Jamiyat | 11:39 / 24.02.2025
58714
10 daqiqa o‘qiladi

"Vijdon azobida qolib ketdim" - Samandar Hamroqulovning iqrori

Kun.uz Toshkentdagi Gold terapi klinikasi va uning asoschisi Xayrulla Qosimovning faoliyatidan norozi murojaatlarni e’lon qilgan edi. Unda murojaatchilar xonanda Samandar Hamroqulov ishtirokidagi roliklarni va Chotki tv kanalidagi reklamani ko‘rib muolajaga katta miqdorda pul to‘lashganini va jarayonda ularga psixotrop ichimlik ichirilganini iddao qilishdi. Shundan keyin tahririyatga murojaatlar oqimi yanada ko‘paydi.

O‘zbekiston ahlidan, “men Samandarni ko‘rib bordim” deganlarning hammasidan uzr so‘rayman

Xususan o‘sha ko‘rsatuvda tilga olingan xonanda Samandar Hamroqulov izoh berishini ma’lum qildi.

Xonandaning aytishicha, u ham shu ichimlik ta’sirida bo‘lgan, ammo ko‘rsatuvni ko‘rgunga qadar bu haqida o‘zi ham bilmagan. Tanishlarning tavsiyasi bilan xotiraning pasayishi, uzluksiz charchoq, uyqusizlik sababli “professor” qabuliga borgan va uning ta’siriga tushib qolgan:

“Kun.uz’dagi suhbatni ko‘rganimda biri 16 ming, biri 15 ming dollar deganlarni ko‘rdim. Ayniqsa parkinson tashxisli yigitning “mening oxirgi umidimni pul qildi Xayrulla Qosimov” degani menga yomon ta’sir qildi. Shuning uchun keldim men bu yergaki, odamlar haqiqatni bilsin. Men endi tushunyapman, men bilan podkast uchun kelgan, “davolandim, tuzaldim” deganlarning hammasi aktyor ekan. Ko‘rsatuvni ko‘rganimdan keyin chidab turolmadim, yomon vijdon azobida qoldim. Men igna bilan quduq qaziyotgan odamman.

Har qanday yaltiragan narsa tilla bo‘lavermas ekan. Oz vaqtda katta rezultat va’da qilyaptimi – har doim shubha bilan qarang. Menga o‘xshab yomon holatga tushib qolmang. O‘zbekiston ahlidan, “men Samandarni ko‘rib bordim” deganlarning hammasidan uzr so‘rayman”.

Xayrulla Qosimovning qabulida unga katta miqdorda – 60000 dollar pul tutqazadi va shunaqa ko‘p pul topishini va’da qiladi. Muolajasiga hozir to‘lasa 20 mln to‘lashini, agar keyinroq yoki bo‘lib to‘lasa 90 mln bo‘lishini aytgan.

“Suhbat paytida menga termosdan damlama quyib berdi. O‘tdan bo‘lgan damlama. “Shuni iching, bu ichingizdagi programmalarni tozalaydi”, dedi. Suhbat davomida amin bo‘ldimki, u meni tuzata oladi. Chunki hech ikkilanmasdan, ishonch bilan gapiryapti.

15 yoki 16 mln chiqdi bor pulimiz, shuni to‘ladim. “Bu kam, aslida bunaqa pulga davolamayman. Lekin sizga bitta xizmat bor, sizni davolayman shu pulga. Faqat o‘zgarish bo‘lgandan keyin siz bitta intervyu berasiz, unda yaxshi bo‘lganingizni aytasiz”, dedi. Rozi bo‘ldim”.

Suhbatda unga turli psixologik ta’sir qiluvchi savollar beriladi. Qo‘rquv blokingiz yechildi deyiladi. Vaholanki unda ichimlik ta’sirida gallyutsinatsiya holati yuz berayotgan bo‘lgan.

Xonanda uyga qaytgach ahvoli og‘irlashadi va qon qayt qiladi. Psixoximik shunday bo‘lishi mumkinligini aytgani uchun buni tabiiy qabul qilsa-da sog‘ligidan xavotirga tushadi. Oradan bir hafta o‘tib u o‘zini yaxshi his qiladi, ishlari yurishganini sezadi. Shuni o‘zgarish deb qabul qilgan Samandar “professor”ga sog‘ayganini aytib intervyu beradi.

Shundan keyin Xayrulla Qosimov unga o‘zi tuzatgan bemorlarning tahlil natijalarini ko‘rsatib ular bilan suhbat qilib berishini, evaziga gonorar to‘lashini aytgan. Bu tahlillar aniq yoki noma’lumligidan bexabar aktyor bunga rozi bo‘ladi. Ularning maqsadi esa aslida uning taniqli shaxs ekanligidan foydalanish bo‘lgan. Chunki Hamroqulov ishtirokidagi roliklar Qosimov sahifasida muntazam aylantirilgan va haligacha aylantirilmoqda.

Qon qusdim, o‘lib qolaman deb o‘yladim o‘shanda

Yana bir murojaatchi taniqli “Bravo” guruhining ham birgalikdagi chiqishlari orqali ularga yanada ishonchi ortgan. U barcha tilla buyumlarini sotib muolaja oladi. U bilan ham xuddi shu holat takrorlanadi.

