Urushni qayta boshlash niyatidagi Netanyahu, Olaf Sholsning mag‘lubiyati va BMTda Rossiyaga yon bosayotgan AQSh - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil asirlar almashinuvini to‘xtatdi
Isroil bosh vaziri ofisi HAMAS bilan asirlar almashinuvi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Qaror keyingi isroillik asirlar kafolatli ravishda ozod etilmaguncha falastinlik mahbuslarni qo‘yib yubormaslik uchun qabul qilingan.
Binyamin Netanyahu Isroil G‘azoda harbiy harakatlarni istalgan vaqtda qayta boshlashga tayyor ekanini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMASning asosiy harbiy salohiyati yo‘q qilingan, ammo urush maqsadlariga to‘liq erishilmaguncha harakatlar davom etadi.
24 fevral kuni olti nafar isroillik asir ozod qilindi, ular orasida 27 yoshli Eliya Koen, 22 yoshli Omer Shem Tov va Omer 23 yoshli Venkert bor. Ular Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirildi.
Isroil 19 yanvardan beri amal qilayotgan sulh doirasida falastinlik mahbuslarni ozod qilishni vaqtincha to‘xtatgani HAMAS bilan keskinlikni oshirdi.
HAMAS vakillari ham Isroilni o‘z majburiyatlarini bajarmayotganlikda aybladi. Harakat vakili Abdullatif al-Kanuning bildirishicha, shanba kuniga rejalashtirilgan falastinlik mahbuslarni ozod qilish amalga oshmagan.
Shanba kuni Isroil 600 ga yaqin mahbusni HAMAS tomonidan ozod qilingan 6 ta garovga olingan shaxsga almashtirishi kerak edi. Biroq Netanyahu garovdagilarni topshirishda HAMAS tomonidan o‘tkazilayotgan «tahqirlovchi marosimlar» tufayli jarayon to‘xtatilganini aytdi.
Germaniyadagi saylovlar: Mers g‘alaba qozondi
Germaniyada parlament saylovlari yakunlandi va ular amaldagi hukumat koalitsiyasi uchun og‘ir natija berdi. Ekzitpollarga ko‘ra, Xristian-demokratlar/xristian-sotsialistlar ittifoqi yetakchisi Fridrix Mers 29 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi va endi u yangi kansler bo‘lishi kutilmoqda.
Ikkinchi o‘rinni sobiq GDR hududida kuchli qo‘llovga ega nemis ultrao‘ng millatchilarining «Germaniya uchun muqobil» partiyasi egalladi, u 19–20 foiz ovoz bilan o‘z natijasini avvalgi saylovga nisbatan ikki baravarga oshirdi. Biroq barcha asosiy partiyalar u bilan hamkorlik qilishni rad etgani uchun Ilon Mask qo‘llagan millatchilar hukumatga kirish imkoniyatidan mahrum.
Olaf Sholsning Sotsial-demokratik partiyasi 16 foiz bilan tarixiy mag‘lubiyatga uchradi — bu partiya uchun 135 yildagi eng yomon natija. «Yashillar» (13 foiz) va Erkin demokratik partiya ham katta yo‘qotishlarga uchradi.
Hozirgi asosiy savol — hukumat koalitsiyasini kim shakllantiradi? Xristian-demokratlar ittifoqi va sotsialistik partiya koalitsiyasi eng real variant sifatida ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, XDI/XSI va «yashillar» bloki uchun ham imkoniyatlar mavjud.
Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Shols saylovda mag‘lubiyatga uchraganini tan oldi va Xristian-demokratlar /xristian sotsialistlar ittifoqi yetakchisi Fridrix Mersni g‘alabasi bilan tabrikladi. U sotsial-demokratlar uchun bu saylov natijalarini «juda achchiq» deb baholadi.
Zelenskiy lavozimdan ketishga tayyor, ammo…
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy agar kelishuvlar tinchlik olib kelsa yoki mamlakatning NATOga qo‘shilishini ta’minlasa, o‘z lavozimini tark etishga tayyor ekanini bildirdi.
