O‘zbekiston | 19:56 / 25.02.2025
27666
10 daqiqa o‘qiladi

“Boshqa joyga ko‘chishni o‘ylayapmiz” – poytaxtliklar nosog‘lom havo bilan qanday kurashyapti?

Bahor kelishiga oz qoldi. So‘nggi 4-5 oydagi nosog‘lom havoli kunlarni toshkentliklar qanday o‘tkazdi, toza havo uchun qanday usullarni sinab ko‘rdi va qayerlarga bordi? 2023 yilda poytaxtliklar 65 kun nosog‘lom va zararli havodan nafas olgandi. Isitishda ko‘mir va mazutdan foydalanish davom etgani hisobga olinsa, joriy qish mavsumida ham zararli havoli kunlar kam bo‘lmayapti (aniq statistikalar e’lon qilinmagan). Xo‘sh, aholi iflos havo bilan qanday kurashyapti?

Havo tozalagich ommalashyapti

Rasmiy statistikalarsiz ham aytish mumkinki, oxirgi 2 yilda poytaxtliklar uyida, ishxonasida, do‘konlarda havo tozalagichlardan foydalanishi ortgan. Turli ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan kichik so‘rovnomalardan ham aholi ayniqsa 2024-2025 yilda ko‘proq havo filtrlagichlardan foydalangani oydinlashadi.

Jumladan, X (Twitter) tarmog‘i foydalanuvchilaridan ishxona yoki uyda havo tozalagich va namlantirgichlardan qancha paytdan beri foydalanishayotgani so‘ralgan. Javoblar quyidagicha bo‘lgan:

– Mi4 Lite havo tozalagich ishlataman. Birinchi yoqqanimda PM2,5 darajasi xona ichida 260 [indeks qiymatda] edi. Uy har kuni quruq va nam tozalansa ham, 15 daqiqada 4-5 ga tushirib berdi. Deraza yoki eshikni ochsam, yana ko‘tarilishni boshlaydi. Shundan keyin uyqu yaxshilandi. Burun bitishi ketdi.

– 4 yildan beri namlantirgich ishlataman, nafas olish ancha yengil va uyqu sifatli, endi havo tozalagich olmoqchiman.

– Polaris PUX-1010 2 yildan beri hozircha yaxshi ishlayapti, boshqaruvi juda qulay, havo tozalagich olish rejada bor, shu firmanikini olmoqchiman.

– O‘zbekistondaligimizda ishlatardik. Juda qimmatini AQShdan keltirib, tilim kuygan Woltage to‘g‘ri kelmay, 3 kunda buzilgan. Hozir Xiaomi Air Cleaner Smart turibdi uyda. Sifati seziladi, kun davomida ishlab tursa, allergiya va aksirish kamayadi, uyqu sifati ortadi.

– Oktyabrda oldim. Foydasi yo‘q deb o‘ylagandim. Lekin bolalarimning yo‘tali qoldi. 1 hafta ishlatmaganimdan keyin bolalar yo‘talishni boshlashdi. Balki tasodifdir.

– Xiaomi air purifier 4 lite ishlatamiz, puliga 100 foiz arziydi. Oynani ochishingizga farq yaqqol seziladi. Hozir aniq aytolaman, uyqu sifati ancha yaxshilandi.

– Xonamga Xiaomi air purifier 4 compast olganman, oynani ochishim bilan ishlashi tezlashib ketadi havoda xavfli zarrachalar ko‘payganidan.

Facebook’da ham tarmoq foydalanuvchilari xonada turli havo tozalagichlardan 1 yildan oshiq vaqt davomida foydalanib kelishayotgani va uning foydasini sezishayotganini yozishgan.

Instagramʼda esa tarmoq foydalanuvchisi o‘zi ishlatayotgan havo tozalagich qancha chang yig‘ganini videoga olib joylagan.

“Uyda turadigan havo tozalagich, har 3 oyda almashtiraman. Chang dahshat yig‘ilgan. Shu holatda ham kun ora uyni namlab, artib chiqiladi. Oddiy bo‘lsa ham uyda havo tozalagich qo‘yinglar”, – degan u.

