Jahon | 19:47 / 16.03.2025
7021
12 daqiqa o‘qiladi

Suriyada alaviylar qirg‘ini: yangi hukumat buni hal qilishga va’da bermoqda, ammo savollar ochiq qolmoqda

Yaqinda Suriya g‘arbida yuz bergan zo‘ravonlik oqibatida yuzlab odamlar, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Odamlar qo‘shni Livanga yoki Rossiyaning Xmeymim aviabazasiga qochib jon saqlagan. Mamlakatning yangi hukumati xotirjamlikka chaqirmoqda va vaziyatni hal qilishga va’da bermoqda, ammo tahlilchilar fikricha, mojaroni tezda hal qilib bo‘lmaydi va yangi fuqarolar urushi istiqbollari ko‘rinmoqda.

Foto: Reuters

Ayni paytda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi o‘tgan haftaning payshanba kunidan beri tinch aholi vakillaridan 111 nafari o‘ldirilganini tasdiqladi, ammo haqiqiy raqamlar ancha katta ekani taxmin qilinmoqda.

Agentlik bu qotilliklarning aksariyatini sudsiz va tergovsiz qatllar deb hisoblaydi, aftidan, ular diniy sabablarga ko‘ra, ayniqsa, asosan alaviylar yashaydigan hududlarda amalga oshirilgan. Ba’zi hollarda butun oilalar o‘ldirilgan.

Buyuk Britaniyada joylashgan Suriyadagi inson huquqlariga rioya etilishini kuzatish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar paytida 1300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, bu qotilliklar asosan O‘rta Yer dengizi sohili bo‘yidagi Lataqiya va Tartus viloyatlarida ro‘y bergan. Dushanba kuni markaz kuzatuvchilari o‘ldirilganlardan 1000 ga yaqin tinch aholi vakillari bo‘lgani, ularning aksariyati yangi hukumatga aloqador yoki unga sodiq bo‘lgan jangarilar tomonidan o‘ldirilganini ma’lum qildi. Bu odamlarni Suriyaning yangi hukmdorlari kuch tuzilmalari o‘ldirgani haqidagi da’volarni tasdiqlash imkonsiz.

Manbalarga ko‘ra, yangi hukumat xavfsizlik xizmatining 230 nafar xodimi va Asad tarafdorlari bo‘lgan 250 nafar jangari ham halok bo‘lgan.

Foto: EPA

O‘tgan yilning dekabr oyida Ahmad ash-Shar’a boshchiligidagi Suriya muxolifati kuchlari prezident Bashar Asadni hokimiyatdan ag‘darib, 600 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan 13 yillik fuqarolar urushiga chek qo‘yganidan so‘ng, Suriyada nisbatan tinchlik o‘rnatilib, mamlakatga qochqinlar qaytib kela boshlagandi.

Biroq yangi hokimiyat o‘rnatilganidan ko‘p o‘tmay, sobiq prezident tarafdorlari – asosan Asadning o‘zi kabi alaviylar – Suriyaning asosan alaviylar yashaydigan shimoli-g‘arbiy sohillarida yangi hukumatga qarshi qo‘zg‘alon ko‘tardi.

Asad armiyasining sobiq brigada generali Giat Dalla amaldagi hukumatga qarshi isyon e’lon qilib, «Suriyani ozod qilish bo‘yicha harbiy kengash» tuzilishini ma’lum qildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, qurollarini topshirishdan bosh tortgan Asad rejimining sobiq xavfsizlik xizmati zobitlari tog‘larda qarshilik guruhini tuzmoqda.

Bunga javoban ash-Shar’a boshchiligidagi «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi va uning ittifoqchilari jangarilari hududda tozalash amaliyoti boshladi.

Payshanba kuni dengiz bo‘yidagi Jabla shahrida isyonchilar qo‘ygan pistirmada xavfsizlik xizmatining 13 nafar xodimi halok bo‘ldi. Bunga javoban rasmiylar mintaqaga qo‘shimcha kuchlar yubordi, ularga qurolli guruhlar va hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ayrim shaxslar qo‘shildi.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, ular hudud bo‘ylab alaviylarning shahar va qishloqlarini tintuv qilib, aholini o‘ldirgan, uylar va do‘konlarni talagan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi vakili Tamin al-Xitan seshanba kuni mintaqadan «dahshatli zo‘ravonlik ko‘lami» haqida xabarlar kelishda davom etayotganini aytdi.

«Qator o‘ta tashvishli holatlarda butun boshli oilalar, jumladan, ayollar, bolalar va jangga kirmagan shaxslar o‘ldirilgan, bunda asosan alaviylarning shahar va qishloqlari nishonga olingan, – dedi u. – Idoramiz tomonidan to‘plangan ko‘plab dalillarga ko‘ra, jinoyatchilar uylarga bostirib kirib, aholidan ularning kimligini - alaviylarmi yoki sunniylarmi, deb so‘rab, keyin ularni o‘ldirishgan yoki ularga rahm qilishgan».

Xitanning so‘zlariga ko‘ra, Asad tarafdorlari Lataqiya, Tartus va Baniyasdagi bir qancha shifoxonalarga ham hujum uyushtirgan. Ular xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlarga kirishgan, natijada o‘nlab tinch aholi, jumladan, bemorlar va shifokorlar jabrlangani aytilmoqda. Shifoxona binolariga ham zarar yetgan.

Sana davlat axborot agentligi to‘rt kishi sohil bo‘yidagi qishloqda olingan videolar orqali «tinch aholiga qarshi qonli jinoyatlar» uchun hibsga olingani haqida xabar berdi.

Shu bilan birga, seshanba kuni mahalliy aholining xabar berishicha, vaziyat biroz yaxshilangan – tunda faqat ahyon-ahyonda o‘q ovozlari eshitilgan.

Foto: Reuters 

Biroq, tinch aholi vakillaridan ko‘pchiligi zo‘ravonlik takrorlanishidan qo‘rqib, uylarini tark etgan. Ular qo‘shni Livan va Rossiyaning Lataqiyadagi Xmeymim aviabazasidan boshpana izlamoqda. Ba’zilari qishloq joylarda yoki maktab binolarida yashiringan.

So‘nggi kunlarda 6 mingdan ortiq kishi chegara orqali Livan shimoliga qochib o‘tdi, deb xabar berdi dushanba kuni BMTning qochqinlar bo‘yicha agentligi vakili Liza Abu Xolid.

New York Times videolar va sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib chiqib, tinch aholi vakillari Rossiyaning Xmeymimdagi aviabazasi va Lataqiya xalqaro aeroporti hududida yashiringanini tasdiqladi.

Dam olish kunlari olingan videolarda ko‘p sonli odamlar baza oldida plakatlarni silkitib, «Biz xalqaro himoyani xohlaymiz» deb hayqirayotganini ko‘rish mumkin. Planet Labs tijoriy sun’iy yo‘ldosh kompaniyasi tomonidan shanba kuni olingan tasvirlarda baza ichidagi yo‘llarda paydo bo‘lgan yuzlab avtomobillarni ko‘rish mumkin. Videolardan birida bolalar va ayollar Rossiya harbiy mashinalari oldidan o‘tayotgani, harbiy libosdagi kishilar ularga oziq-ovqat tarqatayotgani ko‘ringan. Shuningdek, aeroport hududida o‘ndan ortiq harbiy chodirlar o‘rnatilgan.

Yangi hukumat uchun «birinchi sinov»

Ash-Shar’a o‘tgan yakshanba kuni hukumat zo‘ravonlikni tekshirish va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun faktlarni aniqlash qo‘mitasini tuzayotganini aytdi. Suriya rasmiylari tartibsizliklarda Asad tarafdorlarini ayblamoqda va hozircha qon to‘kish uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.

Biroq so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tinch aholining o‘ldirilishi aks etgan videolar paydo bo‘lgach, hukumat xavfsizlik kuchlari bir necha jangarini hibsga oldi.

Foto: Getty Images 

BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk seshanba kuni Suriyaning yangi hukumatini «tezkor, puxta, mustaqil va xolis tergov»ni ta’minlashga chaqirdi, deyiladi bayonotda.

Financial Times xabarida qayd etilishicha, Asad tarafdorlarining hujumlari qulagan rejim tarafdorlari isyon ko‘tarishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ro‘yobga chiqishi bo‘ldi.

«Bu hokimiyat uchun birinchi haqiqiy ichki sinov edi. Ular muvaffaqiyatsizlikka uchradi, – dedi Financial Times uchun bergan intervyusida International Crisis Group’ning Suriya bo‘yicha tahlilchisi Nanar Xavach. – Yangi hukumatning qonuniyligi hozir shubha ostida».

Endi Shar’a rejimi oldida tanlov turibdi. U uzoq muddatli tahdidga aylanib ketmasligi uchun boshlanayotgan isyonchilik harakatini to‘xtatishi, o‘zining ko‘plab suriyaliklar (ayniqsa ozchiliklar) hamda u sanksiyalarni yumshatishga intilayotgan hukumatlar oldidagi obro‘siga putur yetkazgan mazhablararo zo‘ravonlikni jilovlashi kerak.

Suriyadagi Etana tadqiqot tashkilotining anonim qolishni istagan eksperti so‘zlariga ko‘ra, sohil hududi – Asad tarafdorlari guruhlarini, jumladan, xorijdagi rejim tarafdorlari yordamida safarbar qilish uchun «unumdor tuproq»dir. Yangi hukumatning armiyani tarqatib yuborish va maosh to‘lashni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori tufayli minglab sobiq jangchilar kun kechira olmayapti.

Armiya yo‘qligi

Shar’aning muammolaridan biri – intizomli armiyaning yo‘qligi, deya ta’kidlaydi FT. Tahlilchilar Ichki ishlar vazirligi xavfsizlik kuchlarining katta qismini tashkil etuvchi Hsh jangchilari boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tayyorlangan deb hisoblasa-da, mamlakatda Asadning fuqarolar urushi davridagi vahshiyliklari uchun qasos olishni istaydigan ko‘plab qurolli guruhlar va jangarilar mavjud.

Konfessiyalararo zo‘ravonlikka aloqador deb hisoblanganlar orasida asosan mamlakat shimolida harakat qilayotgan isyonchi guruhlarni birlashtirgan Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Suriya milliy armiyasining bir qismi ham bor edi.

Tahlilchilar hisoblashicha, Suriyaning turli nuqtalarida harakat qilayotgan isyonchi guruhlar Mudofaa vazirligining to‘liq nazoratiga o‘tmasdan turib, Suriya bilan uzoq muddatli barqarorlik haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Shar’a bu guruhlarni tarqatib yubormoqchi, ammo hukumat ularga pul to‘lashni boshlamaguncha, fraksiyalarni armiyaga qo‘shish yoki tinchlikni saqlash uchun professional kuchlarni safarbar qilish oson bo‘lmaydi.

Masalaning moliyaviy tomoni esa G‘arb bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va Asad rejimiga qarshi joriy qilingan sanksiyalar bekor qilinishiga bog‘liq. Lekin hozircha bu real bo‘lib ko‘rinmayapti.

Hokimiyat o‘tkazilishi cho‘zilishi

Sharqshunos Ruslan Sulaymonov BBC bilan suhbatda Suriya shimoli-g‘arbida sodir bo‘layotgan voqealar mamlakatdagi siyosiy tranzit cho‘zilib ketishi natijasi ekanini ta’kidlaydi.

Asad hokimiyatdan ag‘darilganining ikkinchi kunida tuzilgan hukumat ish muddati 1 martgacha belgilangandi, ammo u hozir ham ishlamoqda. Hech qanday yangi o‘tish davri hukumati paydo bo‘lmadi. Ozchiliklarga va’da qilingan huquqlar ham berilmadi. Joylardagi voqealar, Hsh jangarilarining reydlari, ozchilik vakillariga hujumlar davom etdi, deb eslatadi u.

Sulaymonovning ta’kidlashicha, alaviylarning jiddiy homiylari yo‘q – masalan, o‘z qurolli kuchlarini yaratishda yordam bergan amerikaliklar bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lgan kurdlardan farqli o‘laroq. Shuning uchun ular bilan tinchlik muzokaralari olib borilmoqda va dushanba kuni kechqurun kurd otryadlarini Suriya armiyasiga qo‘shish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Druzlar ularni xafa qilmaslikka va’da bergan Isroil bilan yaqin aloqada. Alaviylarda esa bunday qo‘llab-quvvatlash yo‘q.

Yaqinda Suriyadan qaytgan Sulaymonovning ta’kidlashicha, mamlakatda, bir tomondan, «erkinlikdan mastlik» bor, suriyaliklar amaldagi hokimiyatni erkin muhokama qilmoqda, boshqa tomondan esa noaniqlik hissi bor. Ko‘pchilik mamlakat uchun ochilgan imkoniyatlar oynasi uzoq davom etmasligidan va istalgan vaqtda yopilib qolishidan xavotirda.

«Chunki, baribir, barcha hukumatga «Al-Qoida», IShID kabi terrorchilik guruhlaridan chiqqanlar kelgani, ayniqsa oddiy jangarilar boshqa mafkurani, boshqa usullarni bilmasligini xayolidan chiqara olmaydi, – deydi ekspert. – Bu guruhlar, ayniqsa, IShID bizga qanday munosabatda bo‘lgani, shunchaki o‘ldirgani, boshlarni kesgani va hokazolarni eslashning o‘zi kifoya. Odamlar buni yoddan chiqarmaydi, lekin yomon narsalar haqida o‘ylamaslikka va siyosiy tranzit og‘riqsiz bo‘lishiga umid qiladi».

Shu bilan birga, Sulaymonov Suriyadagi vaziyat Livan ssenariysi bo‘yicha rivojlanishini istisno etmaydi: barcha barchaga qarshi fuqarolar urushi. Mamlakatning kelajagi ko‘p jihatdan Shar’a hukumatining qanday va kim bilan kelisha olishiga, bergan va’dalarini qay darajada bajarishiga bog‘liq.

Mavzuga oid