WP: AQShning 20 ming harbiysi Yevropani tark etishi mumkin
Yevropadagi AQSh qo‘shinlari soni 75-105 ming kishini tashkil etadi, ularning qariyb 63 ming nafari doimiy asosda xizmat olib boradi.

Foto: AP
Donald Tramp ma’muriyati Yevropadan sobiq prezident Jo Bayden davrida yuborilgan 20 ming amerikalik harbiyni olib chiqib ketishi mumkin. Bu haqda The Washington Post o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Yanvar oyida ismi oshkor etilmagan yevropalik diplomat ham Italiyaning ANSA agentligi bilan suhbatda shu kabi ma’lumotlarni keltirgan edi. Fevral o‘rtalarida AQShning NATOdagi sobiq elchisi Juli Smit 20 ming amerikalik harbiy olib chiqib ketilishi haqida gapirgandi.
Pentagon rahbari Pit Xegset 14 fevral kuni o‘tkazilgan xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida «Amerikaning Yevropadagi ishtiroki abadiy davom etishi» haqida o‘ylamaslikka chaqirgandi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, «Yevropa qo‘shinlarining qit’adagi darajasi muhim». The New York Times’ning yozishicha, YeI amaldorlari Xegset bilan uchrashuvdan keyin Yevropadan o‘n minglab AQSh harbiylari olib ketilishini kutgan.
WP’ning qayd etishicha, 2022 yildan beri Yevropadagi AQSh qo‘shinlari soni 75—105 ming kishini tashkil etmoqda, ularning qariyb 63 ming nafari doimiy asosda xizmat olib boradi. Amerikalik harbiylarning aksariyati Germaniya hududiga joylashtirilgan (35 ming).
1950-1990 yillarda AQShning Yevropadagi qo‘shinlari soni 200—400 ming kishidan oshgan. Amerikaning Germaniya, Italiya, Ispaniya, Britaniya, Polsha, Ruminiya, Bolgariya, Boltiqbo‘yi davlatlarida harbiy bazalari mavjud.
Bild gazetasi 25 fevral kuni Amerika qo‘shinlari Putinning 2021 yildagi talabidan kelib chiqib Yevropadan olib chiqilayotgani haqida yozgandi. Rossiya prezidenti «alyansga 1990 yildan keyin qo‘shilgan barcha NATO davlatlarida» AQSh harbiylari bo‘lmasligini talab qilgan.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Ruminiya prezidenti kanselyariyasi rahbari Kristian Diakoneskuning Rossiya 18 fevral kuni Ar-Riyodda o‘tkazilgan muzokaralarda Yevropa sharqidan NATO qo‘shinlarining olib chiqib ketilishini talab qilganini rad etgan.
Mavzuga oid

16:37
CNN: AQSh Saudiya Arabistonida nafaqat Ukraina, balki Rossiya bilan ham alohida muzokaralar o‘tkazadi

01:10
Tramp: Ukraina AQSh yordami bilan ham omon qolmasligi mumkin

19:14 / 09.03.2025
Tinchlik metallari: AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi resurs kelishuvining nimasi g‘alati?

23:36 / 08.03.2025