“O‘zim oliy ma’lumotli bo‘lsam ham, reklamada 100% kafolatga ishonib borganman. Muolajani olganimdan keyin uyga ketayotganimda ichimlik ta’siri bo‘lgan shekilli – befarq bo‘lib qolganman. Uyqu bosadi, kimdir gapiryaptimi, birov yig‘layaptimi – ahamiyat bermaydigan darajada befarq bo‘lib qolasiz. Xuddi miya boshqa, ruh boshqa bo‘lib qolganday. 3-4 soat davom etgan. O‘sha paytda 6 oyli emizikli bolam bor edi, bu haqida aytgandim ham. Bir og‘iz indashmagan, emizmay turish yoki bola bilan munosabat qilmaslik haqida.

Muolaja tugagandan keyin menda o‘zgarish qachon bo‘lishini so‘rasam oradan kamida 3 oy o‘tishi kerakligini, 8 oyda yoki 1 yildayam natija bo‘lishi mumkinligini aytdi. “Bir yildan keyin siz umuman boshqa hayotda yashayotgan bo‘lasiz, hali ko‘rasiz. 100% kafolat beraman siz umuman boshqacha yashaysiz, muammolaringiz hal bo‘lgan, pulga ochilgan hayotda yashaysiz”, dedi.

Oxirgi muolajadan keyin mazam qochdi. Tinimsiz qusdim, bunda odatda odamda ichidagi ovqat qoldiqlari chiqadi. Lekin menda qonga o‘xshash, qo‘rqinchli, laxta-laxta narsa chiqdi. O‘lib qolaman deb o‘yladim o‘shanda, juda qattiq qo‘rqqanman.

Keyin qarasam boshqa davlatda qabul qilyapti va hamma taniydigan “Dizayn” (“Bravo”) guruhi reklama qilgan. Odamlar izohlarda kredit olib bo‘lsa ham borishini yozishganini ko‘rdim”.

Ayolning oilaviy, moliyaviy holati bu muolajalardan keyin tobora yomonlashgan. Qosimovning sahifasida avj olayotgan “programmalashtirish” kampaniyasini ko‘rgan ayol chiday olmay izoh yozadi va bloklanadi.

Yana bir murojaatchi kredit olib muolajaga borgan. Biror foyda olmagan bo‘lsa-da, haligacha kredit to‘laydi.

Shogird tushish – 40 000 dollar

Ayni paytda Qosimovning bir qancha shogirdlari ham o‘zlariga “psixoximik” degan nom qo‘yib, 1000% kafolat va’da qilib, xuddi shunday faoliyat olib borishyapti. Murojaatchining so‘zlariga qaraganda, bu ancha qimmatga tushadi:

“Nima ish qilsam, zo‘r bo‘lib ketishini so‘raganimda “hozir shogirdlik kursimni ochyapman, menga o‘xshab ishlaysiz, oliy ma’lumotli ekansiz, demak odamlarga yaxshi yetkazib berasiz”, dedi. Men o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Narxini so‘rasam 40 000 dollar dedi.

10 ta shogirdi 10 kun davomida bir xil ssenariy asosida bir xil post qo‘yadi, bir xil gap gapirishadi, qo‘llarida bir xil pul ko‘rsatishadi. “Shuncha pul topib, jamiyatga foydali bo‘lyapman, siz ham foydali bo‘ling”, degan gaplarni aytishadi. Kuzatib turgan odam buni tezda anglab oladi”.

Bundan tushunish mumkinki, mo‘may pul to‘lab evaziga puch shartnoma va yolg‘on va’dalar olayotgan hamyurtlarimiz soni hali anchagina bo‘lishi mumkin.

Ko‘rsatilmaydigan g‘aroyib “apparat”, yaroqsiz shartnomalar va sukut saqlayotgan tashkilotlar

Ko‘rsatuvni tayyorlash jarayonida tahririyatga o‘zini Gold terapi vakili Rixsitilla deb tanishtirgan shaxs tashrif buyurdi. Uning e’tirozlarini eshitar ekanmiz, Amerikadan keltirilgan, odam miyasini “programma” qiladigan apparatini ko‘rsatishni so‘radik. Ammo haligacha bu savolimizga javob berilmadi.

E’tibor berilsa, davolanayotganlarga 1 yilgacha muddat va’da qilinadi. Ammo shartnomada pulni qaytarish 2 oygacha amal qilishi yozilgan. Umidvor bemorlar esa yil davomida shifo kutadi. Natija bo‘lmadi demoqchi bo‘lishsa, qarabsizki shartnomada ko‘rsatilgan muddat tugagan.

Shu o‘rinda qiziqki, bir qancha fuqarolarning turlicha huquqlari suiistemol qilinyapti, buzilyapti. Ammo tegishli huquq-tartibot idoralari, jumladan Bosh prokuratura, Ichki ishlar bo‘limlari, murojaatlarni qabul qiluvchi portal, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi, ularga litsenziya bergan Innovatsiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bu masalada lom-mim demadi. Gold terapi’ga litsenziya bergan vazirlikka bog‘langanimizda, ular faqat litsenziya berishlarini, klinikaning keyingi faoliyati uchun ichki ishlar idoralari javobgar ekanligini aytishdi.  

Programmalashtirilgan miyalar – “Psixoximik - 2”

Mavzuga oid