Jahon | 09:18 / 28.02.2025
2546
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Marseldagi konsulligiga hujum qilgan olimlarga hukm chiqarildi

Rossiyaning Marseldagi bosh konsulligi binosiga molotov kokteyli uloqtirgan muhandis va kimyogar sakkiz oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Ular uy qamog‘iga olinib, elektron bilaguzuk taqishlari talab qilinishi kutilmoqda.

Foto: Stringer/REUTERS

Ukrainada urush boshlanganining 3 yilligi munosabati bilan 24 fevral kuni Rossiyaning Marseldagi bosh konsulligi binosiga molotov kokteyli uloqtirgan ikki olim sakkiz oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda 27 fevral, payshanba kuni AFP agentligi xabar berdi. Unga ko‘ra, erkaklar tunni qamoqda o‘tkazib, keyin elektron bilaguzuklar bilan uy qamog‘ida jazoni o‘taydi. Keyingi besh yil davomida ularga Rossiya konsulligiga yaqinlashish va qurol olib yurish taqiqlangan.

Rossiyaning Marseldagi bosh konsuli Stanislav Oranskiy sud majlisida voqeada «terrorchilik harakatining barcha belgilari» borligi haqida gapirdi. Biroq prokuror bu fikrga qo‘shilmagan va sudlanuvchilarning harakatlari «xavf tug‘dirmagan»ligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u va sudya xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalariga hujumlar qabul qilinishi mumkin emasligini ta’kidladi.

Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi «jinoyatning og‘irligiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan» «yengil jazo»dan «juda g‘azablanganini» aytdi. Rossiyalik diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, «jinoyatchilar diplomatik missiya hududidagi xizmat avtomashinalari bilan to‘la avtoturargohni portlatish maqsadini ko‘zlagani aniq» va «faqat omadli tasodif tufayli uning xodimlaridan hech biri jabrlanmagan».

Rossiya konsulligiga hujum

48 yoshli muhandis Vasile X. va 59 yoshli kimyogar Jorj S. - Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) xodimlari. Tergov aniqlaganidek, 24 fevral kuni ular yarim litrli uchta plastik butilkaga suyuq azot va portlovchi kimyoviy moddalar aralashmasini to‘ldirib, Rossiyaning Marseldagi bosh konsulligi hududiga uloqtirishgan. Diplomatik missiya avtoturargohi tomiga ikkita shisha tushdi va portlashlar yuz berdi. Qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q.

Har ikki erkak ham o‘sha kuni kechqurun Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi uch yilligiga bag‘ishlangan namoyishda hibsga olingan. Ular jinoyatga iqror bo‘lib, Rossiya konsulligiga hujumni Ukraina bilan birdamlikni namoyish etish istagi bilan izohlagan. Ukrainalik ayolga uylangan Jorj S. o‘zini «idealist» deb atadi va aksiya xavfsiz bo‘lishi uchun hamma narsani alohida rejalashtirganini aytdi. Shu bilan birga, u ehtimoliy diplomatik oqibatlar haqida o‘ylamaganini tan oldi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Bosh konsullik hududidagi portlashlar bo‘yicha xalqaro himoyaga ega bo‘lgan shaxslar yoki muassasalarga hujum qilish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 360-moddasi 2-qismi) moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Mavzuga oid