O‘zbekiston | 12:43 / 08.03.2025
1905
2 daqiqa o‘qiladi

Ayrim yuridik shaxslar majburiy tartibda elektron to‘lov tizimlariga ulanadi

O‘zbekistonda 1 iyuldan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, shuningdek, gaz, neft mahsulotlarini sotuvchi va mol-mulkini ijaraga beruvchi kompaniyalar elektron to‘lov tizimlariga ulanishi shart.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Elektron to‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, 2025 yil 1 iyuldan boshlab aholi uchun xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, gaz va neft mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi hamda mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslar majburiy tartibda elektron to‘lov tizimlariga ulanadi va to‘lovlarni ular orqali amalga oshirish imkoniyatini yaratadi.

Elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lovlarni qabul qilishdan bosh tortish soliq qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Strategik islohotlar agentligi hukumatning iqtisodiy bloki va Markaziy bank bilan hamkorlikda 2025–2030 yillarda elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha Kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va e’lon qiladi.

Maqsad – o‘tgan yilning 20 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasi yig‘ilishida e’lon qilingan strategik vazifa – onlayn to‘lovlar ulushini 60 foizga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.

Mazkur qarorning qabul qilinishi mamlakat to‘lov infratuzilmasini modernizatsiya qilish, moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini oshirish va aholi hamda biznes uchun qulay shart-sharoit yaratish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Mavzuga oid