Jamiyat | 20:07 / 18.03.2025
11664
5 daqiqa o‘qiladi

Paxtachida TTB boshlig‘i xodimlarini ovoz yig‘ishga majburlayapti. U 200 ta monoblok va 50 ta printerni nima qilmoqchi?

Samarqand viloyati Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ulug‘bek Suvonov xodimlarini ovoz yig‘ishga majburlayapti. U topshiriqni bajarishni istamagan shifokorni “nasl-nasabsiz” deya haqoratlagan. Hozir ikkinchi o‘rinda borayotgan loyiha o‘rnini saqlab qolsa, tuman tibbiyot birlashmasi uchun 200 dona monoblok va 50 dona printer sotib olinadi. Shifoxonaga buncha texnika nega kerakligi tushunarsiz.

Samarqand viloyati Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari “Tashabbusli budjet”da ovoz yig‘ishga majburlanyapti. Bu haqda Kun.uz'ga tashkilot xodimlari xabar berdi.

Birlashma boshlig‘i Ulug‘bek Suvonov ovoz to‘plashga majburlashni inkor etgan xodimini “nasl-nasabsiz” deya haqoratlagan va uni itga o‘xshatgan.

Ovoz berish umuman to‘xtamasligi kerak. Rejali chiqasizlar. Bitta-ikkita chiqyapti... Mana bu Nurimovmi, familiyasini ham aniq bilmayman, tilimga olishni ham xohlamayman-da. Nurimovmi, Nurmonovmi, kim? Gemodializning vrachi, Jasur degani. “E, bu majburiy mehnat, buni qilish kerak emas” deb aytarmish. Mana shunaqangi, odam shaklidagi, oq xalatdagi xiyonatkor, sadoqati yo‘q, mafkurasi yo‘q, ma’naviyati yo‘q, hech narsaga arzimaydigan odamlar ishlab yuribdi. Nurimov Jasur deganiga o‘xshaganlar. U qayerda tug‘ilgan? Bu yerda tug‘ilmagan. Uning nasl-nasabi ham qayerdan kelib chiqqan, bilmayman. Unaqangi nasl-nasab, unaqangi ong qayerdan paydo bo‘ladi. Unda nasl ham, nasab ham bo‘lmasa kerak. Qanaqa oiladan, qanday ota-onadan dunyoga kelgan, to‘g‘rimi? Bilmayman. Xodimlariga bu majburiy mehnat, ovoz berishga majbur emasmiz-ku, dermish. Sening o‘zing kimsan-u, ovozing nima. Sensiz ham qilamiz. It, hurib qolaver. Bizning karvon yuradi. Qanaqa ota-ona dunyoga keltirgan uni, alkogolik”, – degan tibbiyot birlashmasi rahbari.

Suvonov jarayonni shaxsan o‘zi to‘liq nazorat qilishini ta’kidlab, unga ovoz yig‘ishda qatnashmaydigan “yiringlar” kerak emasligini aytgan.

Qani qilmay ko‘ring-chi? Qilolmaydiganingiz ayting. Chiqarib tashlayman. Menga unaqangi yiringlar kerak emas. Shularsiz qilaman. Bunaqangi yiring bilan jamoamni bulg‘ab nima qilaman. Lekin ayting. Men nasl-nasabsizman, o‘zim bittaman, hech kimga so‘zim o‘tmaydi, qarindoshim ham, oilam ham yo‘q, deng. Chiqarib tashlayman.

Topshiriq shunday: hammangiz hisobotingizni qilasiz, haqqoniy qilib tashlab berasiz. Ovoz yig‘ishni davom ettirasiz. Ertadan boshlab o‘zim monitoring qilaman. Qo‘ymayman. Men sizlarni ogohlantirdim, bittalab ko‘rib o‘tiraman. Ishim shu bo‘ladi mening”, – degan Suvonov.

“Tashabbusli budjet” loyihasining joriy yildagi 1-mavsumida Paxtachi TTB tomonidan qo‘yilgan loyihalarning 3 tasi ayni paytda eng yuqori ovoz to‘plagan 10 ta loyiha qatoridan o‘rin olib turibdi.

Xususan, tibbiyot birlashmasining Hamroyev Sherxon Murodullayevich tomonidan ilgari surilgan tashabbusi 3700 tadan ortiq ovoz yig‘ib, ikkinchi o‘rinda boryapti. Tashabbusda birlashma uchun 200 dona kompyuter monoblok va 50 dona printer xarid qilish haqida. Loyiha qiymati 1,5 mlrd so‘m etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldingi mavsumlarda ham yuqoridagiga o‘xshash holatlar kuzatilgandi. Jumladan, aynan Paxtachi tumanidagi parkda attraksion qurish haqidagi tashabbus Kun.uz tanqididan keyin g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarib tashlangandi. Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimi o‘rinbosari O‘lmas Istamov esa ovoz to‘plashda qatnashmayotgan xodimlarni ishdan olish bilan tahdid qilgani uchun jarimaga tortilgandi.

Ovoz to‘plashga majburlash – majburiy mehnat sifatida tasniflanadi

Prezident qaroriga ko‘ra, “Tashabbusli budjet”da qo‘l ostidagi xodimlarini ovoz to‘plashga majburlash – majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi.

Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan, majburiy mehnat taqiqlangan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar 50–100 BHM miqdorida jarimaga tortiladi. Xuddi shu harakat takroran yoki voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 148-2-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlik belgilangan.

Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Tashabbusli budjet”da majburiy ovoz to‘plangan loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid