Bog‘chalardagi holatlar yuzasidan maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga senator so‘rovi yuborildi
Senator vazirdan Toshkentdagi ikkita bog‘cha - «Tanzilandiya» va First Daycare xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha tushuntirish berishni so‘radi.

Foto: Videodan kadr
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Abdullayev ayrim nodavlat bog‘chalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari kuzatilayotgani bois maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga senator so‘rovini yubordi.
So‘rovda qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ayrim nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilmoqda.
Xususan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi «Tanzilandiya» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyachilari tomonidan ushbu tashkilot tarbiyalanuvchilariga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari sodir etilgani, Yunusobod tumanidagi First Daycare nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi va tarbiyachi yordamchisining bolalardan birini ovqat yemagani uchun stulga skotchlab qo‘ygani aniqlangan.
«Bu kabi salbiy holatlarning so‘nggi vaqtlarda ko‘payishi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga ko‘rsatilayotgan ta’lim va tarbiya xizmatlari hamda ularga yaratilgan sharoitlarni monitoring qilish qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatmoqda», — deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda respublika bo‘yicha 31 139 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 6 919 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bois yuqoridagi kabi noxush holatlarning yuz bermayotganiga hech kim kafolat bermaydi, — deb hisoblaydi senator.
Senator vazirdan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlarining sabablari va ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tushuntirish berishni so‘ragan.
Mavzuga oid

07:40 / 03.08.2024
Rossiyada senator qotillikka tayyorgarlik ko‘rganlikda gumonlanib hibsga olindi

11:30 / 22.06.2024
Deputat va senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari ko‘paymoqda

08:28 / 18.06.2023
Xorazm viloyati hokimi senator bo‘ldi

12:03 / 26.12.2022