Jahon | 00:15 / 21.02.2025
4631
2 daqiqa o‘qiladi

Torontoda qo‘nish vaqtida ag‘darilib ketgan samolyot yo‘lovchilariga 30 ming dollardan pul taklif qilindi

Delta Airlines aviakompaniyasi vakilining ma’lum qilishicha, moliyaviy taklif «hech qanday shartlar bilan bog‘lanmagan». Bu yo‘lovchilar oldingidek aviakompaniyani sudga berishlari mumkinligini anglatadi.

Foto: AP

Torontoda qo‘nish vaqtida ag‘darilib ketgan Delta Airlines aviakompaniyasi samolyoti yo‘lovchilariga 30 ming dollardan kompensatsiya taklif qilindi, deb xabar beradi Euronews.

18 fevral kuni Bombardier CRJ 900 samolyoti noqulay ob-havo sharoitida Toronto aeroportiga qo‘nish vaqtida ag‘darilib ketgan va unda yong‘in chiqqan edi. Shunga qaramay, reysda bo‘lgan 76 nafar yo‘lovchi hamda to‘rt nafar ekipaj a’zolarining barchasi omon qolgan va ularning hammasiga kompensatsiya taklif qilingan. Shu bilan birga, Delta Airlines vakilining ma’lum qilishicha, moliyaviy taklif «hech qanday shartlar bilan bog‘lanmagan». Bu yo‘lovchilar oldingidek aviakompaniyani sudga berishlari mumkinligini anglatadi.

Agar yo‘lovchilarning barchasi tovon pulini olishga rozi bo‘lsa, aviakompaniya qariyb 2,3 million dollar to‘lashga majbur bo‘ladi.

Aviafalokat oqibatida 21 nafar yo‘lovchi jarohat olgandi. Ularning barchasi mahalliy shifoxonalarga yetkazilgan va 20 nafariga allaqachon javob berilgan.

Hodisa tasvirlangan videodan ko‘rish mumkinki, samolyot shu qadar qattiq qo‘nishni amalga oshirganki, uning o‘ng qanoti va dumi uzilib ketgan. Shundan so‘ng yong‘in boshlanib, havo kemasi uchish-qo‘nish yo‘lagida ag‘darilib ketgan.

Hozircha halokat sabablari aniq emas. Aviatsiya sohasidagi ekspertlarning fikricha, bunga yerdagi sharoit, uchuvchining qo‘nishdagi harakati va shassi bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid