborish imkoniyatini o‘rganmoqda. Makron bu mavzuni 20 mart kuni Yevropa kengashi sammitida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan muhokama qilgandi. Shu bilan birga, BMT tinchlikparvar kuchlarini yuborishni tashkilot Xavfsizlik Kengashi ma’qullashi talab etiladi, bunga esa birinchi navbatda Rossiya, shuningdek AQSh qarshi chiqishi mumkin.

Buyuk Britaniya va Fransiya rasmiylari so‘nggi haftalarda Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish bo‘yicha bir nechta uchrashuv o‘tkazdi. Makronning ma’lum qilishicha, «ko‘ngillilar koalitsiyasi»ning navbatdagi sammiti 27 mart kuni Parijda bo‘lib o‘tadi. Unda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirok etishi kutilmoqda.

Mavzuga oid