O‘zbekiston | 18:19 / 24.02.2025
17703
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston kompaniyasi Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘ldi

AQSh va Buyuk Britaniya ortidan Yevropa Ittifoqi ham Uzstanex kompaniyasiga cheklovlar joriy qildi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Ukrainada urush boshlanganining uch yilligi munosabati bilan Rossiyaga qarshi 16-sanksiya paketini qabul qildi. Bu haqda YeI kengashining press-relizida aytiladi.

48 nafar jismoniy va 35 nafar yuridik shaxsga nisbatan cheklov choralari qo‘llangan. Qayd etilganidek, ular Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi yoki tahdid soluvchi harakatlar uchun javobgardir.

Sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasi ham kiritildi.

Uzstanex kompaniyasi StanexGroup holdingi tarkibiga kiradi. Kompaniya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda uskunalarni sotadi va sozlaydi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, Uzstanex 2018 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Amalga oshiradigan faoliyat turi – mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi. Ustav fondi 65 mln so‘m. Yagona ta’sischisi – Abramov Vasiliy Vitalevich, direktori – Boytsov Dmitriy Aleksandrovich. Kompaniya Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan.

2024 yil oktabr oyida AQSh Moliya vazirligi ham Uzstanex kompaniyasiga nisbatan sanksiya kiritgan edi. Departament qarorida ta’kidlanishicha, kompaniya «Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etgan», jumladan, Uzstanex tomonidan xarid qilingan dastgohlar Xitoyda joylashgan kompaniyalar orqali Rossiyaga yetkazib berilgan.

2024 yil noyabr oyida Buyuk Britaniya ham Uzstanex kompaniyasiga sanksiyalar joriy qildi.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘lgan kompaniyalar quyidagi cheklovlarga duch kelishi mumkin: aktivlarning muzlatilishi, moliyaviy xizmatlarga kirishning cheklanishi, savdoning taqiqlanishi, hamkorlikning cheklanishi, texnologiyalarga kirishning cheklanishi, transport va logistika cheklovlari va boshqalar.

Mavzuga oid