Zelenskiy 24 fevral kuni Kiyevda Yevropa yetakchilari ishtirokida sammit bo‘lib o‘tishini va uning tinchlik muzokaralarida burilish nuqtasi bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Unga ko‘ra, tinchlik muzokaralarida Ukraina, AQSh, Rossiya va Yevropa Ittifoqi qatnashishi kerak. Prezident Tramp bilan Ukraina muzokaralarda kuchli pozitsiyaga ega bo‘lishi masalasini muhokama qilish istagini bildirib, xavfsizlik kafolatlari iqtisodiy kelishuvlar orqali ta’minlanishi mumkinligini ta’kidladi.
Zelenskiy Trampning AQSh Ukrainaga 500 mlrd dollar qarz bergani to‘g‘risidagi da’vosini rad etdi.
«500 mlrd dollar masalasida, biz bu raqamni o‘rganib chiqmoqdamiz. Men 100 mlrdcha qarzimiz borligini bilaman, lekin shu ham fakt emas. Men 500 mlrdni tan olmoqchimasman. Kim nima desa desin, qanday muloqot qilmaylik, hamkorlarimizga hurmat bildirgan holda men so‘zimda qat’iyman, chunki bu haqqoniy vaziyat. Boshqa vaziyat — 100 mlrd dollarni ham tasdiqlashga tayyormasman. Negaligini tushuntiraman: yoqadimi-yo‘qmi, biz grantlarni qarz sifatida tan olishga majburmasmiz. Men Bayden va AQSh Kongressi bilan kelishganman, Kongressga rahmat aytaman. Bu grantlarni har ikki partiya qo‘llab-quvvatlagan. Grant — qarz emas, uni qaytarishga majburmasmiz».
U, shuningdek, Trampning Ukraina yerosti boyliklari bo‘yicha kelishuvda yordam uchun 100 foizlik ustama bilan 500 mlrd dollarlik to‘lov talab qilayotganini tasdiqladi.
«Bu pulni ukrainaliklarning o‘n avlodi to‘lashga majbur bo‘ladi. Men bunga imzo qo‘ya olmayman», — dedi Zelenskiy.
Tramp: kelishuvga erishish mumkin
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina prezidentlari uchrashishi kerakligini ta’kidlab, mojaroni tugatish uchun kelishuvga erishish imkoniyati borligini bildirdi.
«Men o‘t ochishni to‘xtatish va kelishuv imzolanishini istayman. Menimcha, buning uchun imkoniyat bor», — dedi Tramp Oq uyda.
U Vashington Rossiya bilan muzokaralarni davom ettirishini va mojaroni yakunlashga qat’iy bel bog‘laganini ta’kidladi.
Donald Tramp Ukraina bilan kelishuvni bir hafta ichida imzolashga ishonch bildirmoqda. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning bildirishicha, Tramp Rossiya-Ukraina urushini tugatuvchi kelishuvni shu hafta ichida imzolashga ishonchi komil ekanini bildirgan.
Levittga ko‘ra, prezident va uning jamoasi muzokaralarni faol davom ettirmoqda. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mett Uolts kelasi dam olish kunlari kun-u tun ish olib boradi. Shuningdek, moliya vaziri Skott Bessent Ukraina bilan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv muhokamasida ishtirok etgan.
U Ukraina bilan nodir metallar bo‘yicha kelishuv yaqin ekanini ham aytdi. Trampga ko‘ra, AQSh Ukrainaga 300 mlrd dollar ajratgan, Yevropa esa 100 mlrd dollarni kredit shaklida bergan.
«Yoki biz kelishuvga erishamiz, yoki Ukrainada muammolar bo‘ladi. Shu sababli biz mablag‘larimiz kafolatlanishi uchun kelishuv imzolaymiz», — dedi Tramp.
Moskvada 9 maydagi tadbirlarga borish haqidagi savolga javob berar ekan, Tramp: «Yo‘q, men bormayman», — deb javob berdi.
Kreml: muzokaralar umidbaxsh
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi muloqotni «umidbaxsh» deb baholadi.
«Bu ikki haqiqatan ham ko‘zga ko‘ringan prezidentlar o‘rtasidagi muloqot. Ularning siyosiy irodasini amalga oshirishga hech narsa xalaqit bermasligi muhim», — dedi Peskov VGTRK jurnalistiga.
Unga ko‘ra, Putin Ukraina bo‘yicha muzokaralarga ochiqligicha qolmoqda.
Peskov Rossiya nazoratidagi hududlar masalasiga ham to‘xtalib, bu yerda yashovchi aholi allaqachon o‘z tanlovini qilganini ta’kidladi.
«Biz uchun asosiysi — bu hududlardagi odamlar Rossiya bilan birga bo‘lishga qaror qilgani. Bu yerlarni hech kim «sotmaydi», — dedi u.
AQSh BMTda Ukraina va Yevropaga qarshi chiqmoqda
AQSh BMT Xavfsizlik Kengashida Ukraina urushiga oid o‘z rezolyutsiyasini ovozga qo‘ymoqchi.
Bu Ukraina va Yevropa tomonidan tayyorlangan rezolyutsiyani Bosh Assambleya muhokamasidan olib tashlashga yo‘naltirilgan diplomatik harakat sifatida baholanmoqda.
Vashington Yevropa bilan uzoq vaqt Ukraina loyihasi ustida ishlagan, biroq so‘nggi kunlarda Kiyevni o‘z rezolyutsiyasini qaytarib olishga chaqirgan. Ukraina bu talabni rad etdi.
Amerika rezolyutsiyasida Rossiya Ukrainaga bosqin uyushtirgani haqida ochiq bayon qilinmagan, u shunchaki «jangovar harakatlar»ni tugatishga chaqiruvdan iborat. Ukraina va Yevropa esa Rossiyani aniq «agressor» sifatida ko‘rsatuvchi rezolyutsiyani ilgari surmoqchi.
Yevropa diplomatlariga ko‘ra, 110 davlat ukrain rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. AQSh esa o‘z loyihasini Xavfsizlik Kengashi orqali o‘tkazib, Bosh assambleya muhokamasini bekor qilishni rejalashtirmoqda.
BMTda ovoz berish qarori Xitoyga bog‘liq, u fevral oyida Kengashga raislik qilmoqda.
Kanada Ilon Maskni fuqarolikdan mahrum etmoqchi
Kanadada AQSh prezidenti Donald Trampning maslahatchisi Ilon Maskni fuqarolikdan mahrum qilish talabi bilan petitsiya ishga tushirildi.
Yozuvchi Kvaliya Rid tashabbusi va NDP deputati Charli Angus qo‘llovi bilan o‘tkazilayotgan kampaniyada 50 mingdan ortiq imzo yig‘ildi.
Petitsiyada Mask «Kanada milliy manfaatlariga zid harakatlar» qilayotgani aytilib, bosh vazir Jastin Tryudo uning Kanada fuqaroligini bekor qilishga chaqirilgan. Shuningdek, u «moliyaviy va siyosiy ta’sir orqali mamlakat saylovlariga aralashishda» ayblanmoqda.
Hujjat 20 iyun kuni Qonunchilik palatasiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid

13:09 / 10.03.2025
Elektrdan uzilgan G‘azo, Sudjaga gaz quvuri orqali hujum va Tramp kelishi bilan yanada boyigan rossiyalik milliarderlar - kun dayjesti

15:46 / 08.03.2025
Muzokaralardan norozi Netanyahu, Suriyada Rossiya bazalari yaqinida janglar va sulh uchun shart qo‘yayotgan Kreml - kun dayjesti

14:15 / 07.03.2025
HAMASdan Trampga, Putindan Makronga javoblar, Zalujniyning bayonotlari va Saudiyada kutilayotgan muzokaralar - kun dayjesti

13:34 / 06.03.2025