“Budjetni deputatlar yozishi kerak” - parlamentlar haqida iqtisodchi bilan suhbat
Parlamentning fundamental vazifasi – kimdan qancha miqdorda soliq undirish va yig‘ilgan pullarni qayerga sarflashni hal qilishdan iborat, deydi Nyu York universiteti professori Behzod Hoshimov. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda erkin saylovlar orqali shakllangan parlamentlar qanday ishlashi haqida so‘zlab berdi.
Dunyo so‘nggi asrlarda bemisl taraqqiyotga erishganining sabablaridan biri – ming yillar davomida amal qilib kelgan an’anaviy davlat boshqaruvining o‘zgarishlarga yuz tutishi bo‘ldi. Hukumatlar va sudlar qadim zamonlardan beri bor, hokimiyatning uchinchi bo‘g‘ini – parlamentlar esa hozirgi shaklda asosan 17-asrdan boshlab shakllana boshladi.
Kun.uz muxbiri qonun chiqaruvchi hokimiyatning iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni atrofidagi savollar bilan Nyu York universiteti professori, iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan suhbatlashdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy nuqtayi nazardan parlamentning asosiy funksiyalaridan biri – jamiyat resurslarini qayerga va qanday taqsimlash masalalarini hal qilishdir.
“Jamiyatlar tarixan bir xulosaga kelishgan: soliqlardan yig‘ilgan budjetni hammamiz kelishib sarflashimiz kerak. Oddiy qilib aytganda, aytaylik, bir mamlakat bor. U mamlakatning o‘ziga yarasha xarajatlari bor. Masalan, xavfsizlikni ta’minlash, bog‘lar va o‘rmonlarni muhofaza qilish va hakozo. Bu xarajatlarning qiziq tomoni shundaki, ularni qilsak, barchamiz manfaatdormiz. Qilinmasa, barchamiz zarar ko‘ramiz. Lekin shu narsani bir tashkilot ta’minlasa, u tashkilotning xizmatidan men yoki boshqa inson iste’mol qilsa ham, o‘sha narsa kamayib qolmaydi. Buni tushuntirishga harakat qilaman. “Ijtimoiy tovar” yoki “jamoat tovarlari” degan iqtisodiy termin bor. Ijtimoiy tovarlarning asosiy xususiyati shundayki, ularni kimdir iste’mol qilsa, kamayib qolmasligi kerak. Masalan, toza havodan bir inson foyda olsa, ikkinchi insonning havosini ifloslantirib qo‘ymaydi. Xuddi shunday, havo mudofaasi masalasida, agar sizning ustingizdan qandaydir qiruvchi samolyotlar uchmasa, boshqaning ustidan ham uchishini kamaytirib qo‘ymaydi. Aksincha, non yoki ozuq-ovqat kabi tovarlarni bir kishi iste’mol qilsa, ikkinchiga kamroq qolishi mumkin nazariy jihatdan. Ammo jamoat tovarlari ko‘pincha bunday emas.
Endi, shu narsalarni – jamoat tovarlarini kimdir yetkazib berishi kerak. Jamiyatda hammaga bundan manfaat bor, lekin hech kim bunga pul sarflagisi kelmaydi. Shuning uchun ham, jamiyatlar “o‘rtaga pul tashlaylik-da, o‘rtaga tashlagan pulimizni budjet, uni taqsimlash bilan shug‘ullanadigan tashkilotni parlament deb ataylik” degan.
Buni kichik darajada gaplashsak, masalan, bir podezd bor va unda nechtadir xonadon joylashgan. U xonadonlar pul yig‘ib, podezdni tozalashga kimnidir yollashi mumkin. Toza bo‘lgandan keyin, barcha xonadon a’zolari manfaat ko‘rishadi, hech kim zarar ko‘rmaydi. Lekin masalan, podezdni tozalashga pul to‘lamagan inson ham foyda olaveradi. Siz uni bundan cheklay olmaysiz. Shunday tovar va xizmatlari jamoat ne’matlari yoki tovarlari deb ataymiz. Ularni moliyalashtirish uchun yaratilgan institut – bu parlament”, – deydi Hoshimov.
Zamonaviy shakldagi parlamentlarning boshlanish nuqtasi – 1689 yilda Angliyada “Huquqlar to‘g‘risidagi bill”ning qabul qilinishi bo‘lgan. Bu hujjat qirol hokimiyatini cheklagani bilan ahamiyatli.
“O‘rta asrlarda Britaniya qiroli fuqarolariga xohlaganda soliq solar, xohlaganda urush boshlab, harbiy xarajatlar uchun puli bor insonlarni soliqqa tortar edi. Shunday vaqt kelib, lordlar va bir guruh odamlar kelishib, qirolning imkoniyatlarini cheklash uchun bir muassasa tashkil qilishgan va uning nomi parlament deyiladi. Parlamentning asosiy funksiyasi, birinchidan, kimni va qancha miqdorda soliqqa tortish haqida maslahatlashgan holda qaror qabul qilish bo‘lgan. Ya’ni qirol soliqlarni parlament bilan kelishishi kerak”, – deya hikoya qiladi suhbatdoshimiz.
Shu tariqa, soliq masalalari – parlamentning eng birlamchi funksiyasi hisoblanadi. Ijro hokimiyati faoliyatini nazorat qilish, barcha jabhalardagi qonunlarni qabul qilish kabi vakolatlar keyinchalik vujudga kelgan.
“Hozir parlamentlarning vakolatlari va ish ko‘lami juda keng. Lekin barcha demokratik mamlakatlarning konstitutsiyasida soliq masalalari faqatgina parlament vakolatidagi masala sifatida belgilangan. Boshqa bo‘g‘inlar, masalan, ijro hokimiyati yoki sudlar soliq solish yoki budjet taqsimlash vakolatiga ega emas”, – deydi Behzod Hoshimov.
Intervyuni to‘liq shaklda video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid

15:00 / 05.03.2025
Gurjiston parlamenti «Chet el agentlari» to‘g‘risidagi ikkinchi qonunni ma’qulladi

19:18 / 04.03.2025
Serbiyada muxolifat parlament yig‘ilishida tutun chiqaradigan shashkalarni uloqtirdi. Uch deputat jarohat oldi

12:09 / 20.02.2025
Senat diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ma’qulladi

17:47 / 15.02.2025