Jamiyat | 15:45 / 18.03.2025
9688
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda noma’lum shaxs 12 yoshli qizga hamla qildi. U ruhiy xasta ekani ma’lum bo‘ldi

Yashnobod tumanida 18 yoshli yigit maktab o‘quvchisi bo‘lgan 12 yoshli qizning qo‘lidan ushlab, og‘zini yopmoqchi bo‘ldi. Hujum qilgan shaxs qiz baqirganidan keyin voqea joyidan qochib ketgan, u shu kunning o‘zidayoq shahar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yashnobod tumani Do‘stobod mahallasida noma’lum shaxs maktab o‘quvchisining ortidan borib, uning qo‘lidan ushlab, og‘zini yopishga uringani aks etgan video tarqaldi. 

Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan bergan izohida ma’lum qilinishicha, voqea 10 mart kuni taxminan soat 16:30 da sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, qizchaga II guruh nogironi, ruhiy-asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turuvchi 18 yoshli X.D. hujum qilgan.

U yonidan o‘tib ketayotgan 2013 yilda tug‘ilgan qizga nisbatan kuch ishlatgan. Jabrlanuvchi qichqirganidan so‘ng X.D. uni qo‘yib yuborgan va qochib ketgan.

Tekshiruv davomida maktab o‘quvchisiga tan jarohati yetmagani aniqlanib, psixolog ishtirokida suhbat o‘tkazilgan. Yigit voqea sodir bo‘lgan kuniyoq shahar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasiga yotqizilgan.

Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid