O‘zbekiston | 14:27 / 22.03.2025
1504
1 daqiqa o‘qiladi

Malayziya O‘zbekistonda dam olish majmuasini tashkil etishga qiziqish bildirmoqda

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning Selangor shtatida joylashgan MINES Resort City kurort zonasiga tashrif buyurib, Country Heighs Holdings kompaniyasining loyihalar bo‘yicha ijrochi direktori Chuax Tian Pong bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Chuax Tian Pong sobiq tashlandiq qalay koni o‘rnida zamonaviy standartlar asosida qurilgan golf maydoni, ko‘rgazmalar majmuasi, sun’iy ko‘l, mehmonxonalar, davolanish maskani va dam olish zonasi qurilishi tarixi va bugungi faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Malayziya tomoni O‘zbekistonda yuqori toifadagi golf-klub va mehmonxona majmuasini qurishga investitsiya kiritishga tayyorligini bildirdi.

Mamlakat iqlim sharoiti va sayyohlarning talabidan kelib chiqib, Malayziya kompaniyasi vakili keyinchalik ushbu rejalashtirilayotgan majmuani tog‘-chang‘i kurorti va zamonaviy dor yo‘li qurilishini ko‘zda tutgan holda yirik turistik-rekreatsion zonaga aylantirish rejalari ma’lum qilindi.

Mazkur loyihani amalga oshirish imkoniyatlari va joylashuvini batafsil o‘rganish uchun Country Heighs Holdings kompaniyasining loyihalar bo‘yicha ijrochi direktori Chuax Tian Pong rahbarligidagi delegatsiya yaqin kunlarda O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda.

Mavzuga oid