Jahon | 20:24 / 22.03.2025
3393
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda minglab federal agentlar migrantlarga qarshi kurashga yuborildi

Migrantlarga qarshi kurashga ustuvor ahamiyat berilishi huquqni muhofaza qilish organlarining asosiy vazifalarini ikkinchi o‘ringa tushirgani ta’kidlanmoqda.

Foto: REUTERS/Leah Millis

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, pul yuvish, giyohvand moddalar savdosi va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashish bilan shug‘ullangan AQSh federal agentliklarining minglab xodimlari Tramp ma’muriyatining siyosati tufayli noqonuniy migrantlarni izlashga va deportatsiya qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ichki xavfsizlik departamentining sobiq xodimi Tereza Kardinal-Braun so‘zlariga ko‘ra, «immigratsiyani nazorat qilishga yo‘naltirilayotgan kuchlarning bunchalik ko‘pligini hech qachon ko‘rmagan». Uning ta’kidlashicha, migrantlarga qarshi kurashga ustuvor ahamiyat berilishi huquqni muhofaza qilish organlarining asosiy vazifalarini ikkinchi o‘ringa tushirgan. Bosh prokuror o‘rinbosari Todd Blansh huquq-tartibot idoralari hali ham «qolgan jinoyatlar to‘liq quvvat bilan ta’qib qilinayotganini» ta’kidlab, buni rad etmoqda.

Noqonuniy migrantlarga qarshi reydlarning fotosuratlari va videolariga qaraganda, hatto ilgari immigratsiya siyosatiga unchalik aloqasi bo‘lmagan Alkogol, tamaki, o‘qotar qurollar va portlovchi moddalar byurosi ham jarayonda ishtirok etmoqda. Reuters manbalarining aytishicha, Tramp inauguratsiyasidan beri 2,5 mingga yaqin kishining 80 foiziga immigratsiya bilan bog‘liq vazifalarni bajarish buyurilgan. Ular, birinchi navbatda, AQShda noqonuniy yashayotgan migrantlarni ta’qib qilish uchun ishlatilyapti.

Tramp saylovoldi tashviqoti davomida bir necha bor noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilishga va’da bergan edi. U lavozimga kelganidan beri o‘n minglab odamlar immigratsiya qoidalarini buzganlik uchun hibsga olindi, buning oqibatida vaqtinchalik hibsxonalar gavjum bo‘ldi, prokuratura va sudlar esa tegishli ishlar bilan to‘lib-toshdi.

Mavzuga oid