Jahon | 19:01 / 22.02.2025
18404
11 daqiqa o‘qiladi

Nurek, Rog‘un va Qambarota-1 – dunyodagi eng baland to‘g‘onlar qayerda qurilgan?

Bugun Yer yuzida eng muhim tarmoqlardan biri elektr energiyasi ishlab chiqarish hisoblanadi. Asosiy elektr energiyasi IESlarda, rivojlangan davlatlarda AESlarda va yirik daryolar bor joylarda GESlarda ishlab chiqarilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Yer yuzida 800 mingdan oshiq katta va kichik suv to‘g‘onlari bor. Ushbu materialda ularning eng balandlari haqida gaplashamiz.

Bir necha kun avval Jahon banki Rog‘un GES qurilishi uchun Tojikistonga 350 mln dollarlik grant ajratishni ma’qulladi.

Bu GES qurilishi sovet davrida boshlangan va mablag‘ yetishmovchiligi tufayli to‘xtab qolgandi. Tojikiston 2000-yillar boshlarida Rog‘un GES qurilishini qayta tikladi.

Yangi rejaga ko‘ra, GESning to‘g‘onini 2042 yilgacha to‘liq bitkazib, foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda. Rog‘un GES to‘liq bitsa, undagi platinaning balandligi 335 metrga yetadi va u dunyodagi eng baland to‘g‘on bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Yer yuzida 800 mingdan oshiq katta va kichik suv to‘g‘onlari bor. Ularning aksariyati tog‘li hududlarda, daryolarning oldi to‘silishi uchun qurilgan.

To‘g‘onlar orasida balandligi bir necha o‘n metrdan tortib, 300 metrdan oshadiganlari ham bor. Quyida hozir ishlayotgan, faoliyatini to‘xtatgan va qurilayotgan eng baland to‘g‘onlar haqida ma’lumot beramiz

1. Tszinpin GES, Xitoy

Foto: fishki.net

Bugun dunyodagi eng baland to‘g‘on Xitoyda qurilgan Tszinpin GESga tegishli. Uning balandligi 305, uzunligi 568 metr.

GES qurilishi 2005 yilda, suv omborini to‘ldirish 2012 yilda boshlangan. To‘g‘on Xitoy janubi-g‘arbidan boshlanadigan Yalunszyan daryosining oldini to‘sib qurilgan.

Bu GES 2014 yilda foydalanishga topshirilgan. Uning quvvati 3 600 megavatt bo‘lib, bir yilda 17 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

2. Nurek GES, Tojikiston

Foto: nlsteel.ru

Nurek GES to‘g‘oni qurilishi 1961 yilda Amudaryoning asosiy irmog‘i bo‘lgan Vaxsh daryosining oldi to‘silib boshlangan.

GESdagi agregatlar 1972-1979 yillar davomida ishga tushirilgan. To‘g‘onning balandligi 300, uzunligi 714 metrni tashkil etadi.

Nurek GESning quvvati 3 000 megavatt bo‘lib, u bir yilda 11,2 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Nurek GES to‘g‘oni 2014 yil Xitoydagi Tszinpin GES foydalanishga topshirilguncha dunyodagi eng baland platina bo‘lgan.

3. Lyanxekou GES, Xitoy

Foto: alamy.com

Lyanxekou GES to‘g‘oni qurilishi 2009 yilda boshlangan va 2021 yilda ishga tushirilgan. U Xitoydagi Yalong daryosida qurilgan.

To‘g‘onning balandligi 295, uzunligi 650 metr. Lyanxekou GESning quvvati 3 000 megavatt bo‘lib, unga 6 ta 500 megavattlik turbinalar o‘rnatilgan.

Bu GES to‘liq ishga tushganda yiliga 11 mlrd kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Loyiha qiymati qariyb 10 mlrd dollarni tashkil etadi.

4. Syaovan GES, Xitoy

Foto: powerproduct.com

Syaovan GES qurilishi 2002 yilda boshlangan va 2010 yilda foydalanishga topshirilgan. Uning to‘g‘oni Xitoy janubidan boshlanadigan Mekong daryosida qurilgan.

To‘g‘onning balandligi 292, uzunligi esa 902 metr. To‘g‘onning qalinligi ost qismida 62 metrni, eng tepa qismi esa 13 metrni tashkil etadi.

