Jahon | 16:56 / 20.03.2025
5789
8 daqiqa o‘qiladi

G‘azo sektorida yana urush. Endi Isroil uni butunlay bosib olishi mumkin

Isroil mudofaa armiyasi bosh shtabining yangi boshlig‘i G‘azoga kattaroq qo‘shin kiritishni hamda sektor hududini to‘liq ishg‘ol etishni ko‘zlagan. Aftidan, Isroilning yangi rejasi Amerika ma’muriyati tomonidan to‘liq ma’qullangan. Harbiy harakatlar tiklanishi Isroilda norozilik namoyishlariga sabab bo‘lmoqda.

Isroil zarbasidan jabrlangan g‘azolik. Jehad Alshrafi / AP / Scanpix / LETA

18 martga o‘tar kechasi Isroil ikki oy amalda bo‘lgan sulhni to‘xtatib, G‘azo sektorida harbiy harakatlarni qaytadan boshladi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, havodan va artilleriya orqali yo‘llangan zarbalar oqibatida 400 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida Hamas siyosiy byurosi a’zosi va G‘azo hukumati rahbari Issam Daalis hamda tashkilotning yana bir necha siyosiy va harbiy rahbarlari bor.

Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektoridagi bir qancha shaharlar, jumladan, shimoldagi Bayt-Xanun hamda janubdagi Xon Yunus aholisiga navbatdagi zarbalar tayyorlanayotgani tufayli evakuatsiya zarurati haqida ogohlantirishlar tarqatgan. 

19 mart kuni kechqurun TSAHAL matbuot xizmati Isroil qo‘shinlari fevral oyida Hamas bilan kelishuv doirasida tark etilgan Netsarim yo‘lagiga yana kirganini ma’lum qildi. Netsarim yo‘lagi – G‘azo sektorini taxminan o‘rtadan kesib o‘tadigan polosa. «Temir qilichlar» amaliyoti davomida (2023 yil oktyabr – 2025 yil yanvar) u G‘azo sektorining shimoliy va janubiy qismlari o‘rtasida to‘siq bo‘lib xizmat qilgan, falastinliklarga uni kesib o‘tish taqiqlangan.

18 mart kuni kechqurun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu millatga telemurojaat bilan chiqdi. U urushni qayta boshlash mas’uliyatini Hamasga yukladi, uning so‘zlariga ko‘ra, falastinliklar xalqaro vositachilar – sulhni uzaytirish bo‘yicha AQSh, Misr va Qatar ilgari surgan barcha takliflarni rad etgan. Hamas G‘azoda garovga olingan 59 nafar isroillikni ozod qilishdan bosh tortgan (taxminlarga ko‘ra, ulardan 24 nafari hali tirik).

Isroil, o‘z navbatida, sektordan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishdan bosh tortdi va Hamasning G‘azodagi hukumatini ag‘darish va guruhni qurolsizlantirishni talab qildi.

Netanyahuning ta’kidlashicha, bundan keyin Hamas bilan har qanday muzokaralar faqat «o‘t ochish ostida» olib boriladi – ya’ni Isroil yangi muzokaralarni boshlash sharti sifatida o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh tortmoqda.

G‘azodagi «Al-Ahli» shifoxonasi oldida, 18 mart
Abdel Kareem Hana) / AP / Scanpix / LETA

AQSh ham Hamas bilan muzokaralarda muvaffaqiyatizlikka uchradi. AQSh prezidenti maxsus vakili Adam Bouler tashkilot vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishga, garovga olinganlarning barchasini bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda bir nafarini – Isroil fuqaroligidan tashqari Amerika fuqaroligiga ham ega bo‘lgan Idan Aleksandrni ozod qilishga harakat qildi. Bu urinish AQSh ma’muriyati va Isroil hukumati o‘rtasidagi tushunmovchilikdan boshqa hech narsaga olib kelmadi, ular amerikaliklar Hamas bilan Tel-Avivni xabardor qilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga kirishganidan qattiq achchiqlanishdi.

Hamas vakillari 18 mart kuni «Isroil tajovuzining qayta boshlanishi» garovga olinganlar taqdirini «mavhum» qilib qo‘yishini aytishdi – bu esa garovdagilar o‘ldirilishi mumkinligiga ochiq ishoradir. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil siyosiy rahbariyati garovga olinganlarning hayotini saqlab qolish uchun yangi chora-tadbirni muhokama qilmoqda: ulardan birortasiga zarar yetkazilsa, Isroil G‘azo sektorining bir qismini anneksiya qiladi. Bu g‘oya umuman Falastin harakati va xususan, Hamas uchun eng sezgir yo‘qotishlar – odamlar emas, balki hudud degan tushunchaga asoslangan.

