Jahon | 21:20 / 16.03.2025
2535
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh armiyasining Yamanga zarbalari haftalab davom etishi mumkin

Qo‘shma Shtatlar Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi ushbu hujumlarni Yamanda amalga oshiriladigan keng ko‘lamli operatsiyaning boshlanishi deb atadi.

Foto: Reuters

Donald Tramp ma’muriyati vakillarining The Guardian’ga ma’lum qilishicha, AQSh Harbiy-havo kuchlarining Yamandagi husiylarga zarbalari hali bir necha hafta davom etishi mumkin.

15 mart kuni Donald Tramp AQSh Qurolli kuchlariga Yamandagi «Ansorulloh» harakatining husiylariga qarshi harbiy operatsiya boshlashni buyurdi. U ushbu harakatni AQSh hamda boshqa davlatlarning dengiz kemalari va samolyotlariga qarshi «qaroqchilik, zo‘ravonlik va terrorizmda» aybladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, aviazarbalar oqibatida 31 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohat olgan.

Qo‘shinlarning Yaqin Sharqdagi harakatlarini boshqaruvchi AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi shanba kungi hujumlarni Yamanda amalga oshiriladigan keng ko‘lamli operatsiyaning boshlanishi deb atadi.

«Husiylarning Amerika kema va samolyotlariga (va bizning qo‘shinlarimizga!) hujumi qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir. Ularning homiysi bo‘lgan Eronga esa ogohlantirish berildi», — deb yozadi AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga.

Pentagon vakilining gazetaga ma’lum qilishicha, 2023 yildan beri husiylar AQSh harbiy kemalariga 174 marotaba, tijoriy kemalarga esa 145 marotaba hujum uyushtirgan.

Al-Arabiya telekanalining guruhni ismi oshkor etilmagan vakiliga tayanib ma’lum qilishicha, husiylar AQSh bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.

O‘z navbatida husiylar siyosiy byurosi a’zo Huzam al-Asadning qayd etishicha, «Ansorulloh» AQSh Yaman shaharlari bombardimon qilingani uchun javob bermagunga qadar muzokaralarga borish niyatida emas.

Ma’lumot uchun, husiychilar – yamanlik shia jangari harakati bo‘lib, rasman «Ansorulloh» nomi bilan tanilgan. Ular Yaman hukumatiga qarshi, shuningdek, Saudiya Arabistoni va uning ittifoqchilariga faol qurolli qarshilik ko‘rsatadi, Isroilni asosiy dushmani deb hisoblaydi.

Mavzuga oid