Jahon | 10:41
1208
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Rossiyaning 30 mlrd yevroga yaqin aktivlarini muzlatib qo‘ydi

Buyuk Britaniya Moliya vazirligi London va uning ittifoqchilari Ukrainadagi urush boshlanganidan beri «Rossiya duch kelgan eng qattiq sanksiyalarni» joriy qilganini bildirdi.

Foto: REUTERS

Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Buyuk Britaniya Rossiyaning umumiy qiymati 25 milliard funt sterlingdan (deyarli 30 milliard yevro) ortiq mablag‘larini muzlatib qo‘ydi. Buni 21 mart, juma kuni Buyuk Britaniya Moliya vazirligining Moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash boshqarmasi (Office of Financial Sanctions Implementation, OFSI) e’lon qilgan ma’lumotlar tasdiqlaydi.

Idoraning ta’kidlashicha, London va uning ittifoqchilari Moskvaga nisbatan «Rossiya duch kelgan eng qattiq sanksiyalar»ni joriy qilgan. OFSI hisob-kitoblariga ko‘ra, natijada Rossiya 2022 yil fevralidan beri 400 milliard dollardan (475 milliard yevrodan ortiq) yo‘qotgan, bu Rossiyaning to‘rt yillik harbiy xarajatlariga teng.

«Rossiyaning umumiy fiskal pozitsiyasi zaiflashdi va federal budjet kamida 2026 yilga qadar kamomadda qolishi kutilmoqda», deyiladi vazirlik matbuot relizida. «Rubl sezilarli darajada qadrsizlandi va Rossiyada malakali ishchilar yetishmayapti, bu esa iqtisodiyotga yanada ko‘proq yuk bo‘lib tushmoqda. Inflatsiya oshmoqda, uning sur’ati maqsadli ko‘rsatkichlardan yuqori, katta stavkalar va iqtisodiy yakkalanish esa kreditlarni qimmatlashtirdi. Sanksiyalar tufayli Rossiya harbiylari muhim ta’minot uchun Shimoliy Koreya va Eron kabi davlatlarga murojaat qilishga majbur bo‘ldi».

«Biz Rossiyaning Ukrainaga vahshiylarcha bostirib kirishiga kengroq javob chorasi sifatida moliyaviy sanksiyalarimizni qat’iy bajarishda davom etamiz», dedi Buyuk Britaniya moliya vaziri Emma Reynolds.

London milliarder Farhod Ahmedovga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi

London rossiyalik milliarder va gaz qazib oluvchi "Nortgaz" kompaniyasining sobiq egasi Farhod Ahmedovga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi. Bu haqda 19 mart, chorshanba kuni Buyuk Britaniya Moliya vazirligining Moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash boshqarmasi (OFSI) ma’lum qildi.

Ahmedovning ismi «jamlangan ro‘yxat»dan o‘chirildi va tadbirkorning o‘ziga endi aktivlari muzlatish yoki trast sektorida nisbatan sanksiyalar qo‘llanmaydi, deyiladi xabarnomada.

London Rossiyaning Ukrainadagi urushi fonida 2022 yil 13 aprelda tadbirkorga nisbatan cheklovlar joriy qilgan.

Mavzuga oid