Ikki oy davom etgan otashkesim davrida Isroil mudofaa armiyasi bosh shtabi boshlig‘i o‘zgargandi. Yangi qo‘mondon, Eyal Zamir urushning yangi rejasini ishlab chiqqan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u G‘azoga 2023 yil oktyabridan 2025 yil yanvariga qadar bo‘lgan muddatda olib borilgan «Temir qilichlar» amaliyoti davridagiga qaraganda kattaroq qo‘shin kiritishni va sektor hududini to‘liq ishg‘ol etishni ko‘zlagan. Shuningdek, TSAHAL gumanitar yordamni taqsimlashni o‘z zimmasiga olmoqchi – hozir bu ish amalda Hamas tomonidan nazorat qilinmoqda va bu unga G‘azodagi tinch aholi ustidan hokimiyatni saqlab qolish imkonini beradi.

Isroil G‘azoda quruqlikdagi kattaroq amaliyotni amalga oshira oladi. 2023-2024 yillarda ushbu davlat ikki frontda jang qilishiga to‘g‘ri keldi: janubda Hamas va shimolda Livanning «Hizbulloh» guruhi bilan. «Hizbulloh»ga qarshi amaliyot juda muvaffaqiyatli o‘tdi: Livandagi shialar tashkiloti nafaqat shaxsiy tarkibda va infratuzilmalar bo‘yicha katta yo‘qotishlarga uchradi, balki o‘z rahbariyati va siyosiy ta’siridan ham ayrildi. Isroil va Livan hatto chegarani demarkatsiya qilish va munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan.

G‘azo sektori bilan chegaradagi Isroil tanki, 18 marta
Menahem Kahana / AFP / Scanpix / LETA

G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amalda bo‘lgan vaqt davomida Isroil Iordan daryosining G‘arbiy sohilida harbiy amaliyot o‘tkazishga va u yerda Falastinning yirik harbiylashgan guruhlari faolligini bostirishga ham ulgurdi.

Isroil, shuningdek, mahalliy druzlar qo‘llovidan foydalanib, Suriya bilan bufer zonani sezilarli darajada kengaytirdi, havo zarbalari orqali Suriyadagi yangi rejimning harbiy salohiyatining katta qismini yo‘q qildi hamda o‘z chegarasining bu qismini bir qadar xavfsiz qildi. 

Bularning barchasi TsAXAL bu safar G‘azoda ko‘proq kuch to‘play olishini anglatadi.

Aftidan, Isroilning yangi rejasi Amerika ma’muriyati tomonidan to‘liq ma’qullangan. Urush boshlanishidan bir necha kun oldin AQSh Hamasning harbiy qobiliyatini saqlab qolgan deyarli so‘nggi faol ittifoqchisi – Yamandagi «Ansor Alloh» (husiychilar) harakatini bombardimon qilishni boshladi.

Harbiy harakatlar qaytadan boshlanishi Isroilda norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Unda sulh paytida ozod qilinganlardan ayrimlari ham ishtirok etmoqda. Ular orasidagi Yarden Bibasning butun oilasi (turmush o‘rtog‘i Shiri, o‘g‘illari Ariyel va Kfir) G‘azoda asirlikda halok bo‘lgan.

Ammo yaqin kelajakda bu noroziliklar Isroil hukumatini Hamas bilan muzokaralarga qaytishga majbur qilishi dargumon. Urush qayta boshlanganidan so‘ng, bosh vazir Benyamin Netanyahu boshchiligidagi hukmron koalitsiya faqat mustahkamlandi: unga o‘ta o‘ngchi «Yahudiy kuchi» partiyasi qaytdi va uning rahbari Itamar Ben-Gvir yana milliy xavfsizlik vaziri bo‘ldi. «Yahudiy kuchi» yanvar oyida Hamas bilan kelishuv tuzganidan so‘ng darhol koalitsiyani tark etgandi, chunki uning pozitsiyasi bu tashkilotni yo‘q qilguncha kurashish kerakligini ta’kidlaydi.

Mavzuga oid