Qozog‘istonda migratsiya qonunchiligini buzgan 1,2 mingdan ortiq chet el fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborildi
Ularning barchasiga Qozog‘istonga kirish besh yilga cheklangan. Noqonuniy migrantlar orasida Bangladesh, Misr, Italiya, Nigeriya va Madagaskar fuqarolari ham bor.

Foto: polisia.kz
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi tomonidan 11-14 mart kunlari «Migrant» respublika tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazildi va unda migratsiya qonunchiligini buzgan 10 mingga yaqin shaxslar aniqlandi, deb xabar beradi Polisia.kz.
Qayd etilishicha, mamlakatda bo‘lish muddatini buzgan 4,5 ming nafar chet el fuqarosi, shuningdek, noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirgan 2,5 ming nafar chet el fuqarosi, shu jumladan, 60 nafar noqonuniy taksi haydovchisi aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, oldinroq IIVning alohida maxsus operatsiyasi davomida ham 700 ga yaqin noqonuniy chet ellik taksichilar borligi qayd etilgan.
«Sudlar allachaqon 1240 nafar chet ellikni chiqarib yubordi, ularning barchasiga Qozog‘istonga kirish besh yilga cheklangan. Qoidabuzarlarning aksariyati, avvalgidek, yaqin xorij mamlakatlaridan. Ammo tezkor tadbir davomida Bangladesh, Misr, Italiya, Nigeriya va Madagaskardan kelgan noqonuniy shaxslar ham aniqlandi. Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan 20 nafar chet el fuqarosi ushlandi», — deydi IIV migratsiya xizmati qo‘mitasi raisi Aslan Atalikov.
Shuningdek, chet elliklarni qabul qilib, ularning kelgani haqida politsiyaga xabar bermagan 2,2 ming kishi 12 million tengedan ortiq miqdorda ma’muriy jarimaga tortilgan. Bundan tashqari, chet elliklarni noqonuniy ishga olganlik uchun 500 ta ish beruvchi ham javobgarlikka tortilgan — ularga 33 million tenge jarima belgilangan.
Ma’lum bo‘lishicha, Qozog‘iston poytaxtidagi universitetlardan birining komendanti pul evaziga 56 nafar mehnat migrantining talaba sifatida vaqtincha yashashi uchun ruxsatnoma rasmiylashtirib bergan. Olmaota viloyatida esa xorijliklarga soxta ishonchnomalar berib, ularni to‘qima manzillar bo‘yicha ro‘yxatga qo‘ygan notarius yordamchisi aniqlangan.
Mavzuga oid

20:12
Qozog‘istonda ota-ona qaramog‘isiz qolgan 10 nafar bola O‘zbekistonga qaytariladi

12:47 / 17.03.2025
O‘zbekiston xalq rassomi O‘rol Tansiqboyevning asarlari Olmaotada namoyish etiladi

07:50 / 17.03.2025
Tatariston O‘zbekistondan 10 ming mehnat migrantini ishga jalb etmoqchi

22:13 / 14.03.2025