Rossiyadagi inflatsiya: iqtisodiyotni tinchlik davri modeliga qaytarish oson kechmaydi
Ko‘plab davlatlarda inflatsiya pasaygan bir paytda, Rossiyada iste’mol narxlari o‘sishda davom etmoqda. 2025 yil fevral oyida yillik inflatsiya 10 foizga yetdi. Bu – Rossiya Markaziy bankining 4 foizlik mo‘ljalidan ancha yuqori. Ayniqsa, meva-sabzavot narxlari 2024 yil davomida 20 foizdan ortiqqa oshgani aholi uchun jiddiy iqtisodiy bosimni yuzaga keltirmoqda.

Foto: Andrey Lyubimov / RBK
Shunga qaramay, Rossiya iqtisodiyoti inflatsiya yuqori bo‘lgan boshqa bozorlardan ajralib turibdi, deya yozadi The Economist.
Inflatsiyaning oshishi bir nechta omillarga bog‘liq. G‘arb sanksiyalari rublning qadrsizlanishiga olib keldi, bu esa import mahsulotlarni qimmatlashtirdi. Rossiyalik importyorlar cheklovlarni aylanib o‘tishga harakat qilarkan, ular vositachi davlatlar orqali ishlashga majbur bo‘lmoqda, bu esa xarajatlarni oshiryapti.
Shuningdek, harbiy safarbarlik va ommaviy emigratsiya tufayli mehnat tanqisligi yuzaga kelgan. Bu esa ish haqlarining 2024 yilda 18 foizga oshishiga sabab bo‘ldi – maosh to‘lash xarajatlaridagi sezilarli ko‘tarilish mahsulot va xizmatlar narxini oshiradi.
Ishsizlik darajasi 2 foiz atrofida – rekord darajada past qolmoqda, bu esa bozordagi narx bosimini kuchaytiryapti.
Inflatsiya kuchayishida Rossiya hukumatining katta xarajatlari ham alohida o‘ringa ega. Harbiy xarajatlar YaIMning 7 foizini tashkil qilmoqda: hukumat mudofaa, infratuzilma va ijtimoiy to‘lovlarga ulkan mablag‘ ajratyapti. Bu esa taklifdan ortiq talabni keltirib chiqarib, narxlar o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, hozirgacha inflatsiya katta norozilikka olib kelmadi. 2024 yilda aholining real daromadlari 10 foizga oshdi. Hukumat tomonidan ajratilgan subsidiyalar va ish haqining oshishi narxlar o‘sishining ko‘pchilik rossiyaliklarga ta’sirini yumshatmoqda.
The Economist'ga ko‘ra, bu iqtisodiy modelning barqarorligi shubha ostida. Agar inflatsiya yuqori darajada saqlanib qolsa, Markaziy bank 21 foizga yetgan asosiz stavkasini uzoq muddat ushlab turishga majbur bo‘lishi mumkin, bu esa iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi. Shuningdek, agar davlat xarajatlari qisqarsa yoki iste’molchilar ehtiyotkorlik bilan harakat qila boshlasa, Rossiya jiddiy iqtisodiy pasayishga duch kelishi mumkin.
Yana bir muhim masala – urush iqtisodiyotining uzoq muddatli ta’siri. Iqtisodiyotning urushga asoslangan modelidan tinchlik davridagi muvozanatlashgan modeliga qaytish Rossiya iqtisodiyoti uchun katta sinovga aylanishi mumkin. Sanksiyalar olib tashlanmasa, iqtisodiy o‘sish ehtimollari cheklangan bo‘lib qoladi.
Hozircha Rossiya hukumati inflatsiyani kuzatayotgani va unga toqat qilishga tayyor ekanligini ko‘rsatmoqda. Ammo tarix shuni ko‘rsatadiki, yuqori inflatsiya uzoq muddatda jamiyat ishonchini susaytirishi mumkin, bu esa Kreml uchun siyosiy xavflarni yuzaga keltirishi ehtimoli bor.
Mavzuga oid

13:24
Moskvada O‘zbekiston va Rossiya siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

13:22
Rossiya Ukrainani yana o‘qqa tutdi: bir kishi halok bo‘ldi, 10 dan ortiq kishi yaralandi

08:01
Putin Rossiyaga Ukrainada yadro qurolidan foydalanishga «zarurat bo‘lmasligi»ga umid bildirdi

20:13 / 04.05.2025