Tramp fuqarolari AQShga kirishi taqiqlangan mamlakatlar ro‘yxatini kengaytirmoqchi – OAV
Qayd qilinishicha, fuqarolarining Qo‘shma Shtatlarga kirishi taqiqlanishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarning «qizil ro‘yxati» tuziladi.

Foto: Jim Wilson/The New York Times
Tramp ma’muriyati ba’zi mamlakatlar fuqarolari uchun Qo‘shma Shtatlarga kirishga yangi taqiqlarni joriy qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu avvalgi xuddi shunday choralardan kengroq bo‘ladi, deb yozdi The New York Times.
Qayd qilinishicha, fuqarolarining Qo‘shma Shtatlarga kirishi taqiqlanishi mumkin bo‘lgan mamlakatlarning «qizil ro‘yxati» tuziladi. Bu haqda nashr manbasi ma’lumot bergan.
Rasmiylardan birining aytishicha, taklif etilayotgan qizil ro‘yxatga asosan Trampning avvalgi cheklovlaridan joy olgan mamlakatlar kiritiladi: Kuba, Eron, Liviya, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Suriya, Venesuela va Yaman. Boshqa manbaga ko‘ra, loyihada Afg‘oniston fuqarolarining Qo‘shma Shtatlarga kirishi to‘liq taqiqlanishi shartli ravishda taklif etilgan.
Tavsiyalar, shuningdek, fuqarolari uchun kirish cheklangan, ammo to‘liq yopilmagan mamlakatlarning «pushti» guruhini ham o‘z ichiga oladi. Misol uchun, vizalar faqat ayrim toifadagi odamlarga, masalan, nisbatan badavlat ishbilarmon sayohatchilarga berilishi mumkin, ammo immigrantlar yoki sayyohlarga emas. Shuningdek, vizalarning amal qilish muddati qisqartirilishi mumkin. Nomzodlar suhbatda shaxsan ishtirok etishi shart.
Uchinchi toifadagi yoki «sariq» ro‘yxatdagi mamlakatlarga ba’zi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 60 kun beriladi, shundan so‘ng ular boshqa ikkita toifadan biriga qo‘shilishi mumkin, dedi manbalar. Bu muammolar AQShga kelayotganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning noto‘g‘ri taqdim etilishi, pasport berishda xavfsizlik choralarining yetarli emasligi yoki cheklovlardan qochish uchun taqiqlangan mamlakatlardan kelgan odamlarga fuqarolikni sotishni o‘z ichiga olishi mumkin.
Amaldagi vizaga ega odamlar taqiqdan ozod qilinadimi yoki bu vizalar bekor qilinadimi yoki yo‘qmi noma’lum. Bu doimiy rezidentga aylangan «grin karta» egalariga ta’sir qiladimi yoki yo‘qmi, bu ham noma’lum.
Trampning ma’lum mamlakatlarga nisbatan kirishni taqiqlash siyosati 2017 yilda boshlangan. Shu yil sentabrda mazkur taqiq Chad, Eron, Liviya, Shimoliy Koreya, Suriya, Venesuela va Yaman fuqarolariga nisbatan joriy qilindi. 2020 yil yanvar oyida oltita yangi davlat ro‘yxatga kiritildi: Nigeriya, Eritreya, Myanma, Qirg‘iziston, Tanzaniya va Sudan.
Jo Bayden 2021 yil yanvarida prezident bo‘lganida, Trampning taqiqlarini bekor qildi va bu mamlakatlardan kelgan odamlar uchun individual test tizimini qaytargan edi.
Mavzuga oid

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

23:36 / 08.03.2025
Eron AQSh bilan muzokara o‘tkazishni rad etdi

20:30 / 08.03.2025