Akvarium, suv va gullar

Umuman olganda tarmoq foydalanuvchilari xonada suv, gullar va akvarium qo‘yish orqali ham havoni nisbatan tozaroq saqlashga urinishayotganini yozishgan.

“Uyda doim usti ochiq akvarium bo‘lgan, shu uyni namlantirib turadi, derazalar kam ochiladi, shuning uchun foydasi katta, namlanmaydigan uyda tursam tomog‘im qurib qoladi”, – degan bir foydalanuvchi.

“Biz uydagi havoni tozalash uchun oynalarni ochib qo‘yamiz. Havoni namlantirish uchun obogrevatel yoniga yoki batareyaning ustiga kosada suv qo‘yib qo‘yamiz”, – degan yana bir vatandosh.

Boshqa bir foydalanuvchi esa xona havosini tozalash uchun gullar parvarish qilishini aytgan.

Havo bilan bog‘liq vaziyat Toshkentda qanday?

Toshkent shahrida havo sifati 2023 yildan beri yomonlashgan. Bu haqida batafsil tahlilni iqlimshunos Erkin Abdulahatov taqdimot qilib bergandi. Unda shamol koridorlarining qurilishlar bilan to‘silishi, Qozog‘istondan kirib kelayotgan chang massalari, isitish tizimlarida ko‘mirdan foydalanish kabilar 2023 yilda poytaxtliklarni 65 kun nosog‘lom va zaharli havodan nafas olishga majbur qilgani haqida so‘z borgan.

Ifloslanishning 36 foizi Qozog‘iston va boshqa hududlardan kirib keladigan tabiiy, 6 foizi qurilish va sanoat korxonalaridan chiqayotgan chang, 16 foizi avtomobil sektoriga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, ifloslanishning yana bir yirik manbasi – 28 foizi qishda issiqlik markazlari va issiqlik stansiyalariga to‘g‘ri kelgan. 13 foizi esa og‘ir sanoat va yengil sanoatdan chiqadigan changlar sanaladi.

“Oilaviy tez-tez tog‘ga chiqib turamiz”

Toshkent viloyatining tog‘li hududlariga sayohat qiluvchilar ko‘payib qolgan. Agar siz Toshkent viloyatining tog‘li hududlariga kamida 10 yildan beri har mavsumda 1 marta borib turuvchilardan bo‘lsangiz, buni sezmasligingiz qiyin. Albatta, bu ichki turizmning rivojlanayotganiga ko‘proq bog‘liq. Biroq Toshkentda oilasi bilan yashovchi tog‘ sayohatini yaxshi ko‘ruvchi Mavjuda Hotamova kuzatishlari boshqa bir sababni ham o‘rtaga tashlaydi. Uning Kun.uz muxbiriga aytishicha, Hotamova deyarli har hafta oilasi, bolalari bilan tog‘ga chiqib turadi. U oxirgi 2 yilda shahar havosining buzilishi tog‘ sayohatlari sonini ko‘paytirganini aytadi.

“Har hafta chiqib kelishga harakat qilaman. Juda uzoq bo‘lib ketsa, 2 haftada bir boraman. Bolalarim bilan 2-4 soat o‘tirib, keyin qaytamiz. Oldinlari shunchaki, shahar shovqinidan uzoq bo‘lib, hordiq chiqarish uchun borgan bo‘lsak, mana, oxirgi 2 yilda toza havosi uchun boradigan bo‘lib qoldik”, – deydi u.

Ayol har borganda odamlarni kuzatadi, ular bilan gaplashishni yaxshi ko‘radi. U biz bilan o‘z kuzatuvlarini ham bo‘lishdi. “Odamlar shunchaki nafas olish uchun ham tog‘ga borishganini ko‘raman. Ba’zida Oqtoshga chiqqanimizda shunday ota-onalarni ham uchratdim: bolalarining yo‘tali to‘xtamagani, antibiotiklar ta’sir qilmagani uchun ham tog‘ga olib kelganini aytishadi. Toza havodan nafas olib qaytishsa, keyin yo‘tali pasaygan, kamaygan. Bundaylarni ko‘p uchratdim”, – deydi u.

