Jahon | 20:50 / 16.03.2025
4167
2 daqiqa o‘qiladi

Panamaning yarmi elektr energiya va ichimlik suv ta’minotisiz qoldi

Bunga La Chorrera issiqlik elektr stansiyasida yuz bergan yong‘in sabab bo‘lgan. Mamlakat prezidenti energetika vaziridan holat bo‘yicha hisobot talab qildi.

Foto: Manuel Vega Loo / La Estrella de Panamá

Panama provinsiyalarining yarmi elektr energiya ta’minotisiz qoldi. Bu, xususan, poytaxt mintaqasi, Kolon, Chiriki, Los-Santos, Errer, Veraguas va G‘arbiy Panama provinsiyalariga ta’sir ko‘rsatdi, deb yozadi La Estrella de Panama.

Qayd etilishicha, bunga La Chorrera issiqlik elektr stansiyasida yuz bergan yong‘in sabab bo‘lgan. Panama o‘t o‘chirish xizmati vakili polkovnik Anxel Delgadoning so‘zlariga ko‘ra, gap issiqlik elektr stansiyasidagi transformatorda kuzatilgan yong‘in haqida ketmoqda.

Panama prezidenti Xose Raul Mulino o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga Chiriki provinsiyasida ekani va bu yerda ham elektr energiyasi yo‘qligini yozib qoldirgan. «Kechirib bo‘lmaydi. Xabarlarga ko‘ra, zarar juda ulkan. Men ASEP (jamoat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha boshqarma) va energetika vaziridan dushanba kuniga hisobot taqdim etishini so‘rayman. Shunga mos harakat qilamiz. Bunday jirkanch xizmat ko‘rsatish yetarli», — deb yozadi.

ETESA davlat kompaniyasi (elektr energiyasi operatori) rahbarining ma’lum qilishicha, xususiy elektr generatoriga yetkazilgan zarar sabab himoya tizimi ishlab ketgan. Energetika vaziri Xuan Urriola davlat rahbariga elektr tarmog‘i faoliyati qayta tiklangani to‘g‘risida xabar berganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, butun mamlakat bo‘ylab suv tozalash inshootlari va quduqlar ishiga elektr energiya tizimidagi uzilish sababli putur yetgan, shu bois ichimlik suv ta’minoti elektr ta’minoti tiklangunga qadar to‘xtatilgan.

Mavzuga oid