O‘zbekiston | 19:33 / 04.03.2025
16464
3 daqiqa o‘qiladi

Ohangaron shahar hokimi o‘rinbosari ishdan olindi. U qamoqdagi mahkumning uyini o‘zlashtirib olgani ma’lum bo‘lgandi

Ohangaron shahar hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Zufar Karimov o‘z arizasiga asosan lavozimidan ozod qilindi. U 2007 yilda qamoqdagi mahkumning uyini o‘zlashtirib olganlik holati bo‘yicha surishtiruvga jalb qilingan. 19 yil oldingi holat hozirda Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilmoqda.

Zufar Karimov

2022 yil iyul oyidan Ohangaron shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Karimov Zufar Olimjonovich ishdan ketdi. Ohangaron shahar hokimi Muzaffar Rajabboyevning 2025 yil 3 martdagi qarori bilan Zufar Karimov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

Qarorda Karimovning ishdan olinishiga asos sifatida uning arizasi hamda Mehnat kodeksining 160-moddasi (xodimning tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish) keltirilgan.

Zufar Karimov avvalroq Kun.uz surishtiruvida tilga olingandi.

2007 yilda odam o‘ldirishga suiqasd jinoyatida ayblanib, 19 yilga ozodlikdan mahrum qilingan hamda 2024 yil oktyabr oyi oxirida ozodlikka chiqqan Rustam Qurbonov Kun.uz’ga murojaat qilib, jazo muddatining ilk yillarida Ohangaron shahridagi uyini tanishi Zufar Karimov sudning hal qiluv qarori bilan o‘z nomiga rasmiylashtirib olganini aytgandi.

Nizoli xonadonning Rustam Qurbonovdan Zufar Karimovga o‘tishi fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron sudining 2008 yil 17 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan asoslantirilgan. Ishni o‘sha paytda fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudi raisi bo‘lgan Abdurahmon Safayev ko‘rib chiqqan.

Hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vogar Zufar Karimov sudga javobgar Rustam Qurbonovga nisbatan Ohangaron shahri 1-kichik tuman 51-uyning 2-xonadoni oldi-sotdi bitimini haqiqiy deb topish to‘g‘risida da’vo arizasi kiritgan. Sudda Zufar Karimov xonadonni 2004 yil 14 aprelda egasi Rustam Qurbonovdan 2 ming AQSh dollariga sotib olganini, bunga guvohlari borligini, Qurbonov tilxat yozib berganini aytgan.

Sudda kvartira egasi ishtirok etmagan: shov-shuvli jinoyat sodir qilib uzoq muddatga “kesilgan” odamni “Rossiyaga ishlash uchun ketdi va 4 yildan beri undan xabar bo‘lmadi” deb rasmiylashtirishgan. Sud da’voni qanoatlantirgan.

Ishni jamoatchilikka tanish sudya, fuqaroning uyini soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga o‘tkazib, sotib yuborgan Namangan viloyat sudi raisining sobiq o‘rinbosari Abdurahmon Safayev ko‘rgan.

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Bosh prokuratura rasmiy bayonot berib, holat o‘rganilayotganini, huquqiy baho berilishini ma’lum qilgandi.

Kun.uz’da Zufarov Karimovning lavozimidan olinishiga aynan nima sabab bo‘lgani haqida ma’lumot yo‘q. Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov tergovga qadar tekshiruv natijalari nima bo‘lgani haqidagi so‘rovni javobsiz qoldirdi. 

Mavzuga oid