Jahon | 14:46 / 21.02.2025
3911
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik sayyohlar Yaponiyaga borib qor kurash uchun putyovka sotib olmoqda

Sayyohlik agentliklari daromad qilishning yangi yo‘lini o‘ylab topdi. Xitoy janubida yashovchilar uchun belkurakda qor tozalash nihoyatda qiziqarli mashg‘ulot sanaladi.

Foto: SCMP

Xitoyda yangi sayyohlik yo‘nalishi — Yaponiyaga borib, belkurak bilan qor tozalash ommalashmoqda. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Yaponiya sayyohlik agentliklari yangi yil arafasida xorijlik sayyohlar uchun maxsus dasturlarni ishga tushirdi. Ular qish atmosferasini chuqur his qilish uchun ko‘chalarni qordan tozalashni taklif qilmoqda.

Agentliklar Yaponiyaning Hokkaydo orolidagi Sapporo shahrida qor tozalash uchun sayyohlik turlarini sotib, daromad qilish yo‘lini o‘ylab topdi. U yerda yilning uchdan bir qismida harorat noldan past bo‘lib, qor uyumlarining balandligi besh metrgacha yetadi. Sayyohlarga belkurak bilan ishlashdan tashqari, qor tozalovchi mashinada yurish imkoniyati ham taklif etiladi. Turlar yanvar oyidan mart oyining oxirigacha amalda bo‘ladi. Narxi bir kishidan olti kishigacha bo‘lgan guruh uchun 1600 dollarni tashkil etadi.

Yanvar oyi oxiridan fevralgacha bo‘lgan davrda Xitoy chegarasini taxminan 7,7 million kishi kesib o‘tgan, xitoyliklarning katta qismi Yaponiyaga yo‘l olgan. O‘tgan yilga nisbatan ushbu mamlakatga sayohatlar soni ikki baravarga oshgan.

Xitoyning janubiy qismida istiqomat qiluvchilarning ta’kidlashicha, qor tozalash ular uchun qiziqarli mashg‘ulot, chunki bu yangi tajriba hisoblanadi. Sayyohlarning aksariyati umrida bunday ko‘p qorni ko‘rmagan, ayniqsa uni belkurak bilan tozalamagan.

Avvalroq Xitoyda “qorli qishloq” nomi bilan tanilgan kurort rahbariyati sayyohlarni yo‘qotmaslik uchun sun’iy qor yasagani ma’lum bo‘lgandi. Yangi yilni qishki muhitda nishonlamoqchi bo‘lgan xitoyliklar qishloqqa kelganida, paxta va polimer kukunidan yasalgan sun’iy qor uyumlariga duch kelgan.

Mavzuga oid