Reuters: AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish rejasini tayyorlamoqda
Oq uy AQSh Davlat departamenti va Moliya vazirligiga Rossiyaga nisbatan yumshatish mumkin bo‘lgan sanksiyalar ro‘yxatini tayyorlashni topshirdi. AQSh vakillari yaqin kelajakda Rossiya rasmiylari bilan ushbu ro‘yxatni muhokama qiladi.

Foto: REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Davlat departamenti va Moliya vazirligiga Rossiyaga nisbatan yumshatilishi mumkin bo‘lgan joriy sanksiyalar ro‘yxatini tayyorlashni topshirdi. Bu haqda 3 mart, dushanba kuni manbalarga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.
Rossiya bilan sanksiyalarni yumshatish masalasi muhokama qilinadi
Reuters agentligi Trampning Moskva bilan munosabatlarni yaxshilash va Ukrainadagi urushni to‘xtatish niyatlari fonida ro‘yxat loyihasini Rossiyaga qarshi «sanksiyalarni yumshatish rejasi» deb atadi. Agentlik manbalariga ko‘ra, AQSh vakillari yaqin kelajakda rejalashtirilgan muzokaralar doirasida ushbu ro‘yxatni Rossiya rasmiylari bilan muhokama qiladi.
Ayni paytda AQSh rasmiylari Rossiyaning alohida yuridik va jismoniy shaxslariga, jumladan bir necha oligarxlarga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda. Vashington sanksiyalarni yumshatish evaziga aynan nimani talab qilishi noma’lumligicha qolmoqda, deya qayd etadi Reuters. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, ayrim sanksiyalarni bekor qilish faqat AQSh Kongressi roziligi bilan ro‘y berishi mumkin.
Rossiya va AQSh o‘rtasidagi muzokaralar tiklanishi
18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida Rossiya Federatsiyasi va AQSh rasmiy delegatsiyalari o‘rtasida uzoq vaqtdan beri birinchi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Rossiya delegatsiyasi tarkibiga tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev kirdi. Amerika tomonida davlat kotibi Marko Rubio, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uols va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff bor edi. Uchrashuv mavzularidan biri Ukrainadagi urushga barham berish bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi va Ukraina vakillari muzokaralarda qatnashmadi.
Ar-Riyoddagi uchrashuvdan oldin 12 fevral kuni Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng ikki davlat rahbarlari o‘rtasida aloqalar kuzatilmadi, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 3 mart kuni jurnalistlarga.
Mavzuga oid

00:10
Hindistonda Rossiyaga aloqador navbatdagi «kripto qiroli» hibsga olindi

22:24 / 12.03.2025
Kreml Putin va Tramp uchrashuvi ehtimolini muhokama qilmoqda – OAV

20:25 / 12.03.2025
Rossiyada qariyb 54 ming qamoqxona noziri yetishmayotgani ma’lum bo‘ldi

18:24 / 12.03.2025