O‘zbekiston | 20:49 / 15.03.2025
1579
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xususiy maktablardagi o‘quvchilar soni 100 mingdan oshdi – infografika

2018 yilda O‘zbekistonda 14 mingga yaqin bola xususiy maktabga borardi. 2024 yilga kelib, ularning soni 112 mingdan oshgan. Xususiy maktab o‘quvchilari o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 75 foizga oshgan. Farzandi xususiy maktabga boradigan ota-onalar daromad solig‘idan imtiyozga ega.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2024/25 o‘quv yilining boshlanish payti holatiga, xususiy maktablarda o‘qiyotgan o‘quvchilar soni 112 ming 93 nafarga yetdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu – o‘tgan o‘quv yilida qariyb 2 barobar, 2018/19 o‘quv yili boshiga nisbatan esa 8,1 barobarga ko‘proq.

Yillar kesimida nodavlat maktablarda o‘quvchilar soni:

➖ 2018/19 – 13 769 nafar;

➖ 2019/20 – 21 042 nafar;

➖ 2020/21 – 26 970 nafar;

➖ 2021/22 – 30 553 nafar;

➖ 2022/23 – 45 927 nafar;

➖ 2023/24 – 64 010 nafar;

➖ 2024/25 – 112 093 nafar.

Hozirgacha eng katta o‘sish 2024/25 o‘quv yiliga to‘g‘ri keladi: bir yil oldingiga nisbatan xususiy maktablardagi o‘quvchilar soni 75 foizga ko‘paygan.

Pandemiya yilida esa o‘sish sekinroq bo‘lgan. Umumiy tendensiyaga qaralsa, oxirgi 6 yilda xususiy maktab o‘quvchilari soni o‘rtacha yillik hisobda juda tez o‘sgan – 43,1 foiz.

Farzandini xususiy maktabga bergan ota-onalarga soliq imtiyozi bor

2022 yil 1 apreldan boshlab nodavlat maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga ota-onalar tomonidan farzandi uchun oyiga 3 mln so‘mgacha yo‘naltirilgan summalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilingan.

Bu imtiyozdan biryo‘la ish haqi orqali to‘lovlarni amalga oshirayotganda foydalanib qolish mumkin. Agar foydalanmasa, deklaratsiya to‘ldirib, qaytarib olsa bo‘ladi. Bunda xususiy nodavlat maktab va maktabgacha ta’lim muassasasi bilan shartnoma va yo‘naltirilgan summa haqida asoslovchi ma’lumotlar bo‘lishi lozim.

Agar ota-ona maktabga to‘lov qilayotganda bu imtiyozdan foydalanmagan bo‘lsa, yil yakunlari bo‘yicha soliq organlariga deklaratsiya topshirib, soliqni qaytarib olish mumkin. Buning uchun my3.soliq.uz portaliga kirib, “barcha xizmatlar” bo‘limi tanlanadi. Bo‘limdagi jismoniy shaxslar yozuvi ustiga bosiladi. Deklaratsiya to‘ldirish uchun elektron raqamli imzo bo‘lishi kerak. ERI orqali kirilganda hisobot turi, davr qatorlari to‘ldiriladi.

Keyingi bosqichda ish haqi va ish joyi hamda to‘langan daromad solig‘i summasi haqidagi ma’lumotlar avtomatik shakllanadi. Keyin soliq imtiyozlari bo‘limida “soliq solinmaydigan daromadlar” qatori va imtiyoz turi tanlanadi. Shundan so‘ng jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami va maktabning STIRi (INN) kiritiladi. To‘lov-shartnoma raqami va to‘langan kontrakt summasi tegishli qatorlarga kiritilgach, kontrakt shartnomasi va kvitansiya ilova qilinadi. Deklaratsiyani qo‘llash tugmasi bosilganda, qaytariladigan daromad solig‘i summasi avtomatik shakllanadi.

Daromad solig‘ini 5 yil ichida qaytarib olish mumkin.

Mavzuga oid