Mashhur qochoq Oleg Gordiyevskiy vafot etdi. U ham KGB, ham britan razvedkasiga ishlagan
Buyuk Britaniyada XX asrning eng mashhur josuslaridan biri deb atalgan Oleg Gordiyevskiy o‘z uyida 87 yoshida vafot etdi. O‘lim sabablari ma’lum qilinmagan.

Foto: Fiona Hanson/Reuters
Gordiyevskiy KGBda 23 yil ishlagan, 1970-80-yillarda 15 yil davomida KGBning Birinchi bosh boshqarmasida Buyuk Britaniya va Skandinaviya bo‘yicha mas’ul edi. U o‘tgan asrning eng mashhur josuslaridan biri va Britaniyaning Oleg Penkovskiydan keyin sovet maxfiy xizmatlaridagi eng muhim agenti hisoblangan.
Buyuk Britaniyaga rezident sifatida borgach, u ko‘p o‘tmay Britaniyaning MI-6 kontrrazvedkasi bilan OVATION taxallusi ostida, keyinchalik Britaniyaning MI-5 razvedkasi bilan hamkorlik qila boshlaydi.
Bu hamkorlik 11 yil, Moskva rahbariyatida shubha paydo bo‘lmaguncha va 1985 yilda Rossiyaga chaqirib olinmaguncha davom etadi.
Moskvada uni so‘roq qilishadi, ammo o‘sha yil yozida britaniyaliklar maxfiy amaliyot o‘tkazib, Gordiyevskiyni Britaniyaga olib ketishga muvaffaq bo‘lishadi, bu Buyuk Britaniyaning Moskvadagi elchixonasi tomonidan tashkillashtirilgan — uni diplomatik mashina yukxonasida olib ketishgan. Shundan keyin ham u G‘arb maxsus xizmatlariga maslahat berishda davom etadi.
SSSRda polkovnik Gordiyevskiy sirtdan otuvga hukm qilingan, bugungi Rossiyada esa britaniyaliklarga katta hajmdagi maxfiy ma’lumotlarni yetkazgani uchun xoin deb e’lon qilingan. Sobiq hamkasblari uni «jirkanch nusxa» va «iste’dodli pastkash» deb atashgan.
G‘arbda esa unga butunlay boshqacha baho beriladi. U G‘arb tuzilmalariga SSSRda aslida nima deb o‘ylashlarini va sovet rejimi bilan qanday qilib yaxshiroq muloqot qilish kerakligini tushuntirib, sovuq urush yo‘nalishini o‘zgartirishga yordam bergan deb ishoniladi.
2007 yil iyunida Buyuk Britaniya milliy xavfsizligini ta’minlashdagi xizmatlari uchun Oleg Gordiyevskiy Buyuk Britaniyaning oliy mukofotlaridan biri – avliyo Mixail va avliyo Georgiy ordeni kavaleriga aylanadi.
Qochib ketganidan keyin Gordiyevskiy dunyoqarashi Stalin jinoyatlaridan keyin Xrushchev davridagi o‘zgarishlar tufayli o‘zgarganini aytgan. Shuningdek, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, 1968 yilda Chexoslovakiyada sodir bo‘lgan voqealar uni qochoq bo‘lishga undagan.
«Bu sovetlar ittifoqi va boshqa kommunistik davlatlarning Chexoslovakiyaga bostirib kirishi edi, – deb eslaydi u 2008 yildagi intervyusida. – Bu shunchalik dahshatli ediki, men bu jinoyatkorona dahshatli rejim uchun ishlashni to‘xtatishga qaror qildim».
Jon uchun qayg‘urish
BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner ta’kidlaganidek, Oleg Gordiyevskiy katta ehtimol bilan Uchinchi jahon urushining oldini oldi, deyish mubolag‘a bo‘lmaydi.
1983 yilda, sovuq urush avjiga chiqqan paytda, Londonda bo‘lib turgan Gordiyevskiy Britaniya maxsus xizmatlarini Moskvadagi rahbariyat G‘arbning kutilmagan hujumidan qattiq qo‘rqayotgani va shuning uchun oldini oluvchi zarba berishga tayyorlanayotganidan ogohlantiradi.
Ushbu ma’lumotlarni inobatga olgan holda, NATO kuchlari G‘arbiy Yevropa hududida o‘tkazilgan «Tajribali kamonchi» (Able Archer) kod nomi ostidagi keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni to‘xtatadi va inqirozdan qochishga muvaffaq bo‘ladi.
1985 yildan beri Gordiyevskiy Sarrey okrugida yashagan, uning aniq manzili ehtiyotkorlik bilan yashirilgan, uning o‘zi ko‘pincha grimdan foydalangan, xususan, BBC rus xizmatiga intervyu berish uchun kelganida ham.
Biroq, u KGBning boshqa sobiq xodimi Aleksandr Litvinenkoning o‘limidan keyin o‘z hayoti uchun yanada qattiqroq xavotirlana boshlaydi.
«Bir kun kelib ular menga zarar yetkazish yo‘lini topishadi, deb o‘ylayman, – derdi u. – Endi hayot unchalik xavfsiz emas. Agar ular meni o‘ldirmoqchi bo‘lishsa, bu shu yerda, Britaniyada bo‘ladi».
Oleg Gordiyevskiyni o‘ldirishmagan. Uning o‘limi sabablarini tergov qilishda koronerga (bevaqt o‘lim sabablarini tekshiruvchi shaxs) terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimlari yordam berayotgan bo‘lsa-da, qotillikka shubha qilish uchun asoslar yo‘q.
Ammo Gordiyevskiy bugungi Rossiya qachonlardir o‘z sirini oshkor qilganlarni kechirmasligini juda yaxshi tushunardi.
Mavzuga oid

00:55 / 20.03.2025
Xitoyda institutning sobiq xodimi josuslik uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi

21:35 / 17.03.2025
Belarusda josuslikda ayblangan Yaponiya fuqarosiga hukm o‘qildi

22:06 / 13.03.2025
AQSh harbiylari Xitoyga qurollar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni sotgani ma’lum bo‘ldi

14:09 / 08.03.2025