Jahon | 16:31 / 24.02.2025
5665
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda kompaniya bo‘ydoq xodimlarni ishdan bo‘shatish bilan tahdid qildi

Kompaniyaning g‘ayrioddiy siyosati mahalliy hukumat e’tiborini tortdi.

Foto: The New York Times

Xitoydagi Shuntian Chemical Group kompaniyasi yolg‘iz va ajrashgan xodimlaridan 2025 yil sentabr oyi oxirigacha turmush qurishni talab qilib, aks holda ular ishdan bo‘shatilishi haqida ogohlantirdi. Qoida 28-58 yoshdagi barcha ishchilarga taalluqli ekani aytildi, deb yozadi South China Morning Post.

Kompaniya tashabbusiga ko‘ra, mart oyining oxirigacha uylanmagan yoki turmushga chiqmagan xodimlar o‘zlarini tanqid qilgan holda ochiq xat yozishi kerak bo‘ladi. Agar shundan so‘ng ham oila qurmasa, kompaniya ularning faoliyatini baholaydi va kelajakda ishdan bo‘shatish choralarini ko‘radi.

Kompaniyaning g‘ayrioddiy siyosatiga mahalliy kadrlar resurslari va kadrlar ta’minoti byurosi e’tibor qaratdi. Hokimiyat organlari bunday talab Xitoy Xalq Respublikasi mehnat qonunchiligini buzayotganini ta’kidladi. Tashkilot esa, aksincha, “davlat manfaatlari yo‘lida” ish yuritayotganini bildirdi, ammo oxir-oqibat qoidani bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Xitoyda nikohlar soni 6,1 millionga tushib ketdi. Bu 2023 yilga nisbatan 20,5 foiz kam. Yoshlarning turmush qurishga qiziqishi yo‘qligi sabab hatto ba’zi hududlarda hokimiyat to‘yni rag‘batlantirishga majbur bo‘ldi. Masalan, Shansi provinsiyasida yangi turmush qurgan juftliklarga 200 dollardan pul berilmoqda.

Mavzuga oid