Syaovan GESning quvvati 4 200 megavatt. Unga Huaneng Power International kompaniyasi egalik qiladi. To‘g‘on qurilishiga qariyb 4 mlrd dollar sarflangan.

5. Bayxetan GES, Xitoy

Bayxetan GES qurilishi 2017 yilda boshlangan va 2022 yilda ishga tushirilgan. Uning to‘g‘oni Tszinsha daryosining oldi to‘silib qurilgan.

To‘g‘onning balandligi 289, uzunligi 709 metr. GESning quvvati 16 000 megavatt bo‘lib, unga har birining quvvati 1000 megavatt bo‘lgan 16 ta generator o‘rnatilgan. Eng so‘nggi generator tarmoqqa 2022 yil dekabrda qo‘shilgan.

GES bir yilda 60 mlrd kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Unga China Three Gorges Corporation kompaniyasi egalik qiladi. GESning qurilishiga jami 26 mlrd dollar sarflangan.

6. Silodu GES, Xitoy

Compare
cnbc.com

Silodu GES qurilishi 2005 yilda boshlangan va u 2014 yilda to‘liq ishga tushirilgan. Bu GES to‘g‘oni ham Tszinsha daryosining oldi to‘silib qurilgan.

To‘g‘onning balandligi 285, uzunligi esa 700 metr. GESning quvvati qariyb 14 ming megavatt bo‘lib, unga har birining quvvati 770 megavatt bo‘lgan 18 ta gidroagregat o‘rnatilgan.

GESga China Yangtze Power kompaniyasi egalik qiladi. U bir yilda 55,2 mlrd kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

7. Grand Diksens GES, Shveytsariya

Grand Diksens GES qurilishi 1953 yilda boshlangan va 1964 yilda ishga tushirilgan. Uning to‘g‘oni Diksens daryosida qurilgan.

To‘g‘onning balandligi 285, uzunligi 700 metr. GESning quvvati 2 069 megavatt bo‘lib, unga to‘rtta gidroagregat o‘rnatilgan.

GESga Energie Ouest Suisse kompaniyasi egalik qiladi. Grand Diksens GES bir yilda 2 mlrd kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

8. Inguri GES, Gurjiston

Foto: colliers.com

Inguri GES 1970-yillar boshlarida qurila boshlangan va 1978 yilda ishga tushirilgan. Uning to‘g‘oni Inguri daryosida qurilgan.

To‘g‘onning balandligi 271, uzunligi 728 metr. GESning umumiy quvvati 1 300 megavatt bo‘lib, unga har birining quvvati 260 megavatt bo‘lgan beshta generator o‘rnatilgan.

GES bir yilda 4,4 mlrd kilovatt elektr energiya ishlab chiqaradi. Unga Gurjiston hukumati egalik qiladi

9. Yusufeli GES, Turkiya

Foto: shutterstock.com

Yusufeli GES qurilishi 2013 yilda boshlangan va 2021 yilda to‘liq ishga tushirilgan. Uning to‘g‘oni Turkiya sharqidagi Choruh daryosida qurilgan.

To‘g‘onning balandligi 270, uzunligi 490 metr. GESning quvvati 540 megavatt bo‘lib, unga har birining quvvati 180 megavatt bo‘lgan uchta generator o‘rnatilgan.

GES bir yilda 1,7 mlrd kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Unga State Hydraulic Works kompaniyasi egalik qiladi.

10. Vayont GES (hozir ishlatilmaydi), Italiya

Foto: alamy.com

Vayont GES 1950-yillarning ikkinchi yarmida qurilgan va 1961 yilda ishga tushirilgan. Biroq 1963 yilda sodir bo‘lgan halokatdan so‘ng uning suvi qo‘yib yuborilgan va hozir bu GES ish faoliyatida emas.

To‘g‘onning balandligi 261,6, uzunligi 190 metr. U Italiya shimolidagi daryolardan birining oldi to‘silib, qurilgan.

Qurilayotgan to‘g‘onlar orasida eng balandlari

1. Rog‘un GES, Tojikiston

Foto: pravda.ru

Rog‘un GES qurilishi 1976 yilda Amudaryoning asosiy irmog‘i bo‘lgan Vaxsh daryosining oldi to‘silib, boshlangan. 2000-yillar boshlarida Tojikiston to‘xtab qolgan qurilishni davom ettirishga qaror qilgan.

Rog‘un GES bitsa to‘g‘onining balandligi 335 metr, uzunligi 660 metr bo‘ladi. Shunda u yiliga 13,8 mlrd kilovatt elektr energiya ishlab chiqara oladi.

Hozirgi kunda Rog‘un GESning bitgan qismi ish faoliyatida va unda 760 megavatt elektr energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega generatorlar ishlayapti. Obekt to‘liq bitsa, uning quvvati 3 600 megavatt bo‘ladi.

2. Baxtiyori GES, Eron

Baxtiyori GES qurilishi 2013 yilda Baxtiyori daryosining oldi to‘silib, boshlangan. Bu GES to‘g‘oni to‘liq bitsa balandligi 325 metr, uzunligi 434 metr bo‘ladi.

Loyiha qiymati 2 mlrd dollarga baholangan va hozircha GESning to‘liq ishga tushirilishi muddati aniq emas. Bu loyiha bitsa uning quvvati 1 500 megavatt bo‘ladi va yiliga 3 mlrd kilovatt elektr energiya ishlab chiqaradi.

Loyihaga ko‘ra, GESga har birining quvvati 250 megavatt bo‘lgan oltita generator o‘rnatish ko‘zda tutilgan.

3. Dashtijum GES, Tojikiston

Dashtijum GES qurilishi hali boshlanmagan. Uning loyihasi 1970-yillarda SSSRda tayyorlangan va to‘g‘on Panj daryosining oldi to‘silib qurilishi rejalashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, GES to‘g‘onining balandligi 320, uzunligi 1 140 metr bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

O‘shanda sovetlar bu GESni Afg‘oniston bilan hamkorlikda qurib, birga ishlatishni reja qilishgan. Keyinchalik Afg‘on urushi boshlangach GES rejasi qog‘ozda qolib ketadi.

4. Shuanszyankou GES, Xitoy

Shuanszyankou GES qurilishi 2013 yilda boshlangan. U 2023 yilda to‘liq ishga tushirilishi lozim edi, biroq bu biroz ortga surildi.

GES to‘g‘oni Daduxe daryosining oldi to‘silib qurilmoqda. Bitgandan so‘ng uning balandligi 312, uzunligi 649 metr bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra Shuanszyankou GES quvvati 2 000 megavatt bo‘ladi va unga har birining quvvati 500 megavatt bo‘lgan to‘rtta generator o‘rnatiladi.

GES egasi State Power Dadu Hydropower Development Co., Ltd. kompaniyasi hisoblanadi. Loyihaning umumiy qiymati 4,02 mlrd dollarga baholangan.

5. Diamer-Bxasa GES, Pokiston

Foto: renen.ru

Diamer-Bxasa GES qurilishi 1998 yilda boshlangan. Uni 2028 yilda to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

To‘g‘on Hind daryosining oldi to‘silib qurilmoqda va uning balandligi 272 metr bo‘ladi. Qurilish ishlarini Xitoyga tegishli kompaniyalar olib bormoqda.

Loyihaga ko‘ra, GESning to‘liq quvvati 4 800 megavatt bo‘ladi va unga har birining quvvati 375 megavatt bo‘lgan 12 ta generator o‘rnatiladi.

Loyihaning umumiy qiymati 14 mlrd dollarni tashkil etadi. U to‘liq bitgach yiliga 19 mlrd kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqara oladi.

Shuningdek, qo‘shni Qirg‘izistonda Qambarota GES-1ni qurish rejalashtirilgan. Bu GES qurilishi sovet davrida, 1986 yilda boshlangan va tugallanmay qolgan. Uning to‘g‘oni Sirdaryoning asosiy irmog‘i bo‘lgan Norin daryosida joylashgan.

Qambarota GES-1 to‘g‘onining balandligi 256 metr bo‘ladi. Uni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston birgalikda qurib bitkazmoqchi.

Loyihaga ko‘ra, GESning quvvati 1 860 megavatt bo‘ladi va unga to‘rtta 465 megavattlik generator o‘rnatiladi. Qambarota GES-1 to‘liq quvvat bilan ishlasa, yiliga 5,6 mlrd kilovatt elektr energiya ishlab chiqaradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid