Fon der Lyayyen: Ukraina 2030 yilgacha Yevropa Ittifoqiga kira oladi
Ukraina islohotlarni xuddi shunday tezlik va puxtalik bilan davom ettirsa, yaqin besh yil ichida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi mumkin, dedi Yevrokomissiya rahbari Kiyevda urushning uch yilligi munosabati bilan.

Foto: X / vonderleyen
Ukraina islohotlarni hozirgi sur’atda va xuddi shunday puxtalik bilan davom ettirsa, 2030 yilgacha Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen 24 fevral, dushanba kuni Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi uch yilligi munosabati bilan Kiyevga kelganida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va boshqa xorijiy yetakchilar bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina tomonidan shunday og‘ir urush sharoitida olib borilayotgan islohotlarning tezligi, sifati va samaradorligidan hayratda.
Fon der Lyayyen Ukrainadagi urush Yevropa kelajagi uchun eng muhim va jiddiy inqiroz bo‘lib qolayotganini qayd etdi. U Ukrainaga qarshi urush boshlagan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni hozircha olib tashlashning iloji yo‘qligiga ishonch bildirdi, chunki ular Rossiya iqtisodiyotiga «katta ta’sir ko‘rsatadi». Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi tomonidan tinchlikka intilishini ko‘rsatadigan aniq qadamlar yo‘q.
Koshta: Qachon muzokaralar olib borishni faqat Ukraina hal qilishi mumkin
O‘z navbatida, Yevropa Kengashi raisi Antonio Koshta Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish ehtimolini uning kelajagi xavfsizligining eng muhim kafolati deb atadi. U, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlash sa’y-harakatlarini olqishladi, shu bilan birga, «samarali va uzoq muddatli tinchlik muzokaralarini boshlash uchun shart-sharoit qachon paydo bo‘lishini hal qilish» faqat Ukraina huquqi ekanligini ta’kidladi. Uning eslatishicha, bu urush «nafaqat Ukraina, balki Yevropa xavfsizligiga ham tegishli».
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Ukraina va Yevropani tinchlik muzokaralariga jalb qilish, shuningdek, Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish zarurligini alohida ta’kidladi. «Biz tinchlik haqida gapirishimiz kerak bo‘lgan bunday imkoniyat uchun juda minnatdormiz. Ammo ikki tomonlama muzokaralar olib borishimiz uchun birdamlik juda muhim», — dedi u.
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo mamlakati Ukraina urushda g‘alaba qozonmaguncha uni qo‘llab-quvvatlashiga va’da berdi. «Umid qilamanki, bu urush yana bir yil davom etmaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Mavzuga oid

11:10
Kreml Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish talabiga javob qaytardi

10:52
«Veymar+»: Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishi kerak

22:48 / 12.05.2025
Zelenskiy Putinni yuzma-yuz gaplashishga chaqirdi. Rossiya nega otashkesimni cho‘zyapti?

16:55 / 12.05.2025