Kun.uz oldinroq poytaxtda havo yomonlashishi yosh bolalarga qanday ta’sir qilayotgani haqida material e’lon qilgan edi. Unda 4 yoshgacha bola parvarish qilayotgan onalar o‘z fikrlarini bildirgan. Ular poytaxtda havo tarkibi yomonlasha boshlagan davrlarda bolasida respirator kasalliklar tez-tez takrorlanib turishini kuzatayotganlarini aytishgandi. Havo ifloslanishi va infeksiyalar yuqishi o‘rtasida bog‘liqlik borligi tadqiqotlarda ham ma’lum bo‘lgan.

Mavjuda Hotamova tog‘ havosi o‘ziga juda yaxshi ta’sir qilishini va bu sayohatlarini doimiy davom ettirish niyati borligini ham aytadi.

“O‘zim uyqusizlikdan qiynalaman. Ko‘p uxlasam ham, ertalab dam olib, tiniqib turmayman. Lekin tog‘ga 2 soat borib kelsam, o‘sha kuni juda tiniqib uxlayman. Shunchaki shahardan chiqishning o‘zida ham toza havoni darrov o‘pkangizda his qilasiz”, – dedi u.

“Shahar chekkarog‘iga ko‘chib o‘tish haqida o‘ylayapmiz”

Tog‘ sayohatini yaxshi ko‘radigan Farrux Abdusattorov ham tog‘ga tez-tez chiqib turadi. U ham oilasi, yaqinlari, do‘stlari bilan asosan kislorod uchun borishini aytadi.

“Tog‘ havosi, albatta, toza va yengil. To‘yib nafas olasiz, kislorod ko‘p bo‘lganidan miya "ochilgandek" bo‘ladi. Dam olish uchun tunab qolsangiz, ertalab charchoq his qilmasdan, bosh og‘rimasdan, oson tura olasiz. Shaharda esa aksi, ertalab og‘ir turasiz, ko‘p uxlasangiz ham charchoq bo‘ladi”, – deydi u.

Abdusattorov shahar havosi yomonlashuvi uni tog‘ga tez-tez borishdan ko‘ra, shahar chekkarog‘iga ko‘chib o‘tishga majburlayotganini aytdi.

“Chunki yomon havo bizga katta ta’sir qilmasa ham, o‘sayotgan bolalar uchun, rivojlanayotgan tanasi uchun ancha zararli. Toza havo kayfiyatga, ish samaradorligiga ham ijobiy ta’sir qiladi”, – dedi u.

Ogohlantirishsiz qolgan aholi

Shuni alohida aytish kerakki, IQAir platformasida havo ifloslanganda nimalar qilish kerakligi haqida tavsiyalar ko‘rinib turadi. Platforma ko‘chaga chiqqanda niqob taqish kerakligini eng ko‘p eslatadi. Biroq shaharda havo ifloslanganda ko‘cha-ko‘yda niqob taqqanlar deyarli ko‘rinmaydi. Chunki aholi iflos havo ularga qanchalik yomon ta’sir qilishi haqida chuqur tasavvurga ega emas. Bu tasavvurni esa mas’ul tashkilotlar, jumladan, Ekologiya vazirligi, SSV va Sanepidqo‘mita shakllantirishi kerak edi. Biroq bunga hech kimning boshi qotgani yo‘q. Koronavirus pandemiyasi davridagi majburiy niqob tartibi esga olinsa, iflos havodan uzoq nafas olishning ham oqibatlari virusli infeksiyalarnikidan kam bo‘lmaydi. Buning oqibatlari bilan yillar davomida kurashishga to‘g‘ri keladi. Bu — qo‘shimcha mablag‘, vaqt; hayot, ish sifati pasayishi mumkin degan gap.

Siz-chi, toza havo uchun nimalar qildingiz, havo ifloslanishi hayot tarzingizga qanday ta’sir qildi? Bu haqda fikrlaringiz bo‘lsa, Telegram’dagi @kunuzmurojaat manziliga yozib qoldiring. Tahririyat sizning fikrlaringizni qadrlaydi.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist 

Mavzuga oid