Fan-texnika | 01:57 / 20.03.2025
6295
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda 3600 yil avval hukmronlik qilgan sirli fir’avnning qabri topildi

Daxma 7 metr chuqurlikda, Qadimgi Misr shaharlaridan biri - Abidosda joylashgan.

Foto: Facebook / Tourismandantiq

Misrda ilgari noma’lum bo‘lgan fir’avnning qabri topildi. U 3600 yil oldin, mintaqada siyosiy beqarorlik hukm surgan davrda hukmronlik qilgan, deb yozadi Independent.

Daxma 7 metr chuqurlikda, Qadimgi Misr shaharlaridan biri — Abidosdagi Anubis tog‘i qabristonida joylashgan. Ushbu hudud taxminan miloddan avvalgi 1700 yildan 1600 yilga qadar Yuqori Misrni boshqargan Abidoslar sulolasi davriga tegishli.

Dafn qilish joyiga olib boruvchi xona devorlariga Isida va Neftida ma’budalarining tasvirlari tushirilgan. Shuningdek, qachonlardir hukmdorning ismi yozilgan chiziqlar saqlanib qolgan. Qabrdan topilgan bezaklar va matnlar taxminan miloddan avvalgi 1650–1550 yillarda yashagan fir’avn Senebkay maqbarasidagi san’at asarlarini eslatadi.

Foto: Facebook / Tourismandantiq 

Topilgan maqbara Abidos sulolasi davriga oid boshqa qabrlardan ancha kattaroq bo‘lib chiqqan (taqqoslash uchun aniq o‘lchamlar keltirilmagan). Taxminlarga ko‘ra, noma’lum fir’avn Senebkay hokimiyat tepasiga kelishidan avval hukmronlik qilgan.

Mazkur qabr fevral oyida e’lon qilingan mashhur topilmadan ko‘p o‘tmay aniqlanmoqda: shotlandiyalik arxeolog Pirs Literland Tutmos II ning ikkita qabrini topganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid