Jahon | 13:15 / 27.02.2025
8560
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Ukraina NATOga a’zolik masalasini unutishi kerak

Amerika yetakchisining ta’kidlashicha, Vashington Kiyevga qo‘shimcha xavfsizlik kafolatlarini taqdim etmaydi va buni Yevropaga ishonib topshiradi.

Foto: Getty Images / Andrew Harnik

AQSh prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qo‘shimcha xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmasligini aytdi. «Men o‘zimizda mavjud bo‘lganidan ortiq xavfsizlik kafolatlarini bermayman. Buni Yevropaga qoldiramiz... Lekin biz, albatta, hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonch hosil qilamiz», dedi Tramp 26 fevral, chorshanba kuni vazirlar mahkamasining birinchi yig‘ilishida. Vashington, xususan, Yevropa tinchlikparvar kuchlari Ukrainaga kiritilsa, Yevropani qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Oq uy rahbari Ukrainadagi urushni to‘xtata olishiga ishonch bildirdi. Uning aytishicha, Rossiya tomoni tinchlikka erishish uchun muzokaralarda yon berishga majbur bo‘ladi. «Biz har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lgan kelishuvga erishish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», — dedi Amerika yetakchisi jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida. Tramp kelishuv «Ukraina uchun foydali bo‘lishini» ta’minlashga harakat qilishiga ishontirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga boy berilgan hududlarning bir qismini qaytarib olishda yordam berishga harakat qiladi, garchi bu qiyin masaladir.

Biroq, AQSh prezidenti Ukraina «NATO haqida unutishi» kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, urush aynan Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga a’zoligi masalasi tufayli boshlangan.

Tramp Zelenskiyning Vashingtonga tashrifini tasdiqladi

Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 28 fevral kuni Vashingtonga «nodir va boshqa materiallar»ni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv imzolash uchun borishini tasdiqladi. AQSh prezidentining fikricha, kelishuv Bayden ma’muriyati Ukrainaga yuborgan barcha harbiy yordamni qoplashga yordam beradi va shu bilan birga ancha ko‘proq foyda keltirishi mumkin. Trampning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Kiyevga ko‘rsatgan yordami uchun Vashington «kelajakda ko‘p pul» oladigan «kelishuvga erishdi».

Oldinroq Zelenskiy Vashingtonda imzolanishi rejalashtirilgan doiraviy kelishuv haqida gapirar ekan, unda Ukrainaning AQShga berilgan harbiy yordam uchun qarzi haqida hech narsa aytilmaganini ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kelishuvda «AQSh hukumati Ukrainaning uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun zarur bo‘lgan xavfsizlik kafolatlarini olish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi» qayd etiladi.

Mavzuga oid