Olimlar 100 yoshga kirishga yordam beruvchi 10 ta mahsulotni ma’lum qildi
Sayyoramizning yuz yoshdan oshgan aholisi uzoq yillardan buyon dunyo olimlarining e’tiborini tortib keladi.

Foto: AP
Sayyoramizda 100 yil va undan ortiq umr ko‘ruvchi odamlar soni boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqori bo‘lgan 5 ta joy mavjud. Mutaxassislar bunday joylarni “Moviy hududlar” deb ataydi. Ular qatoriga Okinava (Yaponiya), Ikariya (Gretsiya) va Sardiniya (Italiya) orollari, Nikoya yarimoroli (Kosta-Rika), shuningdek, Loma-Linda shahri (AQSh) kiradi. Olimlarning fikricha, uzoq umr ko‘rishning siri hayot tarzida, jumladan, ovqatlanish ratsionida yashiringan. Shu munosabat bilan tadqiqotchilar uzoq umr ko‘ruvchilarning dasturxonida eng ko‘p uchraydigan 10 ta oziq-ovqat mahsulotini aniqladi.
1. Dukkaklilar
Uzoq umr ko‘ruvchilar loviya, yasmiq va no‘xatni yoqtiradi hamda ularni tez-tez iste’mol qiladi. Dukkakli ekinlar oqsil, tolalar, vitaminlar va minerallarga boy bo‘lib, shu bilan birga glikemik indeksi past hisoblanadi. Bu dukkakli taomlardan so‘ng qondagi qand miqdori barqaror turadi. Bu nafaqat diabetning oldini olish, balki uzoq vaqt to‘qlikni saqlab qolish uchun ham muhim. Bundan tashqari, dukkakli mahsulotlar organizmni yallig‘lanishdan himoya qiluvchi va qarish jarayonlarini sekinlashtiruvchi ko‘plab antioksidantlarga boy.
2. Bargli ko‘katlar
Ismaloq, rukola, salat, mangold, hatto ukrop va petrushka — vitaminlar va boshqa biologik faol moddalarning haqiqiy xazinasidir. Ular lyutein, folat kislotasi va beta-karotin kabi moddalarni o‘z ichiga oladi, shuningdek, oziq-ovqat tolalari manbalari hisoblanadi. Ko‘katlar ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, immunitetni kuchaytiradi, yurak faoliyatini me’yorlashtiradi va miyaning qarish jarayonini sekinlashtiradi. Ko‘katlarni muntazam iste’mol qilish kognitiv qobiliyatlarni yaxshilashi va demensiya xavfini kamaytirishiga aloqador ekani ilmiy jihatdan tasdiqlangan.
3. Yong‘oqlar va urug‘lar
Yong‘oq, bodom, pista, shuningdek, zig‘ir va chia urug‘lari tarkibida foydali yog‘lar, jumladan omega, oqsil, kletchatka, vitaminlar va minerallar mavjud. Yong‘oqlarni muntazam iste’mol qilish xolesterin va qon bosimini pasaytirishga yordam beradi, bu esa diabet va yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfini kamaytiradi.
4. Butun donli mahsulotlar
Butun donli undan tayyorlangan non, kinoa va jigarrang guruch uzoq vaqt to‘qlik hissini ta’minlaydigan murakkab uglevodlar manbaidir. Butun donli mahsulotlar tarkibidagi tolalar ovqat hazm qilishga, qondagi qand miqdorini me’yorlashtirish va xolesterin darajasini pasaytirishga yordam beradi.
5. Zaytun yog‘i
Bu O‘rta yer dengizi diyetasining asosi bo‘lib, yurak salomatligi uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan mashhur. Monoto‘yinmagan yog‘larga boy zaytun yog‘i zararli xolesterin darajasini pasaytiradi va erkin radikallar bilan kurashib, yallig‘lanish jarayonlarining oldini oladi. Zaytun yog‘ini muntazam ravishda iste’mol qilish jigar, buyrak va miya salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi.
6. Kurkuma
Bu ziravor uzoq umr ko‘ruvchilarning oshxonasida tez-tez uchraydi. Uni sho‘rvalarga, asosiy taomlarga qo‘shishadi va hatto kurkuma asosida ichimliklar tayyorlashadi. Uning faol birikmasi kurkumin yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatadi, miyaning faoliyatini rag‘batlantiradi, xotirani yaxshilaydi va asab tizimi zaiflashuvini sekinlashtiradi.
7. Batat (shirin kartoshka)
Okinavada batat asosiy oziq-ovqat mahsuloti sanaladi. U tolaga, antioksidantlarga va uglevodlarga boy bo‘lib, uzoq vaqt to‘qlik hissini beradi hamda quvvat darajasini saqlab turadi.
8. Dengiz mahsulotlari
Baliq va dengiz mahsulotlari sohilbo‘yi aholisining ovqatlanish tarkibida tez-tez uchraydi. Bular yurak salomatligini qo‘llab-quvvatlaydigan, yallig‘lanishni kamaytiruvchi va aqliy qobiliyatlarni saqlab qolishga yordam beradigan oqsil hamda omega-3 yog‘ kislotalari manbalari hisoblanadi. Haftada kamida ikki marta baliq va boshqa dengiz mahsulotlarini iste’mol qilish tavsiya etiladi.
9. Mevalar
Mevalar antioksidantlar, tolalar va sog‘liq uchun muhim vitaminlarga boy. Kundalik ovqatlanish tarkibiga muntazam ravishda mevalarni kiritish qondagi qand miqdorini me’yorlashtiradi, yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydi va tana vaznini boshqarishga yordam beradi.
10. Choy
Ko‘k va o‘tli choylar tarkibida yallig‘lanishga va mikroblarga qarshi ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘plab antioksidantlar mavjud. Choyni muntazam iste’mol qilish qandli diabet, artrit, yurak-qon tomir kasalliklari va hatto ayrim turdagi saraton kabi surunkali kasalliklar xavfini kamaytiradi.
To‘g‘ri, bu mahsulotlarni muntazam iste’mol qiluvchi har bir kishi 100 yoshga kirishi kafolatlanmagan. Uzoq umr ko‘rish faqat ovqatlanishga bog‘liq bo‘lmaydi. Biroq shuni ishonch bilan aytish mumkinki, “uzoq umr ko‘ruvchilar taomi”ni o‘z ichiga olgan ratsion umumiy sog‘liqni yaxshilash, uzoq hamda sog‘lom umr ko‘rish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.
Mavzuga oid

14:18 / 01.03.2025
Olimlar Marsda qumli sohillarga ega bo‘lgan okean izlarini topdi

15:11 / 27.02.2025
Olimlar 1-tur diabetni butunlay davolash yo‘lini topdi

15:15 / 19.02.2025
Olimlar hayvonlarning hissiyotlarini aniqlaydigan sun’iy intellekt yaratdi

14:00 / 17.02.2025