O‘zbekiston | 20:35 / 06.03.2025
2327
4 daqiqa o‘qiladi

Abonentlarga sanitar tozalash xizmatini ko‘rsatishda cheklovlar mavjudmi?

Chiqindilarni boshqarish agentligi olib chiqib ketiladigan qattiq maishiy chiqindilarning miqdori cheklangani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 fevraldagi “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 95-son qaroriga muvofiq chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish tartibi belgilangan.

Mazkur qaror (1-ilova)ga ko‘ra “qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish” qoidalari tasdiqlangan.

Qoidaga binoan sanitar tozalash korxonalari tomonidan abonentlarga qattiq maishiy chiqindilar, ya’ni jismoniy shaxslarning hayoti va faoliyati hamda yuridik shaxslarning faoliyati natijasida hosil bo‘luvchi organik va noorganik chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatiladi. Ularning tarkibiga quyidagi: hududda va obodonlashtirish obektlaridagi tabiiy jarayonlar natijasida hosil bo‘luvchi (oziq-ovqat, o‘simlik, yog‘och, shisha, rezina, qog‘oz, plastmassa, to‘qimachilik mahsulotlari, o‘rash-joylash (qadoqlash) materiallari, o‘zining foydalanish xususiyatini yo‘qotgan uy-ro‘zg‘or buyumlari), supurindi shuningdek, (qattiq yonilg‘ida ishlovchi maishiy pechkalar va isitish bug‘qozonlaridan foydalanish natijasida hosil bo‘luvchi) chiqindilar kiradi.

Chiqindilarni boshqarish agentligi olib chiqib ketiladigan qattiq maishiy chiqindilarning miqdori cheklanmagan bo‘lib, xizmat sifatiga hududlarga xizmat ko‘rsatishda biriktirilgan sanitar tozalash korxonalari mas’ul ekanini ma’lum qildi.

Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi ko‘p qavatli uylar yonidagi chiqindi to‘plash shoxobchalaridan — bir kunda bir marta hamda yakka tartibdagi turar joy sektori ya’ni mahallalardan “signal” usulida — uch kunda bir martani tashkil qiladi.

«Ta’kidlash joizki, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan kelishilgan holda belgilanadi. Bunda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq maishiy chiqindilarni saqlashning cheklangan muddati o‘tib ketmasligi lozimligiga ahamiyat qaratiladi.

Qattiq maishiy chiqindi tarkibiga kirmaydigan quyidagi: suyuq va yirik gabaritli maishiy, chorvachilik, qurilish, tuproq, daraxt va butalarni kesish hamda agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan (daraxt va buta shox-shabbalari, barglar, kesish ishlari qoldiqlari) va smyot (yo‘l qoplamalari yemirilish va yedirilish mahsuli) kabi chiqindilarni olib chiqib ketish xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan kelishilgan narxlarda alohida to‘lov evaziga amalga oshirilishi belgilangan.

Bu borada fuqarolardan sohaga doir turli savollar yoki murojaat va e’tirozlar yuzaga kelganda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining kecha-yu kunduz ishlaydigan 1205 hamda 1275 ishonch raqamlariga qoldirish orqali tezkor va aniq ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz. Qolaversa, tekshirilmagan ma’lumotlarga ishonmaslikni, fakt-chekingdan foydalanishni hamda ishonchli va rasmiy axborot manbalariga tayanishni so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid