Jahon | 12:12 / 25.02.2025
1377
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatdi

Yevropa Ittifoqi Bashar Asad rejimi qulagandan keyin «inklyuziv siyosiy o‘tish»ni qo‘llab-quvvatlash maqsadida energiya, transport va moliyaviy operatsiyalar sohalarida Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishga qaror qildi.

Foto: AFP / LOUAI BESHARA

Yevropa Ittifoqi Kengashi Bashar Asad rejimi qulagandan keyin «Yevropa Ittifoqining Suriyada inklyuziv siyosiy o‘tishni qo‘llab-quvvatlash va uning tez iqtisodiy tiklanishi, qayta qurish va barqarorlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlari» doirasida Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishga qaror qildi. Bu haqda 24 fevral, dushanba kuni uning rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda aytilgan.

Xususan, yumshatish energetika va transport sohalari bilan bog‘liq moliyaviy va bank operatsiyalariga, shuningdek, «gumanitar maqsadlar va rekonstruksiya qilishga» ta’sir qiladi. Besh tashkilot ham sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashlanadi: to‘rtta bank va Syrian Airlines aviakompaniyasi. Bundan tashqari, Suriyaga hashamatli tovarlarni eksport qilishni taqiqlash bo‘yicha istisno joriy etiladi.

«Bugungi qarorga muvofiq, Kengash o‘z ishini davom ettiradi va keyingi iqtisodiy sanksiyalarni to‘xtatib turish imkoniyatlarini baholaydi. Shuningdek, bunday to‘xtatib turishning o‘rinli bo‘lishini ta’minlash uchun mamlakatdagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etadi», — deyiladi bayonotda.

AFP xabar berishicha, Suriya tashqi ishlar vazirligi rahbari Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni yumshatish qarorini olqishlagan.

Kaya Kallas: Cheklovlar yangilanishi mumkin

2025 yil yanvar oyi oxirida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Suriyaga qarshi sanksiyalar rejimining kelajakda yumshatilishini izohlar ekan, Damashqdagi yangi hokimiyat «noto‘g‘ri qadamlar qo‘ysa» Yevropa Ittifoqi tomonidan cheklovlar yangilanishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Damashqdagi Yevropa Ittifoqi vakolatxonasi ishining qayta tiklanishi mumkinligini e’lon qildi.

Dpa axborot agentligining yozishicha, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni yumshatish orqali Suriyaning yangi rasmiylariga demokratiyani barpo etish uchun rag‘bat bermoqchi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi buning natijasida suriyalik qochqinlarning bir qismi o‘z vataniga qaytishiga umid qilmoqda.

Mavzuga oid