Jahon | 10:23
5592
3 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda jangarilar yo‘lovchi poyezdini o‘qqa tutdi va odamlarni garovga oldi

Pokistonda «Belujiston ozodlik armiyasi» ayirmachilari ichida 400 ga yaqin kishi bo‘lgan poyezdni o‘qqa tutdi. Jangarilar yo‘lovchilar garovga olinganini bildirishgan va agar talablari bajarilmasa, poyezddagi odamlarni o‘ldirish bilan tahdid qilishgan.

Foto: Getty Images

Jaffar Express kompaniyasining Kvetta shahridan Ravalpindiga yo‘l olgan poyezdiga hujum mamlakat janubi-g‘arbida, Belujiston viloyatida sodir bo‘ldi.

Jangarilarning harakatlari natijasida poyezd harakati to‘xtatilgan. Tarkib tunnelda turibdi, deb xabar bergan Reuters. AFP agentligi politsiya vakiliga tayanib yozishicha, poyezd tog‘dagi tunnel oldida to‘xtatilgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, tunnel yaqinida portlash, shuningdek, otishma ovozi eshitilgan. Poyezd to‘xtatilgan hududda mobil aloqa va internet yo‘q, deya ma’lum qildi BBC’ga mahalliy rasmiylar.

«Belujiston ozodlik armiyasi» bayonotida aytilishicha, jangarilar poyezdda ketayotgan odamlarni, shuningdek, hujumni qaytarishga uringan xavfsizlik kuchlarini garovga olgan. Ayirmachilar o‘z bayonotida agar politsiya va harbiylar chekinmasa, garovga olinganlarni yo‘q qilish bilan tahdid qilmoqda.

Rasmiylar garovga olinganlar haqidagi ma’lumotni hali tasdiqlamadi. Poyezd o‘qqa tutilishi oqibatida mashinist yaralangan.

Pokiston politsiyasi ma’lum qilishicha, poyezd to‘xtatilgan joyga xavfsizlik kuchlari yuborilgan. Belujiston viloyati hukumati vakili mahalliy Dawn nashriga bergan intervyusida xavfsizlik kuchlarining jangarilar bilan shiddatli otishmalari haqida aytib bergan.

Pokiston ichki ishlar vaziri Muhsin Nakvi poyezdga qilingan hujumni qoraladi va rasmiylar «aybsiz yo‘lovchilarga o‘q uzgan hayvonlarga yon bermasligi»ni aytdi.

«Belujiston ozodlik armiyasi» 1970-yillar boshlarida tashkil etilgan isyonchi tashkilot bo‘lib, u Belujiston mustaqilligini tan olishni talab qiladi va mintaqa resurslarini to‘liq nazorat qilishga da’vo qiladi. U AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi davlatlari kabi bir qator mamlakatlarda terrorchi tashkilot deb topilgan.

O‘tgan yili tashkilot jangarilari hududda qator halokatli portlashlarni amalga oshirgandi.

2024 yil noyabrida Kvetta temiryo‘l stansiyasida poyezd portlashi oqibatida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan, yana o‘nlab kishilar jarohatlangandi.

Mavzuga oid