Xitoyda 8 yil deganda dunyodagi eng yirik amfibiya samolyot sinovlari yakunlandi
Bu davr mobaynida uchoq jami 3560 soat davomida 2014 ta parvozni amalga oshirdi.

Foto: armyrecognition.com
2017 yil mart oyida dunyoda birinchi bo‘lib eng yirik “amfibiya” samolyot — Xitoyning AG600 prototipi namoyish etilgandi — u o‘rmon yong‘inlarini o‘chirishga mo‘ljallangan. Oradan sakkiz yil o‘tib, ushbu qurilma murakkab uchish sinovlari dasturini yakunladi. Bu davr mobaynida u jami 3560 soat davomida 2014 ta parvozni amalga oshirdi va 10 000 dan ortiq parametrlarni sinovdan o‘tkazdi. Endi samolyotni sertifikatlash va foydalanishga topshirish kutilmoqda.
Xitoy aviatsiya sanoati korporatsiyasi (AVIC) ma’lumotlariga ko‘ra, AG600 samolyoti ham quruqlikda, ham suvda amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun loyihalashtirilgan — bu uni yong‘inlarni o‘chirishdan tortib qidiruv-qutqaruv ishlarigacha bo‘lgan turli xil vazifalar uchun eng maqbul yechimga aylantiradi. Havo kemasining qanotlari kengligi 38,8 metr, korpusi esa 37 metr bo‘lib, ushbu ko‘rsatkichlar “Boeing-737” layneriga mos keladi.
O‘lchamlari tufayli yangi amfibiya samolyoti o‘z toifasidagi eng yirigi hisoblanadi. U hatto avvalgi rekordchi — Rossiyaning Be-200 samolyotini ham sezilarli darajada ortda qoldirdi. Xususan, AG600 ning maksimal uchish og‘irligi 60 tonnaga (Be-200 — 43 tonna), parvoz masofasi esa 4,5 ming kilometrga (Be-200 — 3,1 ming km) yetadi. Shuningdek, bu apparat favqulodda vaziyatlar paytida bortga 50 kishigacha sig‘dirish, 12 tonnagacha suv to‘plash, past tezlik va past balandlikda parvoz qilishga qodir.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, AG600 ning muvaffaqiyatli sinovlari va kelajakdagi sertifikati Xitoyning aviatsiya mahorati o‘sib borayotganidan dalolat beradi.
Mavzuga oid

09:21
Xitoy O‘zbekistonda ta’lim va kasbga tayyorlash o‘quv markazini ochadi

22:47 / 08.03.2025
ShHT sammiti Xitoyning Tyanszin shahrida kuzda bo‘lib o‘tadi

16:41 / 08.03.2025
AQSh sudi Xitoydan Covid-19 tarqalgani uchun 24 milliard dollar talab qildi

16:24 / 07.03.2025