Jahon | 20:53 / 13.03.2025
2795
3 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda poyezdni garovga olgan jangarilarga qarshi operatsiya yakunlandi

Armiya ma’lumotlariga ko‘ra, 400 nafardan ortiq yo‘lovchini garovda ushlab turgan 33 hujumchining barchasi yo‘q qilindi. Tinch aholi va harbiylar orasida ham qurbonlar bor.

Foto: Reuters

Pokiston harbiylari mamlakat janubi-g‘arbida yo‘lovchi poyezdini garovga olgan jangarilarga qarshi operatsiyani yakunladi. Armiya ma’lumotlariga ko‘ra, 33 hujumchining barchasi yo‘q qilindi, biroq operatsiya paytida 21 nafar fuqaro va 4 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘ldi.

11 mart kuni Balujiston ozodlik armiyasi (BLA) vakillari temiryo‘l relslarini portlatib, Kvettadan Peshovarga ketayotgan «Jaffar Express» poyezdini o‘qqa tutdi. Poyezdda 440 nafar yo‘lovchi bor edi. Keyin jangarilar poyezdga bostirib kirib, hujjatlarni tekshirib, xavfsizlik kuchlari vakillariga zo‘ravonlik qildi. Hujum qilganlarning ba’zilari xudkush kamar taqib olgani, bu qutqaruv operatsiyasini murakkablashtirgani aytilmoqda.

Pokiston harbiylari aviatsiya va maxsus kuchlar ishtirokida operatsiya o‘tkazdi. Armiya matbuot kotibi Ahmad Sharif Chaudrining aytishicha, asosiy maqsad xudkushlik kamarini taqib olgan terrorchilarni yo‘q qilish edi. Harbiylar vagonlardagi jangarilarni birma-bir yo‘q qilishga kirishdi.

Hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan BLA ma’lumotiga ko‘ra, qarama-qarshilik davom etmoqda va ko‘plab odamlar garovda ushlab turilibdi. Guruh 50 kishini o‘ldirganini va o‘z tashabbusi bilan ba’zilarini qo‘yib yuborganini ta’kidlamoqda. Avvalroq, jangarilar agar rasmiylar 48 soat ichida baluj siyosiy mahbuslarini ozod qilmasa, asirlarni «qatl etish» bilan tahdid qilgan edi.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif 13 mart kuni Balujistonga tashrif buyurib, garovdan ozod etilganlar bilan uchrashdi. U hujumni «qo‘rqoqlik» deb qoralab, mintaqada xavfsizlikni kuchaytirishga va’da berdi. Rasmiylarning bildirishicha, halok bo‘lganlardan 25 nafarining jasadi Kvettaga olib ketilgan, u yerda oilalar motam marosimlarini o‘tkazadi.

Poyezd mashinisti Amjad so‘zlariga ko‘ra, hujum boshlanganda u boshqaruv kabinasining poli ostiga yashiringan va u yerda 27 soat qolib ketgan. Jangarilar uni o‘ldiga chiqargan.

Tabiiy resurslarga boy Balujiston uzoq vaqtdan beri ayirmachilar va Pokiston hukumati o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarga sahna bo‘lib kelyapti. BLA kabi guruhlar ko‘proq muxtoriyat va mintaqaning iqtisodiy loyihalaridan, jumladan Xitoy sarmoyasi kiritilgan Gvadar porti, mis va oltin konlaridan ulush talab qilmoqda.

BLA 1970 yillardan beri mavjud, ammo 2013 yilda Pokiston Gvadar dengiz portini Xitoyga ijaraga berganidan keyin uning faolligi keskin oshdi. Ayirmachilar hukumatni Balujiston tabiiy boyliklarini mahalliy aholi manfaatlarini hisobga olmasdan ishlatishda ayblamoqda. Jangarilar xitoylik ishchilarni Gvadarga olib ketayotgan karvonlarga muntazam hujum qilib turadi, oqibatda qurbonlar bo‘ladi.

Pokistonda dunyo balujlarining taxminan 70 foizi - 6,2 million kishi istiqomat qiladi. Ular Pokistondan tashqari Eron, Afg‘oniston, Turkmaniston va mintaqaning boshqa qator davlatlarida ham yashaydi.

Mavzuga oid