Jahon | 17:04 / 21.02.2025
10956
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Osiyodagi eng chuqur quduq burg‘ilandi

Quduq chuqurligi 10 kilometrdan oshadi. Bu Rossiyada qazilgan Kola superqudug‘idan keyin ikkinchi eng chuqur quduq.

Foto: Xinhua

Xitoy Takla-makon cho‘lidagi Shenditake-1 tadqiqot qudug‘ini burg‘ilashni yakunladi, uning chuqurligi Osiyoda rekord darajaga yetdi – 10 910 metr.

Loyiha 2023 yil 30 mayda boshlandi va deyarli ikki yillik mehnatni talab qildi. Dastlabki 10 000 metrni burg‘ilash uchun 279 kun, chuqurligi bir kilometrdan kam bo‘lgan oxirgi uchastkani burg‘ilash uchun esa 300 kundan ortiq vaqt kerak bo‘ldi. Bu jarayonda xitoylik muhandislar Xitoyda ishlab chiqilgan avtomatlashtirilgan burg‘ilash qurilmasi yordamida 12 geologik qatlamni bosib o‘tishdi.

Quduq nafaqat 10 km dan ortiq chuqurlikdan birinchi tosh namunalarini berdi, balki shov-shuvli kashfiyot ham qildi: 10851–10910 metr chuqurlikda birinchi marta neft va gaz izlari topildi. Bu global uglevodorod qazib olish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Bu Rossiyada qazilgan Kola Superqudug‘idan (12 265 metr) keyin dunyodagi ikkinchi eng chuqur quduqdir. Shenditake-1 bir nechta jahon rekordlarini o‘rnatdi, jumladan, eng chuqur qobiq sementatsiyasi va kabel datchiklari yordamida eng chuqur geofizik tadqiqot. Loyiha Yerning ichki tuzilishini o‘rganish va yangi energiya resurslarini izlashda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid