Jahon | 18:19 / 22.03.2025
10424
2 daqiqa o‘qiladi

ChatGPT norvegiyalik erkak ikki farzandini o‘ldirganini to‘qidi

Erkak bu ma’lumotdan hayratda qoldi va kompaniyadan xatoni tuzatishni talab qildi.

Foto: Richard Drew/AP

Norvegiyalik Arve Halmar Holman tasodifan OpenAI kompaniyasining ChatGPT chatboti o‘z oilasi haqida ko‘p narsa bilishini, biroq, tarjimai holi haqidagi ma’lumotlarni buzib ko‘rsatishini aniqladi.

Erkak ChatGPT o‘zi haqida qanday ma’lumotlarni oshkor qilishini sinab ko‘rdi. Natijalar uni hayratda qoldirdi.

Qayd qilinishicha, ChatGPT Holmanning «ikki farzandini o‘ldirgan va uchinchi o‘g‘lini o‘ldirishga uringan, 21 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan jinoyatchi» ekanini aytgan.

Yolg‘on ma’lumotlar orasida haqiqiy faktlar ham bor edi. Xususan, chatbot Holman farzandlarining soni va jinsini, shuningdek, yashash manzilini to‘g‘ri ko‘rsatgan.

Holman bu yolg‘on ma’lumotlarni osonlikcha to‘g‘rilay olmagan va shundan so‘ng, Noyb raqamli huquqlar tashkilotiga shikoyat yo‘llagan. Arizada aytilishcha, OpenAI Yevropa Ittifoqi umumiy reglamentiga ko‘ra, ma’lumotlarning aniqligi talablarini buzgan.

«Meni eng ko‘p qo‘rqitadigan narsa – kimdir bu materialni o‘qib, uni haqiqat deb qabul qilishi edi», dedi u.

ChatGPT Holman haqidagi yolg‘on da’volarni tarqatishni to‘xtatdi. Ammo Noyb huquqshunoslari OpenAI kompaniyasidan Holman haqidagi tuhmatni olib tashlashni va noto‘g‘ri natijalarni bartaraf etish uchun modelni sozlashni talab qilmoqda. Shuningdek, ular kelgusida bunday huquqbuzarliklarning oldini olish uchun ma’muriy jarima solishni taklif qilmoqda.

Mavzuga oid